Chinese
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Sayyohlik borasidagi bilimlarni oshirishga bag‘ishlandi
16:09 / 2015-08-29

Poytaxtimizda turizm sohasi, xususan, mehmonxona xo‘jaligi mutaxassislari tayyorlashga ixtisoslashgan kasb-hunar kollejlari va oliy o‘quv yurtlari o‘qituvchilari uchun seminar-trening bo‘lib o‘tdi.

Poytaxtimizda turizm sohasi, xususan, mehmonxona xo‘jaligi mutaxassislari tayyorlashga ixtisoslashgan kasb-hunar kollejlari va oliy o‘quv yurtlari o‘qituvchilari uchun seminar-trening bo‘lib o‘tdi.

Tadbir "O‘zbekturizm" milliy kompaniyasi Respublika ilmiy-o‘quv konsalting markazi tomonidan Germaniya xalqaro hamkorlik jamiyatining (GIZ) mamlakatimizdagi vakolatxonasi bilan hamkorlikda tashkil etildi.

Bozor iqtisodiyoti sharoitida yuqori malakali kadrlar mehmonxona xo‘jaligini rivojlantirishda muhim o‘rin tutishi ta’kidlandi. Soha uchun mutaxassislar tayyorlash jarayonida o‘qituvchilardan puxta bilim va ko‘nikma, zamon bilan hamqadam bo‘lish, sayyohlik sohasini keng bilish hamda o‘qitishning zamonaviy usullarini qo‘llash talab etiladi.

Ikki kun davom etgan treningda sayyohlarga xizmat ko‘rsatishning xalqaro standartlari xususida ham fikr almashildi. Ishtirokchilar interfaol usulda o‘tgan seminarda turli taqdimotlar, mashg‘ulotlar, savol-javob hamda sayyor tadbirlar orqali kerakli nazariy va amaliy bilimlarga ega bo‘ldi.

– O‘quv muassasamizda mehmonxona biznesi yo‘nalishi ikki yil avval ochilgan bo‘lib, joriy yilda ilk o‘quvchilarimiz uchinchi bosqichga o‘tdi, – deydi Qo‘yliq maishiy xizmat kasb-hunar kolleji o‘qituvchisi Go‘zal Sobitova. – Shu sababli biz, o‘qituvchilar, sayyohlik xizmatlari bozori, mehmonxona xo‘jaligini chuqurroq o‘rganishimiz, o‘quvchilarga ta’lim berishni ilg‘or texnologiyalar asosida tashkil etish ko‘nikmalariga ega bo‘lishimiz lozim. Bugungi trening ishtirokchilar malakasini yanada oshirishga ko‘maklashdi.

Ishtirokchilarning fikricha, seminar-trening doirasida foydali sayyor tadbirlar o‘tkazilgani, o‘qituvchilar poytaxtimizdagi «City Palace», «Shodlik Palace», «Miran International» kabi mehmonxonalar bilan yaqin aloqa o‘rnatgani ayni muddao bo‘ldi. Bu o‘quvchi va talabalar ishlab chiqarish amaliyotini o‘tashi, kelajakda ishga joylashishiga xizmat qiladi.

– Bugungi tadbir juda samarali va qiziqarli, o‘qituvchilarning faol ishtirokida o‘tganini alohida ta’kidlamoqchiman, – deydi turizm va mehmonxona biznesi bo‘yicha xalqaro ekspert germaniyalik Ayke Otto. – Men jahonning o‘ttizdan ortiq mamlakatida trening o‘tkazganman. Navbatdagi tadbir Buyuk ipak yo‘lidagi muhim ahamiyatga ega mamlakat – O‘zbekistonda tashkil etilganidan xursandman. Ishtirokchilarga xalqaro andozalar va milliy jihatlarni o‘zida uyg‘unlashtirgan amaliy tavsiyalar berildi.

Ushbu seminar-trening Germaniya xalqaro hamkorlik jamiyatining O‘zbekistondagi vakolatxonasi bilan hamkorlikda amalga oshirilayotgan qo‘shma loyiha doirasidagi tadbirlarning birinchisidir. Shunday treninglarni mamlakatimizning boshqa hududlarida ham tashkil etish ko‘zda tutilgan.

Trening yakunida barcha ishtirokchilarga sertifikatlar topshirildi.