Oʻzbek
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Sayyohlar oqimi ko‘paymoqda
18:05 / 2024-09-06

Qadimiy va boqiy Buxoro doim barchani maftun etib kelgan. Shaharning boy tarixi, beqiyos me’moriy obidalari, muqaddas qadamjolari Mustaqillik bayrami munosabati bilan yanada gavjum bo‘ldi.

– Bugungi kunda Buxoroga ko‘plab sayyohlar kelmoqda, – deydi Buxoro Davlat muzey qo‘riqxonasi rahbari O‘ktamali Ravshanov. – Buning sababi, turizm sohasiga katta imkoniyat berilganidadir. Har yili 2-8 sentyabr kunlari respublikamiz bo‘ylab “Muzeylar haftaligi” tashkil etiladi. Maqsad muzeylarga aholini kengroq jalb qilish, muzeydagi eksponatlarni kengroq targ‘ib qilish, ko‘rgazmalar, yangi tarixiy ashyolarni xalqqa namoyish etishdan iborat. Haftalik davomida muzeylarga bepul kirish imkoniyati yaratilgan. Mana shu bir hafta davomida ham sayyohlarning oqimi ortdi. Har kuni ming, bir yarim ming mahalliy va xorijiy sayyohlarning tashrifi kuzatilmoqda. 

–Mustaqilligimizning 33 yilligidagi Yurtboshimiz nutqlari meni ruhlantirdi, – deydi Zulfiya nomidagi Davlat mukofoti sohibasi Gulnora To‘xtamisheva. – O‘zimning IT sohasida yanada bilimlarni egallab, Vatanimiz rivojiga hissamni qo‘shmoqchiman. Bugun ko‘hna va boqiy Buxoroning qaysi go‘shasiga boqmang xorijlik sayyohlar bilan gavjum. Sayyohlar yaratilgan infratuzilma, xizmat ko‘rsatish sifati, muzey va boshqa madaniy meros ob’ektlaridagi sharoitlardan mamnun. 

[gallery-19141]

– Qoraqalpog‘iston Respublikasidan Buxoroni aylangani keldim, –deydi Mirat Sultanov. – Prezidentimizning turizmni rivojlantirish borasida amalga oshirilayotgan imkoniyatlarini har bir qadamda his qilyapmiz. Birinchi marta kelishim, lekin juda ham chiroyli ekan.

Joriy yilning o‘tgan davrida viloyatga 5,7 million mehmon tashrif buyurgan. Shundan qariyb 3 million nafarini mahalliy sayyohlar tashkil etgan. Hozirda, turli hududlardan keladigan mehmonlar 2 baravarga, xorijliklar ko‘rsatkichi esa 3 barobarga oshgan. 

– O‘zbekistonga kelib ajoyib manzaraga guvoh bo‘ldik, – deydi italiyalik sayyoh Valentina Padalino. – Chindan tarif qilishganicha bor ekan. Birinchidan xavfsiz, ikkinchidan taomlar va xizmat ko‘rsatish yuqori. Toshkentdan boshlangan sayohatimiz bizga bir-biridan qiziqarli joylarga boshlamoqda. Bunday tarixiy shaharda odam o‘zini boshqa bir dunyoga tushib qolgandek his qiladi. Bugun yurtingizning ajoyib bayramiga sherikmiz. Niyatim, yurtingiz tinch bo‘lsin, hamisha mana shunday bayram kayfiyati hukmronligini tilayman. 

Buxoroda yashab turib, ish, o‘qish va boshqa yumushlar bilan band bo‘lgan aholi ham bugungi imkoniyatlardan benihoya mamnun bo‘lmoqda. Ular ham viloyatdagi qadim o‘tmish namunalaridan o‘zgacha zavq olmoqda. 

– Bugun bayram arafasida berilgan imkoniyatdan foydalanib O‘zbekiston bo‘ylab sayohatni amalga oshiryapmiz, – deydi toshkentlik sayyoh Yekatrina Islamova. – Har bayramda biz yurtimizning tarixiy maskanlariga sayohat qilib, oilamiz bilan O‘zbekistonning boy tarixidan voqif bo‘lamiz. Bunday imkoniyat o‘zing yashayotgan yurt haqida tasavvurlaringni boyitadi, unga bo‘lgan mehringni oshiradi. Bugun shunday go‘zal yurtimizni sayohat qilishga sharoit yaratgani uchun Prezidentimizdan minnatdormiz. 

Tahlillarga ko‘ra, xorijiy sayyohlar tashrifi natijasida turizm eksporti hajmi qariyb 160 million AQSH dollarini tashkil etgan. Mahalliy mehmonlar salmog‘i bilan qo‘shib hisoblaganda bu ko‘rsatkich ikki hissaga ortishi mumkin. Eng muhimi, imtiyoz va imkoniyatlar soha taraqqiyotida muhim ahamiyatga ega bo‘lmoqda. 

Zarif Komilov, Tohirjon Istatov (surat), O‘zA muxbirlari.