Қазақ
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Sayyor qabul: fuqarolarning muammolari hal etildi
16:34 / 2022-06-06

Andijon viloyati Baliqchi tumani Kattabuloq mahallasida "Adliya mahallada" shiori ostida fuqarolar uchun sayyor qabul o‘tkazildi.

Andijon viloyati adliya boshqarmasi tashabbusi bilan tashkil etilgan sayyor qabulda fuqarolar o‘zlarini qiynayotgan muammolar, turli masalalar bo‘yicha murojaatlari bilan ishtirok etdi. Murojaatchilarning aksariyat muammolari shu yerda ijobiy hal etildi. 

– Turmush o‘rtog‘im bilan shar’iy nikoh asosida yashab kelardik, – deydi fuqaro Fotima Qodirova. – Shu davr mobaynida farzandlik bo‘ldik. Yaqinda esa erim bilan qonuniy nikohdan o‘tdik. Endi o‘g‘limning otaligini belgilash masalasi yuzaga keldi. Qabulda adliya mutaxassislariga ana shu masalani hal etishda yordam berishini so‘rab murojaat qildim. Ular menga huquqiy tushuncha berdi, jarayonni qonuniy amalga oshirishga yordam berishadigan bo‘ldi. 

Sayyor qabul davomida qonunchilikdagi yangiliklar haqida ma’lumotlar, shuningdek, nogironligi bo‘lgan shaxslar, ijtimoiy himoyaga muhtoj oilalar, yolg‘iz keksalarga yordam berish tartiblari hamda fuqarolarning pensiyaga chiqishida ish stajini hisoblash, xodim va ish beruvchi o‘rtasidagi mehnat munosabatlari to‘g‘risida fuqarolarga huquqiy tushunchalar berildi. 

F.UBAYDULLAEV, 
Z.UMRZOQOV (surat), O‘zA