Buxoro asrlar davomida ilm-fan, hunarmandchilik va madaniyatning qudratli markazi bo‘lib kelgan. Ayni damda ham bu qadim shahar yana bir bor jahon diqqat-e’tiborini o‘ziga qaratmoqda. Buxoro xalqaro biyennalesi madaniyat, san’at, madaniy merosimiz targ‘ibotida muhim ahamiyat kasb etmoqda.
Nafaqat mamlakatimiz, balki Markaziy Osiyo tarixida ilk bor o‘tkazilayotgan Buxoro biyennalesi boshlanganiga qirq kun bo‘ldi. Shu o‘tgan vaqt oralig‘ida mazkur loyiha tarix va zamonaviy san’at, hunarmandchilik va gastronomiyani uyg‘unlashtirgan ko‘p qirrali yirik madaniy tashabbus sifatida dunyo ijodkorlarining asosiy diqqat markazida bo‘lmoqda.
O‘zbekiston Madaniyat va san’atni rivojlantirish jamg‘armasi tashabbusi bilan tashkil qilingan ko‘rgazmalar qadim obidalarga o‘zgacha ruh bag‘ishlayotgandek. Yorug‘lik, ovoz, interaktiv texnologiyalar va turfa ob’ektlar asosida yaratilgan asarlar tomoshabinni hayratga solishda davom etmoqda.
Bir maydonda konsert sadolari yangrasa, boshqasida rassomlar asarlari ko‘zni quvnatadi, yana bir yerda ijodkorlarning mahorat darslari ustidan chiqasiz. Biyennaleda bir necha asrlik tarixga ega, ammo, ma’lum sabablarga ko‘ra vohada yo‘qolish arafasida bo‘lgan 16-asrda keng tarqalgan kitobot va Abro‘ san’ati targ‘ibotiga ham keng o‘rin berilgan.
– Bu mahorat darslari nafaqat bizning sayyohlarimizga, mana shu installyatsiyalarni ko‘rishga kelayotgan tomoshabinlarda ham juda bir qiziqish uyg‘otdi, – deydi rassom Davlat Toshev. – Bu qanday qilib suvni ichida chiziladi. Nima uchun ranglar cho‘kmasdan o‘z shaklini saqlab qoladi. Ranglarning uyg‘unligini qanday qilib chizyapsiz degan savollar bo‘lyapti. Ularga mana shu narsani tabiiyligini ko‘rsatib berish, uslub osonligini his etish uchun har bir inson mana shu o‘z ruhiyatidan kelib chiqqan holda suvga chizar ekan bu narsa hech qachon takrorlanmaydi. Bu insonni ruhiy jihatdan bosiqlikka chorlaydi. Bu juda qiziqarli va hozirgi kunda mana shu biyennale doirasida ko‘radigan bo‘lsam har kun deyarli tomoshabinlarning ortishi davom etyapti.
Buxoro biyennalesi YUNESKOning Umumjahon merosi ro‘yxatiga kiritilgan ko‘plab osori atiqalar joylashgan hududda tashkil qilinishida ham ramziy ma’no bor. E’tiborlisi, bu yerdagi ayrim yodgorliklar uzoq yillardan so‘ng ilk bor sayyohlar uchun o‘z eshigini ochdi. Shu bilan birga ulardagi o‘tmish qaytalanishini ifoda etish maqsadida karvonsaroylarda, xonaqohlarda, muzeylarda Buxoro shashmaqomi ham alohida jarang sochyapti.
– Xalqaro biyennale festivalida bir necha konsert dasturlari tashkil etilgan, – deydi xonanda Mehriniso Samiyeva. – Buxoro shashmaqomidan asarlar ijro etyapmiz. Xalq kuylari bilan ijro etiladigan asarlar, qolaversa, Buxoro folklorlari ya’ni “Buxorcha” xalq qo‘shiqlaridan kuylayapmiz. Konsert dasturlarimizni har bitta kelgan chet ellik mehmonlar tinglab, dam olyapti.
Xalqaro ko‘rgazmaning har bir eksponati o‘ziga xosligi, ramziy ma’nolar kasb etishi bilan diqqatni tortmoqda. Bugina emas, dunyoning turli davlatlaridan kelgan musavvirlar, hunarmandlar, dizaynerlar, san’atkorlar, soha mutaxassislari uchun Buxoro biyennalesi muloqot maydoni vazifasini ham o‘tamoqda.
[gallery-25831]
– Bu yerdagi san’at asarlari juda ajoyib va ta’sirli, – deydi Koreya Respublikasidan kelgan sayyoh Kim Kiduk. – Ularni tomosha qilganda xotirjamlikni his qildim. Barcha san’at asarlari nazarimda shunday. Buxoro sehrli va tarixiy shahar. Men Buxoroda zamonaviy san’at ko‘rgazmasini ko‘rib, nihoyatda hayratlandim. Odatda Buxoroda deganda faqat tarix qadimiy binolar esga tushadi. Ammo, bu yerda zamonaviy rassomchilik asarlarini ko‘rib ularning ham naqadar yuksak saviyada yaratilganligiga guvoh bo‘ldim.
Biyennale Buxoroning 14 ta qadimiy ob’ektida tashkil etilgan. Ammo, uning qamrovi 500 dan ortiq asori atiqalarga ko‘chib o‘tgandek. Bundan kelib chiqib aytish mumkinki, yana bir oydan ko‘proq vaqt davom etadigan san’at festivali hech shubhasiz qadim shahar dovrug‘ini yanada oshirishga xizmat qiladi.
Zarif Komilov, Tohirjon Istatov (surat), O‘zA muxbirlari.