Buxoroda viloyat adliya boshqarmasi mutasaddi tashkilotlar bilan hamkorlikda mahallalarda sayyor qabul va huquqiy targ‘ibot tadbirlari o‘tkazmoqda.
Mazkur sayyor qabullarda tuman (shahar) adliya bo‘limlari, yuridik xizmat ko‘rsatish va davlat xizmatlari markazlari, notarius, ichki ishlar, aholi bandlikka ko‘maklashish markazlari va byudjetdan tashqari pensiya jamg‘armasi xodimlari qatnashmoqda.
Buxoro shahar “Sherbudin” mahalla fuqarolar yig‘inida o‘tkazilgan sayyor qabul va huquqiy targ‘ibot tadbiri hudud aholisining muammo va murojaatlarini hal qilish uchun qulay imkoniyat bo‘ldi. Masalan, fuqaro Latofat Ergashova mahallada bolalar maydonchasi qurib berish va ko‘chani yoritish uchun elektr toki bilan ta’minlashda amaliy yordam so‘radi. Adliya bo‘limi xodimlari o‘sha yerning o‘zida mutasaddi tashkilot xodimlarini qabulga jalb qilib, fuqaro murojaatini o‘rganish bo‘yicha ko‘rsatma berildi.

– Uy-joyga egalik huquqini tasdiqlovchi hujjatlarni yo‘qotib qo‘yganimni aytib, mazkur hujjatlarni qayta tiklash borasida murojaat qildim, – deydi “Sherbudin” mahalla fuqarolar yig‘inida yashovchi fuqaro Mavluda Akramova. – Buxoro shahar davlat xizmatlari markazi xodimlari o‘sha joyning o‘zida mendan ko‘chmas mulk ob’ektlariga bo‘lgan huquqlarni davlat ro‘yxatidan o‘tkazishga ariza oldi. Tez kunda muammo o‘z yechimini topadi.
Murojaatlarning aksar qismi uy-joyga egalik qilish bilan bog‘liq holatlar, ishga qabul qilish va tiklash, ustama to‘lovlarini undirib berish, tadbirkorlarning buzilgan huquqlarini tiklash, tug‘ilish, nikoh bilan bog‘liq bo‘ldi. Bundan tashqari, fuqarolarga tadbirkorlik qilish maqsadida yer ajratish, elektr ta’minoti, yo‘lni ta’mirlash, moddiy yordam, pensiya, mehnat va bandlik masalalari yuzasidan tushuntirishlar berildi.
Zarif Komilov, O‘zA