Toshkent viloyatining Zangiota tumanidagi 21-son jazoni ijro etish muassasasida saqlanayotgan xotin-qizlar uchun Toshkent shahar hokimligi tomonidan ma’naviy-ma’rifiy tadbir hamda sayyor qabul o‘tkazildi.
Unda Toshkent shahar hokimi o‘rinbosari - Oila va xotin-qizlar boshqarmasi boshlig‘i Shahnoza Sultonova xotin-qizlarning jazo muddati tugaganidan keyin foydalanishlari mumkin bo‘lgan imkoniyatlari, xususan, kasbiy bilim olish va tadbirkorlik yo‘nalishlarida ko‘mak berish bo‘yicha ma’lumot berdi.

Tadbir madaniyat xodimlarining musiqiy chiqishlari bilan davom etdi. Muassasada saqlanayotgan ayollar va ularning farzandlariga esdalik sovg‘alari berildi. Boshqarma tomonidan tashkil qilingan qisqa muddatli tadbirkorlik kurslarida qatnashgan xotin-qizlarga sertifikatlar topshirildi.

Shuningdek, poytaxtlik xotin-qizlar bilan sayyor qabul o‘tkazilib, ularning muammolari tinglandi hamda amaliy yordam choralari belgilandi.
Tadbirdan so‘ng, muassasada yangi ta’mirdan chiqarilayotgan uchrashuv xonalari, oshxona va bolalar maydonchasi bilan tanishildi.


Tadbir yakunida xotin-qizlarni har tomonlama qo‘llab-quvvatlash, ularning hayotda munosib o‘rin egallashlari uchun keng sharoitlar yaratish bo‘yicha izchil ishlar davom ettirilishi ta’kidlandi.
Gulnoza Boboyeva, O‘zA