Sirdaryo viloyatining Sayxunobod tumanidagi Shodlik mahallasida joylashgan Anvar Ro‘ziyev xonadonida fermerlar va tadbirkorlar uchun qishloq xo‘jaligi sohasidagi eng kutilgan tadbirlardan biri — “Limon hosili sayli” tashkil etildi.
Tadbirning asosiy maqsadi mahalliy fermerlarning mehnatini qadrlash, ular o‘rtasida tajriba almashish va mahalliy limonchilikni rivojlantirish edi. Mahallada limonchilik bilan shug‘ullanuvchi oilalar soni 10 dan oshadi. Anvar Ro‘ziyev bu sohadagi bilim va tajribalarini akalari Adham va Akrom Ro‘ziyevlardan o‘rgangan, chunki ular 10 yildan ortiq issiqxona sharoitida limon yetishtirib kelishmoqda.

Tadbirda fermer xo‘jaliklari, tadbirkorlar, agrotexnologlar va qishloq xo‘jaligi mutaxassislari ishtirok etishdi. Ularning muhokamalarida issiqxonada limon yetishtirishning samarali usullari, hosildorlikni oshirish omillari, suv tejamkor texnologiyalar va mahalliy sharoitga mos navlarni tanlash masalalari ko‘tarildi.

Sayl doirasida mahsulotlar ko‘rgazmasi ham tashkil etildi. Unda Sayxunobod, Xovos va Guliston tumanlaridan kelgan fermerlar o‘z limonlarini namoyish etishdi.. Har bir ishtirokchi to‘plagan tajribasi bilan o‘rtoqlashib, limonchilikda innovatsion yondashuvlarni joriy etish bo‘yicha amaliy tavsiyalar berdi.

Shuningdek, “Turonbank” ATB vakillari limonchilik yo‘nalishida tadbirkorlikni rivojlantirish uchun imtiyozli kreditlar, lizing va moliyaviy qo‘llab-quvvatlash mexanizmlari haqida ma’lumot berdi.
Mahalladagi fermerlardan Adham Ro‘ziyev sayil haqida shunday fikr bildirdi: – Xonadonimda 8 sotix issiqxonada limonchilik bilan shug‘ullanaman. Ukam Adham 10 sotix, kichik ukam Anvar esa 4 sotixda limon yetishtirib keladi. Bugun mahallamizda, ya’ni ukam xonadonida o‘tkazilgan sayil nafaqat mo‘l hosil bayrami, balki bir-birimizdan tajriba olish va yangi usullarni o‘rganish imkoniyatidir. Men har yili o‘z issiqxonamda yangi texnologiyalarni sinab ko‘raman, va bu tadbirda ularni boshqalar bilan o‘rtoqlashish juda muhim, – dedi u.

Shu tariqa, “Limon hosili sayli” nafaqat mo‘l hosil bayrami, balki fermerlar uchun amaliy tajriba, hamkorlik va baraka maydoni sifatida ham ahamiyatli bo‘ldi. Ushbu tashabbus kelgusida viloyatda limonchilikni eksportbop tarmoq sifatida rivojlantirishga zamin yaratadi.
G‘ulom Primov, O‘zA muxbiri