Ko‘hna va boqiy Buxoroning boy madaniy, tarixiy merosi, o‘z bag‘rida bir necha asrlik tarix sir-sinoatini saqlab kelayotgan mahobatli yodgorliklari, ziyoratgohlari barchani o‘ziga birdek chorlab keladi.
Yurtimizga tashrif buyuradigan xorijiy mehmonlar, sayyohlar, mutaxassislar sharif shaharning madaniy meros obyektlari haqida o‘zgacha taassurot bilan qaytishadi, hayrat-u havaslari ortadi.
Buxoro viloyatidagi Yetti Pir ziyoratgohlari, boshqa tarixiy obidalar sayyohlar bilan hamisha gavjum. Bu yerda nafaqat ichki turizm doirasida kelgan, balki xorijiy mehmonlarni ham ko‘p uchratish mumkin.
–Italiyadan keldik, –deydi italiyalik sayyoh Ketrin mamnuniyat bilan. –Bu Buxoroga birinchi sayohatimiz. Ajoyib joy ekan. Har bir yo‘nalish o‘ziga xos: ham odamlari, ham taomlari, ham qadimiy obyektlari. Gid-ekskursovodimizga rahmat, Buxoro haqidagi har bir detalga to‘xtalmoqda. Men Buxoroga yana kelishni xohlayman.
Buxoroning turistik imkoniyatini yanada rivojlantirish, sayyohlarning madaniy merosimiz bilan keng tanishishi uchun qulay sharoitlarni yaratish hamda zamonaviy infratuzilmaning jadal rivojlanishini ta’minlash maqsadida yangi mehmonxonalar, madaniy-sog‘lomlashtirish va savdo-ko‘ngilochar markazlari, sayyohlikni rivojlantirish uchun zarur sharoitlar yaratish bilan bog‘liq infratuzilma obyektlari qurilmoqda. Shuningdek, umumiy ovqatlanish tizimini takomillashtirish va sayyohlarning kechki hordiqlari uchun sharoitlar yaratilmoqda. Transport xizmatini yaxshilash, avia va temir yo‘l infratuzilmasini rivojlantirish, Buxoro shahrining tarixiy qismi atrofida xizmat ko‘rsatuvchi maxsus kompaniya yaratish, sayohatchilarga namoyish qilinadigan obyektlarga olib boruvchi avtomobil yo‘llarini qurish va rekonstruksiya qilish ishlari jadallik bilan olib borilmoqda. Valyuta ayirboshlash punktlari tashkil etilib, sayyohlik obyektlarida bankomatlar va terminallar o‘rnatish, sovg‘alar va suvenirlar do‘konlari joylashadigan yangi savdo ko‘chalari yaratilmoqda. Sayyohlar to‘planadigan gavjum joylar WiFi tarmog‘i bilan ta’minlanmoqda. Buxoro brendi reklama kampaniyasi va turli festivallar o‘tkazish hisobiga ilgari surilib, sayyohlik sohasi uchun kadrlar tayyorlanmoqda. Yangi sayyohlik yo‘nalishlari ham yaratilmoqda.
Shu kunlarda ham sharif shaharga Hindiston, Xitoy, Buyuk Britaniya, Malayziya, Indoneziya, Italiya, Rossiya va boshqa bir qator davlatlardan mehmonlar tashrif buyurmoqda.
Xorijlik sayyohlarning 58 foizi MDH davlatlaridan, 20 foizi Yevropa davlatlaridan, 19 foizi Osiyodan, 4 foizi esa Amerika va boshqa davlatlardandir.
Joriy yil oxiriga qadar qadimiy va hamisha navqiron Buxoroga 1 million 500 ming nafardan ortiq xorijiy va 3,4 milliondan ortiq mahalliy sayyoh tashrif buyurishi kutilmoqda. Tadqiqotlarga ko‘ra, turistlarning Buxoroda qolish muddati o‘rtacha 3-4 kun. Chet ellik mehmonlarning o‘rtacha xarajatlari 250 AQSH dollari, mahalliy sayyohlarniki 200 ming so‘mni tashkil etadi.
Tahlillarga e’tibor qaratadigan bo‘lsak, 2021-yilda Buxoroga 48,9 ming xorijiy sayyoh tashrif buyurgan bo‘lsa, 2022-yilda bu ko‘rsatkich 552,6 ming nafarga yetdi. Joriy yilning 2 oyi davomida qadimiy Buxoroga kelgan xorijlik mehmonlar soni 128 mingdan ortiqni nafarni tashkil etdi.
Davlat rahbarining topshirig‘iga asosan, Indoneziya, Malayziya, Singapur davlatlaridan turistlar sonini oshirish maqsadida Buxoro viloyatining turizm imkoniyatini targ‘ib qilish vazifasi yuklatilgan. Unga ko‘ra, 2023-yilda Buxoro viloyati rahbariyati boshchiligidagi delegatsiya a’zolari Indoneziyada bo‘lib qaytishdi.
Mazkur tashrif natijasi sifatida bugun Buxoroda indoneziyalik va malayziyalik sayyohlar oqimi ko‘payganini kuzatish mumkin. Bu buxorolik hamda indoneziyalik turliderlarning hamkorligi samarasidir.
[gallery-16365]
Buxoroda bo‘lib turgan malayziyalik sayyohlardan biri shunday deydi:
–Yoshim o‘tganiga qaramay, sayohatga chiqdim. O‘zbekiston, xususan, Buxoro meni o‘ziga maftun etdi. Bu yerga ilk marotaba kelishim. Men bilan oilam, nevaralarim ham birga kelgan. Ularning ham bu tarixiy shaharni ko‘rishini istadim. Bizga juda yoqdi. Endi har safar sayohatlarimizni O‘zbekiston, Buxoro bo‘ylab tashkil qilamiz, Buxoroga yana va yana kelamiz.
Zarif Komilov, Tohirjon Istatov (surat),
O‘zA muxbirlari