Prezident tashrifidan so‘ng...
Davlatimiz rahbari 2025 yil 4 dekabrda Xalq deputatlari Sirdaryo viloyati Kengashining navbatdan tashqari sessiyasida Sayxunobod va Guliston tumanida amalga oshirilayotgan ishlarga alohida to‘xtalgan edi.
Jumladan, yaroqsiz yo‘llarni rekonstruksiya qilish, dastur doirasida Boyovut, Guliston, Xovos, Mirzaobod, Sirdaryo va Sayxunobodning 18 ta mahallasidagi 67 kilometr yo‘lni sement-beton qoplamaga o‘tkazish, qishloq xo‘jaligini rivojlantirish masalalariga atroflicha e’tibor qaratildi.
Viloyatdagi investorlar, tadbirkorlik va investitsiya muhiti bilan bog‘liq imkoniyatlar hamda amaliy ko‘mak uchun zarur jihatlarga urg‘u berildi. Ayni yo‘nalishda Sayxunobod tumanida amalga oshirilayotgan va yuqori samaraga ega ishlar hamda natijalar xususida tuman hokimi Komiljon Mullajonovning fikrlariga qiziqdik.
– Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev Sirdaryo viloyatiga 2024 yilgi tashrifidayoq Sayxunobod tumanining salohiyatini to‘g‘ri baholab, keng imkoniyatlarni yaratib bergan edilar, – deya fikrini boshlaydi tuman hokimi. – Sayxunobodda yo‘lga qo‘yiladigan yangi tajribani butun respublika bo‘ylab qo‘llashning ahamiyatini tushuntirgan edilar. Bugunga kelib tumanimizda tadbirkorlikdan tortib, bo‘sh yerlardan foydalanishgacha bo‘lgan ishlar tizimli yo‘lga qo‘yildi. Jumladan 70 gektardan ziyod maydonda sanoat zonasi tashkil etilishiga ko‘maklashildi.
Davlatimiz rahbari bergan imkoniyatlardan kelib chiqib bugungi kunda 30 ta, jami 200 million dollarlik loyihalarni amalga oshirish rejalashtirilgan. Buning natijasida 3 yarim mingdan ortiq yangi ish o‘rni yaratiladi. 2026 yil yakuniga qadar barcha loyihalar ishga tushirilishi belgilangan.
<iframe width="650" height="420" src="https://www.youtube.com/embed/gbR9n9LlUo4" title="Sayxunobodda yangi loyihalar va amaliy ko‘mak ortidan samarali natijalar" frameborder="0" allow="accelerometer; autoplay; clipboard-write; encrypted-media; gyroscope; picture-in-picture; web-share" referrerpolicy="strict-origin-when-cross-origin" allowfullscreen></iframe>Abdulaziz RUSTAMOV, O‘zA