Harbiy xizmatchilar va ularning oila a’zolarini ijtimoiy jihatdan qo‘llab-quvvatlash, ularni qiynab kelayotgan muammolarni o‘z vaqtida aniqlash va bartaraf etish, shuningdek, bo‘sh ish o‘rinlari bilan tanishtirish hamda ishga joylashishda amaliy yordam berish maqsadida Shimoli-g‘arbiy harbiy okrug va Nukus harbiy prokuraturasi tomonidan sayyor qabul tashkil etildi.
Qabul davomida ishtirokchilarning ijtimoiy, huquqiy va iqtisodiy yo‘nalishdagi murojaatlari tinglandi. Jumladan, xizmat davomida yoki undan keyingi davrda yuzaga kelayotgan uy-joy masalasi, bandlik, kredit va moddiy yordam, sog‘liqni saqlash, farzandlar ta’limi bilan bog‘liq muammolar yuzasidan murojaatlar batafsil ko‘rib chiqildi. Shuningdek harbiy xizmatni o‘tab bo‘lgan yoki xizmat faoliyatini olib borayotgan harbiy xizmatchilarning oilalari uchun hududdagi mavjud bo‘sh ish o‘rinlari haqida ma’lumot berildi.
Tadbir davomida Nukus harbiy prokurori tomonidan harbiy xizmatchilarning huquq va qonuniy manfaatlarini himoya qilish masalalariga alohida e’tibor qaratildi. Qonunbuzarlik holatlarining oldini olish, murojaatlar bilan ishlashda adolat va shaffoflikni ta’minlash borasida mutasaddilarga tegishli ko‘rsatmalar berildi.
Shimoli-g‘arbiy harbiy okrug qo‘mondonligi vakillari bunday sayyor qabullar harbiy xizmatchilar bilan bevosita muloqotni kuchaytirish, ularning muammolariga joyida yechim topish hamda ijtimoiy himoyani yanada mustahkamlashda muhim ahamiyat kasb etishini ta’kidlashdi.
[gallery-27295]
Yakunda murojaatlarning bir qismi joyida hal etildi. Qo‘shimcha o‘rganish talab etiladigan masalalar esa nazoratga olinib, ijrosi yuzasidan mas’ul idoralarga yo‘naltirildi.
Dovud Abibullayev, O‘zA muxbiri