Ўзбек
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Sayyor qabul: har qanday muammoning yechimi bor
12:50 / 2021-07-28

Andijon viloyati hokimining birinchi o‘rinbosari Otabek Tursunov ishtirokida Asaka tumanining Birlik, Do‘stlik, O‘zbekiston, Shodlik, Zanken, Olaqanot, Axtachi hamda Navoiy mahallalarida sayyor qabullar o‘tkazildi.

Tuman hokimi, sektor rahbarlari, “Xalq qabulxonasi” mudiri hamda turli tashkilot va muassasalar rahbarlari ishtirokda etgan tadbirlarda ko‘plab fuqarolar o‘zlarini qiynayotgan masalalar yuzasidan murojaat qildi. Murojaatlarning aksariyatini uy-joy olish, gaz, suv, elektr energiyasi ta’minoti, ishga joylashish, imtiyozli bank krediti, davolanish uchun yo‘llanma olish, tadbirkorlikni rivojlantirish, yer ajratish kabi masalalar tashkil etdi. E’tiborli jihati, qabul jarayonida shaxsiy muammolardan ko‘ra jamoa, mahallaga taalluqli muammolar bilan qilingan murojaatlar salmoqli o‘rin egalladi.

[gallery-3220]

– Mahallamizning Yuqori, Quyi va O‘rta Oloqanot ko‘chalarida yashovchi aholini ko‘p yillardan buyon ichimlik suvi masalasi qiynab keladi, – deydi Olaqanot mahalla fuqarolar yig‘ini raisi Solijon Yunusov. – Sayyor qabulda mahalla vakillari mazkur muammoni ijobiy hal etilishiga yordam ko‘rsatilishini so‘rab murojaat qildi. Mutasaddilarga rahmat, muammo shu joyning o‘zida hal etildi. Viloyat hokimining birinchi o‘rinbosari mutasaddilarga tegishli topshiriqlar berdi. Shu kuniyoq ikkita quduq kovlandi. Quduqdan chiqqan suv ekspertizadan o‘tkazilib, iste’molga yaroqli, deb topildi. Endi ko‘chalarimizga suv tarmog‘i tortilsa, 4 ming 700 nafardan ziyod aholi yashaydigan mahallamizda ichimlik suvi muammosi bartaraf etiladi.

Murojaatlar bilan ishlashning samarali tizimi shakllanganligi, murojaatlarning aksariyati shu joyning o‘zida hal etilganligi fuqarolarni behad quvontirdi. Birlik mahallasida yashovchi Xabibaxon Maribjonova tibbiyot kollejini kontrakt asosida tamomlab, Asaka tumanida joylashgan sil kasalliklari dispanserida uch yildan buyon hamshira bo‘lib ishlab kelgan. Shu yil boshida diplomi to‘g‘ri kelmaydi, degan vaj bilan ishdan bo‘shatilgan. Sayyor qabulda X. Maribjonovaning o‘z ishiga tiklanish yuzasidan qilgan murojaati ijobiy hal etildi. U o‘z ishiga tiklanadigan bo‘ldi.

Qabulda hal etilishi ma’lum muddat, mablag‘, shuningdek, o‘rganish talab etiladigan masalalarni hal etish va o‘rganish yuzasidan mutasaddi tashkilotlar rahbarlariga topshiriqlar berilib, ijrosi nazoratga olindi.

 

F. UBAYDULLAEV,

Z. UMRZOQOV (surat),

O‘zA