Navoiy viloyatining Konimex tumanida Oliy Majlis Senati Raisi Tanzila Narbayeva rahbarligida Korrupsiyaga qarshi kurashish bo‘yicha milliy kengashning sayyor majlisi bo‘lib o‘tdi.
Unda viloyatda jinoyatchilik va korrupsiyaga qarshi kurashish bo‘yicha amalga oshirilayotgan ishlar, mavjud muammolar va ularni bartaraf etish yo‘llari atroflicha tahlil qilinib, ayrim hududlarda huquqbuzarliklar sonining ortib borayotgani va aholining huquqiy savodxonligi yetarli emasligi alohida ta’kidlandi.

Ma’lumotlarga ko‘ra, 2024 yilda viloyatda jami 4 ming 120 ta jinoyat qayd etilgan bo‘lib, ularning 1 ming 289 tasi oldini olish mumkin bo‘lgan jinoyatlar, 1 ming 021 tasi aniqlash imkoniyati mavjud jinoyatlar, va 1 ming 810 tasi esa axborot texnologiyalariga bog‘liq jinoyatlardir. Korrupsiyaviy jinoyatlar sog‘liqni saqlash va bank tizimida ko‘proq aniqlangan.


Yig‘ilishda huquqni muhofaza qiluvchi organlar, mahalliy hokimliklar va fuqarolik jamiyati institutlari o‘rtasidagi hamkorlikni yanada kuchaytirish zarurligi ta’kidlanib, aholi bilan tizimli ish olib borish, huquqiy madaniyatni oshirish va jinoyatchilikning ildiziga qarshi kurashish borasida takliflar bildirildi.
A.Bo‘riyev, O‘zA muxbiri