Surxondaryo viloyati hokimi To‘ra Bobolovning hududlarda ochiq muloqotlari davom etmoqda.
Sho‘rchi tumanida bo‘lib o‘tgan ommaviy qabulda ham fuqarolar yo‘llarni ta’mirlash, elektr energiya ta’minoti, uy-joyni ta’mirlashga ko‘maklashish, sog‘ligini tiklash, moddiy yordam ko‘rsatish kabi masalalarni o‘rtaga tashladi.
Unda Qumqo‘rg‘on tumanidagi “Ketmon” qishlog‘idan bir guruh nuroniylar murojaat etib, hududdagi 4R105 avtomobil yo‘li bir necha oy muqaddam asfalt yotqizish uchun tosh-shag‘al to‘kilgani, biroq hozirgacha asfalt yotqizilmagani uchun avtomobillar harakatida noqulayliklarni yuzaga keltirayotganini ma’lum qildi.
Murojaatni o‘rgangan viloyat rahbari mutaxassislarga xom ashyo bilan bog‘liq masalani hal etib berdi. Ta’mirlash ishlari yakuniga yetkazilmagan avtomobil yo‘liga ikki kun ichida asfalt yotqiziladigan bo‘ldi.

Sho‘rchi tumanidagi Alisher Navoiy nomli mahallada yashovchi Aziza Otaboyevaning oilaviy sharoiti og‘irligi sababli uy-joyini ta’mirlashga ko‘maklashishda yordam so‘rab qilgan murojaati ham yechimini topdi. Homiylik asosida qurilish materiallari bilan ta’minlashga kelishib olindi. “G‘armaqo‘rg‘on” mahallasida elektr energiyasi tarmog‘idagi nosozliklar aholida jiddiy tashvish uyg‘otayotgan edi. Bir guruh fuqarolar ana shu muammoni hal etish yuzasidan murojaat etdi. Masala mutaxassisilar ishtirokida muhokama etilgach, bir oyda mahalla hududidagi bir yarim kilometr masofaga yangi elektr energiyasi liniyasini tortish bo‘yicha tegishli topshiriq berildi.

“Ezgulik” mahallasida yashovchi Feruza Kamolovaning ko‘chaga 4 dona beton ustun, “Baxshitepa” mahallasida yashaydigan Yulduz Bekmurodovaning hisoblagich o‘rnatish masalasidagi murojaatlari ham qanoatlantirildi.
– Ikki farzandni yolg‘iz o‘zim katta qilyapman, – deydi Sho‘rchi tumanidagi Do‘stlik mahallasida yashovchi, boquvchisini yo‘qotgan Ulg‘iza Sheraliyeva. – Oliy ta’lim muassasasida o‘qiyman. Yangi o‘quv yili uchun kontrakt pulini to‘lashga qurbim yetmay turibdi. Shu masalada viloyat hokimiga uchrashdim. Murojaatim joyida hal etildi.

Sayyor qabulda sog‘ligini tiklashga ko‘maklashishni so‘ragan 11 fuqaroning murojaatini viloyat sog‘liqni saqlash boshqarmasi mutasaddilari hal etdi. Ularning 7 nafariga davolanishi uchun order, 4 nafariga zarur dori vositalari berildi.
Yuzma-yuz, ochiq muloqotda fuqarolarning 152 ta murojaati tinglanib, 39 tasi joyida yechimini topdi. Vaqt talab etadigan masalalar yuzasidan aniq muddat belgilanib, ijrosi nazoratga olindi.
Xolmo‘min Mamatrayimov, O‘zA