Chinese
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Sayyohlar oilaviy mehmon uylarida dam olishni xush koʻradi
12:11 / 2020-03-25

Termiz shahri va Sherobod tumanidagi togʻli Chorbogʻ mahallasida ikkita yangi oilaviy mehmon uyi barpo etildi.


Termiz shahri va Sherobod tumanidagi togʻli Chorbogʻ mahallasida ikkita yangi oilaviy mehmon uyi barpo etildi.

Surxondaryo viloyatidagi turistik obyektlar mamlakatimizda koronavirus infeksiyasi tarqab ketishining oldini olish hamda undan saqlanishga qaratilgan chora-tadbirlar tufayli sayyohlar uchun yopilgan. Biroq, jahon hamjamiyatini jiddiy tashvishga qoʻygan pandemiya chekinishi bilan vohaning xorijlik va mahalliy turistlarga oʻz bagʻrini qayta ochishiga katta umid bogʻlayotgan tadbirkorlar sayyohlarga sifatli xizmat koʻrsatish borasida keng koʻlamli ishlarni amalga oshirmoqda.

–Mutaxassislarning fikricha, ob-havo isib ketishi bilan bu ofat yoʻqoladi,– deydi Turizmni rivojlantirish davlat qoʻmitasi viloyat hududiy boshqarmasi boshligʻi Z.Namozov.– Hozir barcha turdagi turistik obyektlar yopiq boʻlsa-da, belgilangan reja asosida tarixiy obidalarni qayta taʼmirlash, obodonlashtirish va sayyoxlar uchun qulay sharoitlar yaratish borasidagi ishlar qizgʻin davom etmoqda. Mehmonxona biznesini yoʻlga qoʻymoqchi boʻlayotgan tadbirkorlar har taraflama qoʻllab-quvvatlanib, ularga tegishli koʻmak berilayotir. Buning natijasida barcha qulayliklarga ega yangi mehmonxonalar va oilaviy mehmon uylari qad rostlamoqda. Yangi yilning dastlabki oylarida viloyatda uchta yangi mehmonxona va ikkita oilaviy mehmon uylari bunyod etilgani ham bunga yaqqol misoldir.

Dunyo tamadduni beshiklaridan biri boʻlgan Surxondaryo – tarixiy-meʼmoriy, arxeologik obidalarga boy hudud. Jumladan, Termiz shahridagi qadimiy arxeologik yodgorliklar, buyuk ajdodlarimizning hoki qoʻyilgan meʼmoriy obidalar va bu yurtning noyob tarixi dunyo ahlida katta qiziqish oʻygʻotib keladi. Hududga boʻlgan intilish mehmonxona va boshqa xizmatlar koʻrsatish koʻlamini yana-da kengaytirishni taqozo etadi. Bunday imkoniyatdan oqilona foydalanishni moʻljallayotgan ishbilarmonlar sohada oʻz biznesini yoʻlga qoʻymoqda. Jumladan, yakka tartibdagi tadbirkor A.Xolboyev ham viloyat markazidagi Joʻyjangal mahallasida oilaviy mehmon uyi tashkil etib, uni yuksak did bilan jihozladi.

“Camfortable home stay guest house” nomli oilaviy mehmon uyi bir yoʻla oʻn mehmonni qabul qilib, sifatli xizmat koʻrsatish uchun barcha sharoitlarga ega. Ikki qavatli binoda mehmonlar uchun alohida dam olish xonalari, yotoqxonalar tashkil etilib, milliy uslubda jihozlangan. Turli taomlar tayyorlanadigan oshxona va boshqa yordamchi xonalarda zarur sharoit mavjud. Hovliga oʻchoq-tandir oʻrnatilgan. Mehmonlar milliy taomlarimizni tatib koʻrish barobarida ularni tayyorlash jarayonlarida bevosita ishtirok etishlari, zavq-shavq olishlari uchun barcha qulaylik yaratilgan.

Zamonaviy uy-mehmonxonalarning yana bir ahamiyatli jihati shundaki, bu yerda sayyohlar mahalliy aholining turmush tarzi, noyob urf-odat va anaʼanalari bilan yaqindan tanishishi ham mumkin. Qisqa muddat boʻlsa-da, oʻzini ana shu muhit va qadriyatlar ogʻushida yashagandek his etish imkoniyati bor. Masalaning shu tomonlari ham eʼtiborga olinib, mehmon uylar hududga xos oʻtmishni aks ettiruvchi noyob asori-atiqalar bilan bezatilmoqda.

Viloyatda oʻttizdan ortiq zamonaviy mehmonxona faoliyat yuritmoqda. Ularda turistlarni kutib olish va sifatli xizmat koʻrsatish uchun barcha qulaylik yaratilgan. Sayyohlar xususan, xorijlik turistlar uchun esa uy-mehmonxonalarning ham alohida oʻrni bor.

Endilikda koʻhna va hamisha navqiron goʻsha goʻzal, betakror tabiat manzaralari, soʻnggi yillarda qad rostlagan muhtasham zamonaviy inshootlari, milliy sanʼati, hunarmandchiligi, milliy taomlari, tabiiy shifobaxsh manzillari bilan ham dunyoga qayta yuz tutdi.

Sherobod tumanidagi purviqor togʻlar qoʻynida joylashgan Xoʻjaikon tabiiy tuz gʻori ham shifobaxsh xususiyatlari bilan jahonga tanilmoqda. Sanator-kurort davolash uslubi rivojlanib borayotgan moʻjizali bu goʻshada odamlar sogʻlomlashtirish profilaktikasi yaʼni, Speleoterapiya usulida davolanib, nafas olish yoʻllaridagi astma, surunkali bronxit, zotiljam kabi kasalliklarga shifo topmoqda. Immuniteti pasaygan va bir xil teri kasalliklarga yoʻliqqan bemorlarga tuz gʻorlarida vaqtini oʻtkazish davo boʻlayotir.

Xoʻjaikon tuz gʻorining boshqa tuz gʻorlaridan yana bir afzal jihati – iqlimi quruq va dengiz sathidan 1 ming 200 metr balandlikda joylashganligidir. Uzunligi 155 metr, hajmi 900 kub-metr boʻlgan gʻorning ichidagi 5 ta davolash xonasi bir-biridan harorati, namligi, bosimi va mikroelementlari bilan farq qiladi.

Eko va tibbiyot turizmi rivojlanib borayotgan Chorbogʻ mahallasida sherobodlik yakka tartibdagi tadbirkor Xolmurod Abduhalilov moʻjazgina “Surxon sohili guest house” nomli oilaviy mehmon uyini barpo etib, davlat ruyxatidan oʻtkazdi.

–Shifobaxsh tuz gʻoriga kelib, ketuvchilar yildan-yilga koʻpayib bormoqda, – deydi yakka tartibdagi tadbirkor X.Abduxalilov. – Shuningdek, ularda bu yerning maftunkor tabiat manzaralari ham boʻlakcha qiziqish oʻygʻotmoqda. Shu bois hovlimizda barcha sharoitlarni yaratib, sayyohlarga talab darajasida xizmat koʻrsatadigan mehmon uyi tashkil etdik. Ular bu yerda mazmunli dam olish barobarida boy madaniy merosimiz va turmush tarzimiz bilan yaqindan tanishishi mumkin. Bir yoʻla 15 mehmonni qabul qiladigan yorugʻ, shinam xonalardan iborat oilaviy mehmon uyimiz milliy uslubda jihozlangan. Qadimiy hunarmandchilik buyumlarimiz, soʻzana, zardevol va boshqa kashtalar bilan bezatilgan. Milliy taomlarimiz, jumladan, taʼmi ogʻizda qoladigan mashhur tandirkabob tayyorlash jarayonini kuzatib, uning sirlari bilan tanishishi mumkin.

Maʼlumotlarga koʻra, oʻtgan yili vohaga 114 xorijiy davlatdan 120 mingga yaqin sayyoh keldi. Bu 2018-yilga nisbatan 3,7 baravarga koʻpdir. Mahalliy sayyohlar soni oʻn baravarga oshib, qariyb 502 ming nafarni tashkil etdi. Ularga qariyb ikki ming oʻringa ega 50 ga yaqin mehmonxona va besh yuzdan ortiq oʻrinli 65 ta oilaviy mehmon uylari xizmat koʻrsatdi.

Janubdagi viloyatni kompleks rivojlantirish Dasturi doirasida boy salohiyatga ega vohaning turizm sohasini yana-da rivojlantirish borasidagi ishlar izchil davom ettirilmoqda.