Prezident topshirig‘i amalda
Quyosh tafti yerni endi qizdirayotgan kunlar edi. Termiz tumanida yashaydigan bir tanishimni uchratib qoldim. Yo‘l bo‘yida ancha dardlashdik. Gap orasida hovlida yigirma bosh tovuq parvarishlab, bozordan uyga tuxum tashish tashvishidan qutilganini aytib qoldi.

– “Sayxunobod tajribasi”ni joriy etish haqida tavsiyalar bo‘lgach, qiziqib, bozordan tovuq sotib oldim. U koni foyda ekan, – deydi tanishim quvonchini ichiga sig‘dira olmay. – Har kuni o‘ndan ortiq tuxum beradi. Bozorda parrandachilik fabrikasining tuxumi 1 ming 200 so‘m. Uy tovug‘iniki esa katta-kichikligiga qarab, ikki ming so‘mgacha sotilmoqda. O‘zi xonaki tovuq tuxumini iste’mol qilmaganimizga ham ko‘p yil bo‘lgan ekan. Parrandachilik fabrikasi tuxumi bilan solishtirsangiz ta’mida katta farq bor. To‘yimli va yuqori kaloriyaga egaligini sezasiz. O‘zimiz ham, farzandlarimiz ham maza qilyapmiz. Ortib qolsa qo‘ni-qo‘shnilarga ulashyapmiz. Endi hovlining bir burchagidan katta tovuqxona qurib, boshlanishiga ikki yuzdan ortiq jo‘ja olib, parvarishlamoqchiman. Bankdan kredit berishmoqchi. Ehtiyojdan ortgan tuxumni sotishni yo‘lga qo‘yaman. Hisoblab chiqdim. Tuxumning o‘zidan, ozuqasidan tashqari oyiga 5-7 million so‘m daromad topsa bo‘lar ekan.

Surxondaryoda “Sayxunobod tajribasi” aholi tomorqalarining bo‘sh turgan yerlaridan oqilona foydalanish, chorvachilik, quyonchilik, parrandachilik, baliqchilik va boshqa yo‘nalishlarni yo‘lga qo‘yib, qo‘shimcha daromad topish manbaiga aylanmoqda. Qishloqlarda tikuvchilik sexlari qurilib, ishga tushirilayotir. Aholiga xizmatlar ko‘rsatish rivojlanayotir. Masalan, Muzrabot tumanidagi Bog‘i eram mahallasiga bundan bir necha yil avval borganimda aholi tomorqalarga kech kuzda g‘alla, yozda don yig‘ishtirib olingach, makkajo‘xori ekilishini eshitgan edim. Suv yetishmasligidan ayrim tomorqalarga ekin ekilmasligini ham aytishgan edi. Bugun mahallaga borsangiz, mutlaqo boshqa vaziyatga duch kelasiz. Tomorqalarida sabzavot, poliz va boshqa oziq-ovqat ekinlari yetishtirayotgan, chorva mollari va parranda parvarishlayotgan yer egalariga duch kelasiz. Ularning ro‘zg‘ori butligini, hayotidan roziligini keyingi yillardagi islohotlardan mamnun chehralaridan his etasiz.

O‘tgan yili Bog‘i eram “Obod xonadon – obod ko‘cha – obod mahalla” mezonlari asosida yangi qiyofada bo‘y ko‘rsatdi. Tuman markazidan 35 chaqirim olisdagi chekka mahallada yirik hajmdagi qurilish-obodonlashtirish ishlari amalga oshirilib, hudud aholisining hayotdan rozi bo‘lib yashashi uchun barcha sharoit yaratildi. “Sayxunobod tajribasi” esa ularning hayot darajasini yanada oshirishga, farovon turmush kechirishiga xizmat qila boshladi.
Mahalladagi 610 dan ortiq oilada uch mingga yaqin aholi yashaydi. Dastur doirasida 80 ta xonadon ta’mirlanib, bir kilometr davlat ahamiyatidagi, 1,7 kilometr ichki yo‘lga asfalt, 13,1 kilometr tuproq yo‘lga tosh yotqizildi. 1 ming 350 metr piyodalar yo‘lagi qurilib, 7 ta transformator punkti ta’mirlandi. Yangi mahalla idorasi, tikuvchilik sexi qurildi. 71 ta temir-beton ustun o‘rnatilib, “Zang” kanalidan 4 kilometr oqova suv uchun ariq qazildi.

Mahallaga “Sayxunobod tajribasi” kirib kelgach, kimdir dehqonchilikni, boshqa birov chorvachilik, tovuqchilik, quyonchilikni rivojlantirishga qiziqish bildirdi. G‘ofur Safarov ko‘nglida chorvachilik va tovuqchilikni yo‘lga qo‘yish istagi paydo bo‘ldi. Buning uchun hokimning mahalladagi yordamchisi ko‘magida besh million so‘m kredit oldi.
– Hozir qo‘ramizda olti bosh mayda mol bor, – deydi G‘ofur Safarov. – Yigirmadan ortiq tovuq ham parvarishlayapmiz. Kreditdan samarali foydalanib, qo‘ychilikni rivojlantirmoqchimiz. Parrandani ham ko‘paytiramiz. O‘zim yakka tartibda uy quradigan ustaman. Kreditni o‘z vaqtida qaytaryapman. Chorvaga farzandlarim qaraydi. Ota-bobolarimiz parrandani bejiz yetti xazinaning biri demas ekan. Tuxumi uyga yetib turibdi. Endi tovuqni ham ko‘paytirib, ro‘zg‘ordan ortgan tuxumini sotmoqchimiz. Eng muhimi uyda hech kim bekorchi emas, hamma ishli bo‘ldi.

Viloyatda “Sayxunobod tajribasi” asosida aholi bandligini ta’minlash va ularni tadbirkorlikka jalb etish uchun tijorat banklari ishtirokida har bir mahallaning ixtisoslashuvi hamda imkoniyatlaridan kelib chiqib, biznes-rejalari ishlab chiqildi. Bog‘i eram mahallasini “Xalq banki” mutaxassislari o‘rganib, chorvachilik, quyonchilik, parrandachilik va tomorqa xo‘jaligini keng yo‘lga qo‘yish rejasi belgilandi.
– Dastlabki bosqichda tadbirkorlik faoliyatini yo‘lga qo‘yish istagini bildirgan va yetarli mablag‘ga ega bo‘lmagan odamlarga 400 million so‘mdan ortiq kredit ajratildi, – deydi mahallada tadbirkorlikni rivojlantirish, aholi bandligini ta’minlash va kambag‘allikni qisqartirish masalalari bo‘yicha hokim yordamchisi Oybek Botirov. – Bu mablag‘ni olib, qishloqda o‘z biznesini yuritayotgan mahalladoshlarimiz faoliyatlarini kengaytirish istagini bildirmoqda. Ularga ergashib, boshqalar ham dehqonchilik, chorvachilik, parrandachilik kabi sohalarda o‘zini o‘zi band qilishga qiziqish bildirayotir.

Surxondaryoning unumdor tuprog‘i, ekin uchun mo‘’tadil quyosh nuri va turli ozuqalarga boy suvi dehqonchilik uchun qulay muhit yaratgan. Bundan oqilona foydalanayotgan tomorqa yer egalari qishin-yozin mehnat qilib, to‘kin turmush kechirmoqda. Ayniqsa, dehqonlar Angor, Jarqo‘rg‘on, Qumqo‘rg‘on, Sho‘rchi, Denov, Sariosiyo, Uzun tumanlarida tomorqaning har qarichidan unumli foydalanishga odatlandi. Vohaning boshqa tumanlarida ham yerning har qarichi daromad manbai ekaniga ishonch paydo bo‘ldi.
Ma’lumotlarga ko‘ra, viloyatda 482 mingta aholi xonadoni mavjud. Ularga 49 ming 500 gektar yer tomorqa sifatida ajratib berilgan. Tomorqa yer maydonlaridan samarali foydalanish va yuqori daromad olishni namuna tariqasida tashkil etish uchun har bir mahalladan beshtadan yettitagacha xonadon tanlab olinib, uch ming 863 xonadonda “Sayxunobod tajribasi” ommalashtirildi. Ularga o‘z ishini yo‘lga qo‘yishi uchun 88,6 milliard so‘m kredit mablag‘i ajratildi. Jumladan, 151 ta xonadonga chorva mollari, 257 tasiga parranda uchun kredit berildi. 172 ta xonadonga asalari uyasi yetkazildi. 718 tasida issiqxona va 37 tasida baliqchilik, oltitasida quyonchilik tashkil etildi. 645 xonadon tikuvchilik, 281 tasi bog‘dorchilik bilan shug‘ullana boshladi. 1 ming 149 xonadonga ishlab chiqarish va xizmat ko‘rsatish uchun asbob-uskunalar, 2 ming 33 ta xonadonga boshqa yo‘nalishlarda moliyaviy yordam ko‘rsatildi.
Janubda keng quloch yozayotgan bu tajriba aholini bir yo‘la ishli va daromadli qilib, odamlarning bugungi hayotidan rozi bo‘lib, ertangi yanada farovon turmushga intilib yashashida muhim omil bo‘lmoqda.
Xolmo‘min Mamatrayimov,
O‘zA muxbiri