Sayxunobod tumanidagi 4-maktabgacha ta’lim muassasasi mukammal ta’mirdan so‘ng foydalanishga topshirildi
Muassasaning ochilish marosimida mamlakatimizda yosh avlodning jismonan sog‘lom va ma’nan yetuk insonlar bo‘lib ulg‘ayishi, zamonaviy bilim va kasb-hunarlarni puxta egallashi uchun barcha sharoitlar yaratilayotgani alohida ta’kidlandi.
Muassasaning ochilish marosimida mamlakatimizda yosh avlodning jismonan sog‘lom va ma’nan yetuk insonlar bo‘lib ulg‘ayishi, zamonaviy bilim va kasb-hunarlarni puxta egallashi uchun barcha sharoitlar yaratilayotgani alohida ta’kidlandi.Muassasa yumshoq va qattiq mebellar jamlamasi, bolalar uchun maxsus krovatlar, tibbiy asbob-uskunalar, musiqiy asboblar, turli o‘yinchoq va boshqa zarur jihozlar bilan to‘liq ta’minlandi. Hovlida 2 bolalar o‘yin maydonchasi, favvora, basseyn va mo‘jaz bog‘ barpo etildi.
– Mukammal ta’mirdan so‘ng bu yerda qo‘shimcha 30 ish o‘rni yaratildi, – deydi maktabgacha ta’lim muassasasi mudirasi Saida Yusupova. – Tarbiyachi va enagalar yosh avlodga zamon talablari asosida ta’lim-tarbiya berishi uchun barcha sharoit yaratildi. 70 o‘rinli muassasamizda kichkintoylar rus va ingliz tillaridan ham saboq oladi.
Prezidentimizning 2016-yil 29-dekabrdagi “2017-2021-yillarda maktabgacha ta’lim tizimini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qaroriga asosan viloyatdagi 151 maktabgacha ta’lim muassasasining 9 tasida mukammal ta’mirlash, 5 tasida rekonstruksiya ishlarini amalga oshirish maqsadida 8 milliard 600 million so‘m mablag‘ ajratilgan. Joriy yilning o‘tgan davrida pudratchi tashkilotlar tomonidan ushbu obyektlarda 7 milliard 100 million so‘mlik qurilish-ta’mirlash ishlari bajarildi.
Tadbirda Sirdaryo viloyati hokimi G‘.Mirzayev so‘zga chiqdi.