English
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Sayyohlar oqimi ko‘paydi
15:38 / 2023-07-03

Qurbon hayiti munosabati bilan e’lon qilingan qo‘shimcha dam olish kunlari Buxoroga tashrif buyurgan sayyohlar soni yanada ortdi.

Qadim Buxoro mehmonlarni hamisha o‘ziga ohanrabodek chorlab kelmoqda. Shaharning boy tarixi, beqiyos me’moriy obidalari, osori-atiqalari, muqaddas qadamjolari bugun ham ko‘pchilikda hayrat hisini uyg‘otadi. Qurbon hayiti munosabati bilan e’lon qilingan qo‘shimcha dam olish kunlari shaharga tashrif buyuruvchilar sonini yanada oshirdi.  

– Qurbon hayiti munosabati bilan e’lon qilingan qo‘shimcha dam olish kunida bir qator tadbirkorlik sub’ektlari tomonidan transport xizmati yo‘nalishi, mehmonxona joylashtirish vositalari bo‘yicha imkoniyatlar, tegishli chegirmalar joriy etildi,  – deydi Buxoro viloyati Madaniyat va turizm boshqarmasi boshlig‘i o‘rinbosari Bobir To‘qsanov. – Besh foizdan 50 foizgacha joylashtirish vositalari tomonidan chegirmalar berildi. Bundan tashqari, transport vositalari bo‘yicha avtobuslar turistik kompaniyalar tomonidan, shuningdek, restoranlar va boshqa davlat muzeylariga kirish chiptalari ham tegishli chegirmalar asosida joriy qilindi. Garchand, havo harorati yuqori bo‘lsada, bu buyuk boyligimizdan zavq olish hissi mehmonlarning maroqli hordiq chiqarishlari uchun qulay imkoniyatni taqdim qilyapti.  

Butun mamlakatimiz bo‘ylab, shuningdek, dunyoning turli burchaklaridan kelayotgan sayyohlar avvalo yaratilgan infratuzilma, xizmat ko‘rsatish sifati, muzey va boshqa madaniy meros ob’ektlaridagi sharoitlardan mamnun bo‘lmoqda.  

–Besh kunlik dam olishdan foydalanib, bolalarni ko‘hna va boqiy Buxoroga aylantirishga olib keldik, –deydi Qashqadaryo viloyatidan kelgan mehmon Gulshoda Rahmonova. – Birinchi marta kelishimiz. Ziyoratgohlarda bo‘lib, ziyoratlarni amalga oshirdik. Juda ham go‘zal shahar. Farzandlarimiz bilan miriqib dam olyapmiz.  

Joriy yilning o‘tgan davrida viloyatga 2,6 million mehmon tashrif buyurgan. Shundan 1,8 million nafarini mahalliy sayyohlar tashkil qiladi. Yurtimizning turli hududlaridan keladigan mehmonlar 1,8 baravarga, xorijliklar kelishi uch barobarga oshgan.  

– Rafiqam bilan sayohat qilish uchun O‘zbekistonga keldik, – deydi indoneziyalik sayyoh Hans Kurniavan. –Tashrifimizning uchinchi kunida Buxoroni aylanyapmiz. Ochig‘i, yurtingizdagi xizmat ko‘rsatishga gap yo‘q. Ovqatlar haqida esa ortiqcha izoh bermasam ham bo‘ladi. Odamlaringizning xush muomalaligi meni hayron qoldirdi. Umuman olganda bir olam taassurotlar. Tarixiy maskanlar ham takrorlanmas. Men juda xursandman.

Buxoroda yashab turib ish, o‘qish va boshqa yumushlar bilan band bo‘lgan aholi ham bugungi imkoniyatlardan mamnun bo‘lmoqda. Ular ham viloyatdagi qadim o‘tmish namunalaridan o‘zgacha zavq olmoqda.  

[gallery-12565]

– O‘zimiz ish jarayonida bo‘lib shahrimizning tarixiy obidalarini kam ko‘ramiz, – deydi Buxoro Davlat tibbiyot instituti assistenti Muxtor Fatullayev. – Mehmonlar kelganida birga aylanmasak, deyarli vaqt topa olmaymiz. Bizga mana shu besh kunlik dam olish kunlari Buxoroning tarixiy obidalarini qayta ko‘rishga imkon berdi.

Turizm sohasidagi islohotlar viloyatning iqtisodiy ko‘rsatkichlari yanada yaxshilanishiga ham xizmat qilyapti. Tahlillarga ko‘ra, xorijiy sayyohlar tashrifi natijasida ko‘rsatilgan turizm xizmatlaridan viloyatga turizm eksporti hajmi qariyb 140 million AQSH dollarga yetdi. Mahalliy mehmonlar salmog‘i bilan qo‘shib hisoblaganda bu ko‘rsatkich ikki hissaga oshadi. Eng muhimi, imtiyoz va imkoniyatlar soha taraqqiyotida muhim ahamiyatga ega bo‘lyapti.  

Zarif Komilov,  

Tohirjon Istatov, O‘zA