Sirdaryo viloyati Xovos tumani “Qayirma” mahallasida viloyat hokimi o‘rinbosarlari hamda tuman sektor rahbarlari tomonidan o‘tkazilgan sayyor qabulda uyma-uy yurgan holda hududdagi ahvol, yechimini kutayotgan muammolar o‘rganildi.
Uyma-uy yurish, “mahallabay” o‘rganish davomida asosan, sog‘liqni saqlash, uy-joy kadastri, yo‘llarni ta’mirlash, toza ichimlik suvi bilan ta’minlash, kommunal va ekologiya masalalariga oid murojaatlar kelib tushdi.

Shundan so‘ng har bir murojaat bo‘yicha sohalar kesimidagi viloyat rahbarlari fuqarolarga izoh berdi va muammolarni hal etish bo‘yicha aniq muddat belgilandi.
Unga ko‘ra, ushbu mahallada sentyabr oyiga qadar barcha elektr ustunlari va yaroqsiz elektr simlari to‘liq almashtiriladigan, gaz ta’minotiga ulanmagan xonadonlarning barchasi avgust oyi yakuniga qadar tarmoqqa ulanadigan, ichimlik suvi bo‘yicha qilingan murojaatlar esa 2 hafta muddatda ijobiy hal etiladigan bo‘ldi.

Shuningdek, mahalla hududidagi 11,2 km ichki yo‘llar IV-chorak yakuniga qadar Osiyo taraqqiyot banki mablag‘lari hisobidan ta’mirlanadigan bo‘ldi.
Uy-joy hujjatlari bilan bog‘liq masalalar vaqt talab qilgani bois mas’ullar tomonidan nazoratga olindi.
Shuhrat Suyarov, O‘zA