Arabic
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Sayxunobod tajribasi samara bermoqda
17:55 / 2024-09-04

Tomorqa xo‘jaligidan oqilona foydalanish, uni daromad manbaiga aylantirish aholi bandligini ta’minlashning muhim yo‘llaridan biridir.Mamlakatimiz rahbarining bu tashabbusi shu kunlarda nafaqat Sayxunobod tumanida, balki butun mamlakatimizga keng joriy etilmoqda.

Sayxunobod tajribasining samarasini shu hududda istiqomat qilayotgan aholining turmush darajasi yuksalayotgani misolida ham ko‘rish mumkin. Ilgarilari ko‘plab xonadon sohiblari o‘z tomorqasining bo‘sh turmasligi uchun makkajo‘xori va beda ekib band qilishar, ro‘zg‘or uchun kerakli bo‘lgan poliz, sabzavot mahsulotlari va meva- chevalar uchun bozorga yugurishardi.  

Yurtboshimiz tashabbusi bilan har bir xonadonda tabiiy isitiladigan kichik issiqxonalar barpo etish yo‘lga qo‘yildi. Bu issiqxonalar turli xil erta pishar ko‘chatlar bilan ta’minlandi. Ko‘p qavatli uylarda yashovchilar uchun imkoniyatiga qarab sug‘oriladigan ekin maydonlaridan yerlar ajratib berildi. Natija kutilgandan ham ziyoda bo‘layotganini hayotning o‘zi ko‘rsatmoqda.

–Tomorqamda to‘rt sotix maydonga issiqxona qurgandim, –deydi Farovon mahallasida yashovchi Yusuf Mirzayev. –U yerga erta pishar pomidor ko‘chati ekkandim. Uch marta hosilini yig‘ishtirib olganimdan so‘ng issiqxona uchun sarflagan mablag‘im qoplandi. Hali yana ikki marta hosil yig‘ishtirib olish imkoniyatimiz bor. Bundan tashqari, ochiq maydonlarimizga bolgar qalampiri, garmdori, baqlajon ham ekkanmiz. Ularni ham peshma- pesh yig‘ishtirib, bozorga chiqarayapmiz.

Bunday iliq gaplarni boshqa yurtdoshlarimizdan ham ko‘p eshitdik. Ular nafaqat o‘zlarining bandliklari haqida, hattoki daromadining har yilgidan  ortganini aytishib, bu tashabbusning ijrochilariga o‘z minnatdorchiliklarini bildirishmoqda.

Sayxunobod tajribasi o‘zining istiqboli porloq ekanligini amalda ko‘rsatdi. Birgina tumanning o‘zida aholi tomorqasida yetishtirilgan sabzavot va poliz mahsulotlaridan 8000 tonnasi eksportga yo‘naltirildi. Shu bilan birga ichki iste’mol uchun 28000 tonna mahsulot sotildi.

Tumandagi tijorat banklari mutassaddilarining ma’lum qilishicha, ayrim tomorqa egalari tomonidan issiqxona qurilishi uchun olingan qarzlarni muddatidan oldin so‘ndirish harakatlari ham boshlangan. Fuqarolar yig‘inlari tomonidan har bir xonadondagi tomorqalarda yetishtirilgan mahsulotlar miqdori, ularning sotilishi, aholining bundan olayotgan daromadlari ham qat’iy nazoratga olingan. Mahallalardagi hokim yordamchilari tomorqa egalarining yaxshi daromad qilishayotganini alohida e’tirof etishmokda.  

Tan olish kerakki, Sayxunobod tajribasi deb e’tirof etilgan bu harakatga dastlab shubha bilan qarovchilar ham bo‘ldi. Aholi o‘rtasidagi tushuntirish va ularning bu harakat istiqboliga bo‘lgan ishonchini mustahkamlash borasidagi ishlar besamar ketmadi.  

Bu harakat Sirdaryo viloyatining boshqa qishloq va mahalalarida ham katta samara berganini bilishning o‘zi quvonarli holat. Ayniqsa, yoshlar shu kunlarda yangi orzu- istaklarini dillariga joylagan holda qishki mavsum uchun o‘z issiqxonalarini shaylashmokda.  

Erkin Saidov,

O‘zA