Ўзбек
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Sayyor qabul: Ishlashning yangicha tizimida murojaatlarga ijobiy yechim topilmoqda
09:34 / 2021-08-05

Arnasoyda Kadastr agenligi hamda Davlat kadastrlari palatasi Jizzax viloyati boshqarmalari tuman fuqarolari bilan ishlashning yangicha tizimi asosida sayyor qabul o‘tkazdi.

Joriy yilning 23 iyul kuni, aholi murojaatlari bilan ishlash tizimini yangicha tashkil qilish chora-tadbirlari bo‘yicha bo‘lib o‘tgan videoselektor yig‘ilishida Prezidentimiz, “Vazirlik va idoralar o‘z yo‘nalishida eng ko‘p kelib tushayotgan murojaatlarni tahlil qilib, ularga aniq yechimlar topishi shart” ekanini alohida ta’kidlab o‘tgan edi.  

Har ikkala boshqarma rahbar va xodimlari tomonidan murojaatlarni qayta ko‘rib chiqish orqali ularning ijobiy hal etilishiga alohida e’tibor qaratildi. Ayollarning murojaatlariga yechim topish alohida nazoratda.  

Bugun deyarli barcha davlat idoralari faoliyatida aholining murojaatlari bilan ishlash bo‘yicha sifat jihatidan mutlaqo yangi tizim yaratilib, joylarda o‘tayotgan sayyor qabullar xalqning dardini eshitish, ularning muammolarini hal etishda, shak-shubhasiz, kutilgan natijalarni bermoqda.  

Xalq bilan uchrashib, joylarga chiqib ularning dardiga quloq tutish, shu orqali aholining roziligiga erishish bugungi har bir rahbarning asosiy vazifasiga aylandi.  

Kadastr agenligi Jizzax viloyati boshqarmasi boshlig‘i Sh.Quqanboyev hamda Davlat kadastrlari palatasi Jizzax viloyati boshqarmasi boshlig‘i N.Sidiqov Arnasoy tumani hamda unga yaqin bo‘lgan Do‘stlik tumanining qo‘shni qishloq fuqarolari bilan ishlashning yangicha tizimiga asoslangan holda sayyor qabul o‘tkazdi.

Fuqarolarning murojaatlari atroflicha o‘rganib chiqildi. Unda 35 nafar fuqaro tomonidan hal etilishi kerak bo‘lgan muammolar tinglandi. Ushbu murojaatlarning 15 tasi shu joyning o‘zida hal etildi. Ijrosi vaqt talab etgan muammolar yuzasidan mutasaddilarga aniq vazifalar belgilanib, ijrosi yuzasidan muddat belgilandi va qat’iy nazoratga olindi.  

– Murojaatimizga ijobiy yechim umid qilib kelamiz, – deydi Arnasoy tumanida istiqomat qiluvchi Fotima Azizova. – To‘g‘risi, ushbu sayyor qabulga kelishimdan oldin, har galgidek, yozib olishadi, “Hal qilamiz”, deb shu bo‘yi qolib ketadi, deb o‘ylagan edim. Noto‘g‘ri o‘ylagan ekanman. Bir necha yillardan beri murojaat qilishimga qaramay uyimning kadastr hujjatlari hal etib berilmayotgan edi. Bu gal sayyor qabul yakunigacha hujjatlarni qo‘limga tutqazishdi.  

Darhaqiqat, xalq bilan muloqot, ularning dardu tashvishi bilan yashash eng asosiy maqsad. Zero, uning ro‘yobi yurtimiz ravnaqiga, uning yanada gullab-yashnashiga, fuqarolarning tinch, osuda, farovon hayot kechirishlariga va ertangi kunga ishonishiga xizmat qiladi.

[gallery-3293]

A.Qayumov, J.Yorbekov (surat), O‘zA