Русский
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Sayyohlar oqimi ortmoqda
14:48 / 2023-09-27

Samarqand mamlakatimizning turizm darvozasiga aylanmoqda. Bugun nafaqat shaharda, balki tumanlar, chekka qishloqlarda ham turistik ob’ektlar ochilmoqda.

Davlatimiz rahbarining Samarqand viloyati turistik salohiyatini oshirish bo‘yicha bergan topshiriqlari asosida yil boshidan buyon qiymati 478 milliard so‘mlik 43 ta turizm loyihasi amalga oshirildi. Jumladan, 25 ta mehmonxona va joylashtirish vositasi, 6 ta ekoturizm va dam olish maskani foydalanishga topshirildi. Buning natijasida 600 dan ortiq yangi ish o‘rni yaratildi.

Samarqandga keladigan sayyoh, avvalo, bu yerdagi bir necha asrlik madaniy meros ob’ektlarini tomosha qilishni, ulardan zavqlanishni istaydi. Ammo yillar to‘fonida bu obidalarga turli darajada zarar yetishi, ular o‘z ohorini yo‘qotishi mumkin. Lekin ularni zamonaviy tarzda ta’mirlash yoki yangilab bo‘lmaydi. Shuning uchun tarixiy obidalarni asrab-avaylash maqsadida vaqti-vaqti bilan, mutaxassislar tomonidan restavratsiya ishlari amalga oshiriladi. Bu yil viloyatdagi Shohizinda yodgorligi, Amir Temur masjidi va maqbarasi, Registon ansambli, Bibixonim, Xo‘ja Doniyor, Oqsaroy, Ashratxona maqbaralari, Mahdumi Xorazmiy masjidi, Ruhobod majmuasi va boshqa ob’ektlarda 14,8 milliard so‘mlik restavratsiya ishlari amalga oshirilib, moddiy-madaniy meros ob’ektlarining jozibadorligi saqlab qolindi, ularga eltuvchi yo‘llar obod qilindi, sayyohlar uchun sharoit yaratildi.

Viloyat turizm boshqarmasining ma’lumotlariga ko‘ra, 2022 yilda Samarqandga 1,2 million nafar xorijlik sayyoh kelgan va turistik xizmatlar eksporti 197,6 million AQSH dollariga yetgan. Turistlarning Samarqandda bo‘lishi o‘rtacha 2,7 kunni va bir kunlik xarajati 85-250 AQSH dollarini tashkil etmoqda. Bu yil esa 2,1 million chet ellik sayyohni jalb etish va turizm xizmatlari eksportini 312 million dollarga yetkazish ko‘zda tutilgan.

Yil yakuniga qadar esa turizm yo‘nalishida viloyatda umumiy qiymati 1,6 trillion so‘mlik 94 ta investitsion loyiha ishga tushiriladi. Xususan, eko-ekstremal turizm yo‘nalishida 18 ta, tibbiyot va termal turizm yo‘nalishida 11 ta, gastronomik turizm yo‘nalishida 36 ta ob’ekt loyiha amalga oshiriladi. 28 ta joylashtirish vositalari tashkil etiladi.

G‘.Hasanov, O‘zA muxbiri.