Arabic
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Sayyor qabul aholi uchun qulay va samarali
12:09 / 2022-09-30

Sayyor qabul o‘tkazish tizimi fuqarolarning muammolarini joyida o‘rganish va ijobiy hal etish, muhim ma’lumotlar va qonunchilikdagi yangiliklarni aholiga yetkazishda muhim ahamiyat kasb etmoqda.

Navoiy viloyati Xatirchi tumani “Angidon” mahallasida Adliya boshqarmasi mutasaddilari ishtirokida  o‘tkazilgan sayyor qabulda ham aholini qiynayotgan muammolar yuzasidan fikr almashildi. 

“Angidon” ning so‘lim tabiati har qanday kishini o‘ziga maftun etadi. Shuning uchun mahalliy aholi uni ikkinchi Shvetsariyaga qiyoslaydi. Bu yerda aholi asosan chorvachilik va dehqonchilik bilan shug‘ullanadi. Mahalladagi 500 ga yaqin oilada 2 ming   nafardan ziyod aholi istiqomat qiladi. 45 nafar xotin-qiz “Ayollar daftari” ga kiritilgan.

Mutasaddilar sayyor qabulni ana shu ro‘yxatdagi fuqarolarni qiziqtirgan masalalar va ularni qiynayotgan muammolar bilan tanishishdan boshladi. Har kimning masalasi o‘ziga xos. Kimdir uy-joy dardida, kimdir salomatligini tiklash, yana birov moddiy yordam, huquqiy ko‘mak olish istagi bilan qabulga kelgan. Bundan tashqari, yo‘l ta’miri, internet tarmog‘idagi uzilishlar, aliment undiruvi, ish stajini tiklash, tadbirkorlik sub’ekti ochish va mehnat munosabatlariga oid masalalarga e’tibor qaratildi. 

Sayyor qabullarning ahamiyatini tumanning “Oltinsoy” hududida adliya bo‘limi tomonidan muammosi hal etilgan bir guruh  fuqarolar misolida ham ko‘rish mumkin. Gap shundaki mazkur hududda o‘tkazilgan qabulda “Oltinsoy” shirkat xo‘jaligining faoliyati 2017 yilda tuman hokimi qarori asosida tugatilgani, o‘sha davrda tashqi qarzlar qoplangan bo‘lsada 72 nafar xo‘jalik a’zosining pay ulushlari to‘lanmaganini bildirib murojaat qilingan. 

Prezidentimizning 2017 yil 16 martdagi “Chorvachilikda iqtisodiy islohotlarni chuqurlashtirishga doir qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida” gi qarorida faoliyati tugatilgan shirkat xo‘jaligi a’zolarining pay ulushlari egalariga taqsimlanishi nazarda tutilgan. Shunga ko‘ra, adliya bo‘limi tomonidan sudga da’vo arizasi kiritilib, xo‘jalik a’zolarining 400 million so‘mga yaqin ulushlari olib berildi.
 

A.Bo‘riyev, 
O‘zA