“Hududiy elektr tarmoqlari” aksiyadorlik jamiyati Qoraqalpog‘iston hududiy filiali rahbariyati va kasaba uyushmasi qo‘mitasi tomonidan ham jamoatchilik a’zolarining bo‘sh vaqtlarini mazmunli o‘tkazishga e’tibor berilmoqda.
O‘tgan dam olish kunlari filial xodimlari va nuroniylar uchun Taxtako‘pir tumanida joylashgan “Qora teran” sayyohlik markaziga sayohat tashkil etildi.

Davlatimiz rahbari tashabbusi bilan mamlakatimizda ichki turizmni rivojlantirishga juda katta e’tibor qaratilmoqda. Buning natijasida yurtdoshlarimiz mamlakatimizning juda ko‘p tarixiy va madaniy yodgorliklari, boshqa diqqatga sazovor joylari bilan yaqindan tanishish imkoniyatiga ega bo‘lishmoqda.
Filialda faoliyat yuritayotgan 30 nafardan ortiq xodim yangi ochilgan majmuada yaratilgan sharoitlar bilan yaqindan tanishib, ushbu ko‘l va sayyohlik markazining barpo etilishi tarixi haqida ma’lumotlarga ega bo‘lishdi.
Qariyb 18 kilometr uzunlikka ega bo‘lgan ushbu ko‘l hududdagi eng chuqur suv havzalaridan hisoblanib, o‘zining betakror tabiatiga ega. Uning yonginasida joylashgan Bo‘rshitov tog‘i ham bu yerga kelgan har bir insonni o‘ziga rom etadi. Sayohat xodimlarda katta taassurot qoldirdi.
Dovud Abibullayev, O‘zA