Yurtimiz go‘zal go‘shalari bilan sayyohlarni har doim o‘ziga jalb qilib kelgan. Tarixiy obidalari, betakror tabiati, hayvonot dunyosi va faunasi bilan ajralib turadi.
Ayniqsa, yurtimizning tog‘li hududlaridagi ekoturizm va dam olish maskanlariga har kuni minglab odamlar hordiq chiqarish, tabiatdan bahramand bo‘lish uchun oshiqadi. Albatta, turli ko‘ngilsiz hodisalardan ularning xavfsizligini ta’minlash ham muhim sanaladi. Shu bois, endilikda sayyohlar uchun Milliy gvardiya va ichki ishlar xodimlarining xizmatlari yo‘lga qo‘yildi.
Ayni bahor kunlarida Toshkent viloyati, Parkent tumanining tog‘ va qir-adirlaridagi turizm maskanlari, so‘lim dalalari har qachongidan gavjum. Ayniqsa, «Qiziltog‘» hududi va «Achchiq ko‘l» nomi bilan mashhur bo‘lgan tabiat qo‘yniga har kuni 10 minglab mamlakatimiz fuqarolari va xorijiy sayyohlar tashrif buyurmoqda. Dam oluvchilarga munosib shart-sharoit yaratish, turli xil noqulayliklarning oldini olish, fuqarolar xavfsizligini ta’minlash maqsadida Milliy gvardiya hamda ichki ishlar organlari, Favqulodda vaziyatlar boshqarmasi harbiy xizmatchilari va xodimlari tomonidan zaruriy choralar ko‘rilmoqda.
Harakat xavfsizligini ta’minlash, avtotransport vositalari uchun maxsus avtoturargoh tashkil etish, bioxojatxona, ko‘chma chiqindi qutilari, chiqindilarni belgilangan joylarga tashlash bo‘yicha eslatma belgilar, dam oluvchilar avtomobillarining xavfli tog‘ yon bag‘irlariga chiqishining oldini olish bo‘yicha va chavandozlarning dam oluvchilarga noqulayliklar tug‘dirmasligi uchun hududlar atrofi qazilib, harakat cheklandi.
Shuningdek, fuqarolar uchun qulaylik yaratish maqsadida ko‘chma savdo rastalari ham tashkil etildi. Dam olish maskanlariga keluvchilarning xavfsizligi, tabiatga qilinayotgan shafqatsiz munosabatning oldini olish uchun kuzatuv kameralari o‘rnatildi.
<iframe width="990" height="557" src="https://www.youtube.com/embed/kv7IXhRnuZ4" title="Sayyohlar uchun Milliy gvardiya xodimlarining xizmatlari yoʻlga qoʻyilmoqda" frameborder="0" allow="accelerometer; autoplay; clipboard-write; encrypted-media; gyroscope; picture-in-picture; web-share" referrerpolicy="strict-origin-when-cross-origin" allowfullscreen></iframe>– Albatta, tog‘ yon bag‘rida dam olish insonga o‘zgacha kayfiyat bag‘ishlaydi. Tig‘iz va gavjum shahar muhitidan chiqib, yam-yashil qir-adirlarning toza havosidan bahramand bo‘lish, farzandlar bilan birga varraklar uchirish, turli sport o‘yinlarini o‘ynashning gashti boshqacha. Ammo ekologiyaga, tabiatga zarar yetkazmasligimiz zarur. Ekomadaniyatga rioya qilishimiz shart. Shundagina mamlakatimizda ekoturizmning rivojlanishiga ko‘maklashgan bo‘lamiz, – deydi O‘rozbek Bekmirzayev.
N.Rahmonova, O‘zA