Sirdaryo viloyatining Sayxunobod tumanida aholining ehtiyojmand qatlamini qo‘llab-quvvatlash va ijtimoiy xizmatlar ko‘lamini kengaytirish bo‘yicha amalga oshirilayotgan ishlar natijasida bugungi kunda 31 nafar fuqaro uy sharoitida ijtimoiy-maishiy yordam, 7 nafar fuqaro uy sharoitida qarab turish, 4 nafar shaxs tibbiy-ijtimoiy reabilitatsiya xizmatidan foydalanmoqda.
Bu haqda ommaviy axborot vositalari vakillari ishtirokida o‘tkazilgan press-tur chog‘ida ma’lum qilindi.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2025 yil 8 maydagi “O‘zgalar parvarishiga muhtoj shaxslarga ijtimoiy xizmatlar ko‘rsatish ko‘lamini kengaytirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori ijrosi doirasida tumanda “Faol hayotga qadam” dasturi amalga oshirilmoqda.

– Prezidentimiz qarori asosida yangi 5 turdagi xizmatlar joriy etildi, – deydi Sayxunobod tuman “Inson” ijtimoiy xizmatlar markazining katta yoshdagilar va og‘ir vaziyatga tushib qolgan oilalar bilan ishlash sho‘’basi mudiri Doniyor Do‘stiyorov. – Uy sharoitida yordam ko‘rsatishdan tortib, kunduzgi qatnov asosida qarab turishgacha bo‘lgan xizmatlar orqali o‘zgalar parvarishiga muhtoj eng ehtiyojmand fuqarolar qamrab olinmoqda. Bu eng avvalo, jamiyatda insoniylik va g‘amxo‘rlik muhitini kuchaytirmoqda.

Markazda ruhshunos, huquqiy masalalarda ekspert-maslahatchi va ijtimoiy xodimlar aholi bilan manzilli ish olib borishmoqda. Psixolog tomonidan tazyiq va zo‘ravonlikka uchragan xotin-qizlar, yolg‘iz keksalar hamda kam ta’minlangan oilalar bilan muntazam suhbatlar o‘tkazilmoqda.

– Biz har bir murojaatchi bilan individual suhbat olib boramiz, – deydi psixolog Nargiza Do‘stnazarova. – Ularga ruhiy barqarorlikni tiklash, o‘z kuchiga ishonish va oilaviy munosabatlarni sog‘lomlashtirish yo‘nalishlarida yordam beramiz. Shuningdek, “Farovon oila” dasturi orqali aholining psixologik savodxonligini oshirishga alohida e’tibor qaratyapmiz.

Markazning huquqiy masalalarda ekspert-maslahatchisi tomonidan joriy yilning olti oyi davomida 309 ta murojaat ko‘rib chiqilib, ulardan 14 tasi fuqarolar foydasiga hal etildi.
– Markazimizga kelgan har bir murojaat sinchiklab o‘rganiladi, – deydi Nargiza Rasulova. – Zarur hollarda sud yoki boshqa tashkilotlarga talabnoma kiritiladi. Masalan, aliment masalasida yoki hujjatlar yo‘qolishi bo‘yicha ko‘plab fuqarolarga amaliy yordam berdik.

Nogironligi bo‘lgan shaxslarni qo‘llab-quvvatlash yo‘nalishida ham ishlar samarali kechmoqda. 73 nafar fuqaroning doimiy bandligi ta’minlanib, ulardan ikkitasi davlat tashkilotlariga ishga qabul qilindi. Shuningdek, 459 nafar yurtdoshlarimiz reabilitatsiya vositalari va protez-ortopediya moslamalari bilan ta’minlandi.
– Tumanda 73 nafar nogironligi bo‘lgan shaxslarning ish bilan ta’minlanishiga ko‘maklashdik, – deydi nogironligi bo‘lgan shaxslar bilan ishlash sho‘’basi bosh mutaxassisi Azizbek Abdurahmonov. – Ular jamoat ishlarida faol ishtirok etayotganidan mamnunmiz. Shu bilan birga, sog‘lom hayot kechirishlari uchun ularni protez-ortopediya mahsulotlari va reabilitatsiya texnik vositalari bilan ta’minlash ishlari davom etmoqda.
G‘ulom Primov, O‘zA muxbiri