Kuni kecha Jizzax viloyatining Sharof Rashidov tumanida Oliy Majlis Senati Raisi Tanzila Norboyeva boshchiligida Korrupsiyaga qarshi kurashish bo‘yicha milliy kengashning sayyor majlisi bo‘lib o‘tdi.
Unda viloyat, shahar tuman hokimlari va ularning o‘rinbosarlari, huquq-tartibot idoralari, Oliy Majlis va mahalliy Kengashlar deputatlari, mutasaddi tashkilotlarning rahbar va mas’ullari onlayn va offlayn tarzda ishtirok etishdi.

Majlisda viloyatdagi jinoyatchilik holati va korrupsiyaga qarshi kurashish borasida amalga oshirilayotgan ishlar hamda mavjud muammolarning asosiy sabablari tahlil qilindi.
Jinoyatchilik va huquqbuzarliklarni kamaytirish, profilaktika chora-tadbirlarini kuchaytirish, mahallalarda xavfsizlikni ta’minlash hamda aholining huquqiy ongi va madaniyatini oshirishga qaratilgan istiqbolli reja va choralar belgilandi.

Tadbir davomida jinoyatchilikning oldini olishda huquqni muhofaza qilish organlari, mahalliy hokimiyat va jamoatchilik o‘rtasidagi hamkorlikni kuchaytirish, jinoyatchilikka qarshi tizimli va manzilli yondashuvni shakllantirish zarurligi qat’iy ta’kidlandi. Aholining huquqiy savodxonligini oshirish, kiberxavfsizlik madaniyatini rivojlantirish, yoshlar va ayollar bilan profilaktik ishlarda yangicha mexanizmlarni joriy etish bo‘yicha mutasaddilar zimmasiga aniq vazifalar yuklatildi.
Shuningdek, majlisda korrupsiya holatlari bo‘yicha muhokama ham tanqidiy ruhda o‘tdi. Jumladan, kadrlarni ishga qabul qilishda noqonuniy talablar qo‘yilishi, manfaatlar to‘qnashuvi, ochiqlik va oshkoralikning yetishmasligi, davlat xaridlarida shaffoflikning ta’minlanmaganligi kabi salbiy holatlar tanqid ostiga olindi. Davlat xizmatchilarining tadbirkorlik bilan noqonuniy shug‘ullanishi va manfaatlar to‘qnashuvidan darak beradigan boshqa holatlarga ham e’tibor qaratildi.

Kadrlarni ochiq va oshkora tanlov asosida saralash, aholining huquqiy ongi va madaniyatini oshirish, jinoyatchilik profilaktikasini kuchaytirish, axborot tizimlaridan samarali foydalanishni ta’minlash, sog‘liqni saqlash va ta’lim sohalarida korrupsiyani kamaytirishga doir aniq vazifalar belgilab berildi.
Shuningdek, Jizzax viloyatida jinoyatchilik va korrupsiyaga qarshi kurashish bo‘yicha amalga oshirilayotgan ishlar ustidan doimiy nazorat olib borish, “Yo‘l xaritasi” asosida aniq mexanizmlarni joriy etish, aholining huquqiy ongini yuksaltirish bo‘yicha tizimli ishlarni davom ettirish lozimligi ta’kidlandi.
Yig‘ilish yakunida o‘z vazifasiga mas’uliyatsizlik bilan yondashgan ichki ishlar organlari rahbarlariga, shuningdek, xotin-qizlar, maktabgacha va maktab ta’limi, sog‘liqni saqlash hamda banklar sohasidagi rahbarlarga intizomiy jazo choralarini ko‘rish, zarur hollarda esa lavozimdan ozod qilishga doir ko‘rsatmalar berildi.
Korrupsiyaga qarshi kurashish bo‘yicha milliy kengashning sayyor majlisida Jizzax viloyat hokimi vazifasini bajaruvchi Ulug‘bek Mustafoyev so‘zga chiqdi.
A.Qayumov, J.Yorbekov (surat), O‘zA muxbirlari