Ўзбек
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Sayxunobodning iqtisodiy va turizm salohiyati o‘rganildi
15:13 / 2025-09-13

O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senatining Xalqaro munosabatlar, tashqi iqtisodiy aloqalar, xorijiy investitsiyalar va turizm masalalari qo‘mitasi raisi Alisher Agzamxodjayev Sayxunobod tumaniga tashrif buyurib, bu yerda amalga oshirilayotgan islohotlar va yirik loyihalar bilan yaqindan tanishdi.

Uchrashuvlar davomida tumanda iqtisodiyot, investitsiya, turizm va tashqi iqtisodiy faoliyat sohalarida erishilayotgan natijalar muhokama qilindi.

Avvalo, senator “Ittifoq” mahallasidagi namunaviy xonadonlarda bo‘lib, tomorqachilik orqali aholi daromadlarini ko‘paytirish, aholini qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha amalga oshirilayotgan ishlar samarasini ko‘zdan kechirdi. Ushbu tajribalar mahalliy aholi iqtisodiy barqarorligi va turmush sifati oshishida muhim omil ekani qayd etildi.

Shuningdek, “Guliston” mahallasida mahalla yettiligi, deputatlar, nuroniylar va mahalla faollari bilan muloqot o‘tkazildi. Unda mahalla faoliyati samaradorligi, tadbirkorlarni qo‘llab-quvvatlash, ijtimoiy loyihalarni amalga oshirish, yoshlar uchun yangi imkoniyatlar yaratish masalalari muhokama qilindi.

Sayxunobodning turizm salohiyati ham e’tibor markazida bo‘ldi. Xususan, Sirdaryo bo‘yida “Fazilat Group” MCHJ tomonidan barpo etilayotgan zamonaviy turizm markazi qurilishi bilan tanishildi. Bu maskan kelgusida tumanda turizm infratuzilmasini rivojlantirish, ichki va tashqi sayyohlar uchun zamonaviy xizmatlar ko‘rsatishda muhim ahamiyat kasb etishi ta’kidlandi.

“Farovon” kichik sanoat zonasida amalga oshirilayotgan yirik sanoat loyihalari ham senator e’tiborida bo‘ldi. Jumladan, Markaziy Osiyoda un, yog‘ va ozuqa mahsulotlari ishlab chiqarish bo‘yicha yetakchi hisoblangan “Beshefar Group” hamda parranda go‘shti tayyorlashga ixtisoslashgan “Abdul Razak Group” korxonalari, shuningdek, “Sayxun Karwan” MCHJda olib borilayotgan qurilish va ishlab chiqarish jarayonlari bilan yaqindan tanishildi.

Tashrif doirasida mahalliy va xorijiy investorlar bilan uchrashuvlar o‘tkazilib, tumanning investitsiya salohiyati, amalga oshirilayotgan yirik loyihalar, milliy brend mahsulotlarini tashqi bozorga chiqarish masalalari muhokama qilindi.

–  Sayxunobodda amalga oshirilayotgan har bir loyiha aholi turmush darajasini oshirishga, yangi ish o‘rinlari yaratishga va butun viloyat iqtisodiy qudratini mustahkamlashga xizmat qilishi lozim. Biz mahalliy tashabbuslarni qo‘llab-quvvatlash, investorlar uchun qulay sharoit yaratishda parlament tomonidan zarur ko‘makni beramiz,  –  dedi Alisher Agzamxodjayev.

Senator ta’kidlaganidek, sanoat va turizm yo‘nalishidagi bunday loyihalar nafaqat tuman, balki butun Sirdaryo viloyati taraqqiyotiga munosib hissa qo‘shadi.

G‘ulom Primov, O‘zA muxbiri