Sayyor profilaktika avtobusi safarga chiqdi
Jizzax viloyati ichki ishlar boshqarmasi jinoyatchilik va huquqbuzarliklarning oldini olishda ilg‘or ish usullari va zamonaviy axborot texnologiyalaridan samarali foydalanilayotir.
Jizzax viloyati ichki ishlar boshqarmasi jinoyatchilik va huquqbuzarliklarning oldini olishda ilg‘or ish usullari va zamonaviy axborot texnologiyalaridan samarali foydalanilayotir. Yaqinda shu usulda “Sayyor profilaktika avtobusi” faoliyati yo‘lga qo‘yildi.
Huquqiy-psixologik yordam ko‘rsatish va reabilitatsiya qilishni kuchaytirish maqsadida tashkil etilgan “Sayyor profilaktik avtobusi” kompyuter, televizor, huquqiy adabiyotlar, konditsioner bilan jihozlanib, qulay ish sharoiti yaratilgan. Avtobusda ichki ishlar organlari, fuqarolik sudi, adliya boshqarmasi, xotin-qizlar qo‘mitasi, diniy idora, “Mahalla” xayriya jamoat fondi vakillari hamda psixolog bo‘lgan guruh joylarga chiqib, aholiga ruhiy va huquqiy ko‘mak ko‘rsatmoqda.
Avtobusni tegishli tartibda jihozlash, psixologik va huquqiy ko‘mak ko‘rsatuvchi mutaxassislar bilan ta’minlash viloyat hokimligi tomonidan amalga oshirildi.
Huquqbuzarliklarning oldini olishda profilaktika ishlarini kuchaytirish maqsadida tashkil etilgan sayyor avtobus, avvalo, kriminogen vaziyat murakkab bo‘lgan hududlarga yo‘naltirilmoqda.
Sayyor avtobusning dastlabki safari Sharof Rashidov tumanining Xayrobod mahallasiga uyushtirildi. Muloqotlar davomida oilaviy kelishmovchiliklar, qo‘shnilar o‘rtasidagi nizolar bilan birgalikda hudud aholisini qiynayotgan bir qator muammolar ko‘tarildi. Ularning asosiy qismi mutaxassislar tomonidan joyiga chiqib o‘rganildi.
Viloyatda huquq-tartibotni ta’minlashda, jinoyatchilik va huquqbuzarliklarning barvaqt oldini olishda, sodir etilganlarini tezkorlik bilan ochishda ilg‘or uslub va texnologiyalardan foydalanilish yaxshi samara bermoqda. Buni joriy yilning sakkiz oyida jinoyatlar soni 2018 yilning shu davriga nisbatan bir necha foizga kamayganida ham ko‘rish mumkin.