Mamlakatimizda aholining har bir qatlamiga qulay shart-sharoit yaratish, davlat xizmatlarini tez, shaffof va fuqarolarga yaqin tarzda taqdim etish davlat siyosati darajasidagi ustuvor yo‘nalishlardan biriga aylandi.
Shu maqsadda Sardoba tuman davlat xizmatlari markazi tomonidan navbatdagi sayyor davlat xizmatlari aksiyasi Yurtdosh va Quyitosh mahallalarida istiqomat qiluvchi nogironligi bo‘lgan fuqarolar uchun tashkil etildi.
Tadbir davomida fuqarolar kadastr hujjatlarini rasmiylashtirish, elektron raqamli imzo kalitini olish, nafaqa miqdori to‘g‘risidagi ma’lumotni hamda sudlanmaganlik haqidagi ma’lumotnomani tez olish imkoniyatiga ega bo‘ldilar. Barcha xizmatlar fuqarolarning o‘z uylari yonida, qulay shart-sharoitda ko‘rsatildi.

– Sayyor xizmatlarning asosiy maqsadi aholiga qulaylik yaratish, ularning murojaatlarini joyida hal etishdir. Ayniqsa, imkoniyati cheklangan fuqarolar uchun bu xizmatlar juda katta ahamiyatga ega. Ular endilikda zarur hujjatlarni olish uchun uzoq masofalar bosib o‘tishiga hojat qolmaydi, – deydi tuman davlat xizmatlari markazi xodimi Abdug‘ani Xolboyev.
Fuqarolar ham bu kabi sa’y-harakatlardan xursand bo‘lishdi.
– Bunday qulaylik yaratilayotganidan juda xursandman. Hujjatlarimni o‘z uyim yonida rasmiylashtirish men uchun katta yengillik bo‘ldi. Bu tashabbus biz, nogironligi bo‘lgan shaxslar uchun haqiqiy yordamdir, – deydi Yurtdosh mahallasi fuqarosi Jumaboy Mahkamov.
G‘ulom Primov, O‘zA