Русский
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
"Sayxunobod tajribasi" – farovonlik sari yo‘l
10:17 / 2024-04-12

Sayxunobodga kirib borar ekansiz, yo‘l bo‘yida daraxtlarga shakl berayotgan, ularni oqlayotgan odamlarga ko‘zingiz tushadi. Ko‘chalar gavjum. Hamma yumush bilan band. Bir paytlar bu yerlar Mirzacho‘lni o‘zlashtirishdagi eng og‘ir hududlardan bo‘lgan, desa ishonish qiyin.

O‘tgan asrning ӯttizinchi yillaridan elliginchi yillarigacha  shӯrxok, botqoq va qamishzordan iborat bӯlgan bu yerlarga respublikamizning tog‘li hamda aholisi gavjum viloyatlaridan odamlar kӯchirib olib kelingan. Kӯchib kelganlar dastlab  qamish kapalarda yashagan.Og‘ir va qiyin sharoitda yer ochib, dehqonchilik qilishgan. Ikkinchi jahon urushidan oldin gektaridan 12-15 sentnerdan hosil beradigan yerlardan keyinchalik, ya’ni o‘tgan asrning yetmishinchi yillarida 40 sentnerdan hosil olina boshlagan. Buning zamirida esa mashaqqatli mehnat yotadi. Sayxunoboddan o‘nga yaqin Mehnat Qahramonlari  yetishib chiqqan. Bushuyev zotli qoramollar nasli ham aynan shu zaminda, daryo bo‘ylarida yaratilgan. Sho‘ro‘zak qishlog‘ida esa birinchi bor drenaj tizimiga asos solinib, sho‘rning o‘zagi qirqilgan.  Bugun ham bu yerda o‘sha mirishkor dehqonlar, mohir bog‘bon va sohibkorlar, tajribali chorvadorlarning avlodlari umrguzaronlik qilishmoqda.Faqat endi farq shundaki, bugungi odamlarda yaxshi, farovon yashash uchun  katta imkoniyat, sharoitlar  bor. Biroq ana shu imkoniyatlardan yetarli foydalanilayaptimi?  

Davlatimiz rahbarining Sayxunobodga tashrifi chog‘ida shular haqida fikr yuritildi. Prezidentimiz  odamlar yaxshi yashashga intilayotgani, buning uchun tomorqa imkoniyatlaridan keng foydalanish zarurligi, ularga mablag‘ va ko‘mak berib, daromad manbai yaratish kerakligini ta’kidladi.

–Yurtboshimiz to‘g‘ri aytdilar, tumanning eng katta zaxirasi ham, imkoniyati ham  yer. Aholimiz 20 sotix, hatto undan ham ko‘proq tomorqalarga ega,– deydi O‘zbekiston mahallalar uyushmasi Sayxunobod tuman bo‘limi boshlig‘i, tuman Kengashi deputati  Tohir Javlonov. – Prezidentimiz tashrifidan so‘ng “mahallabay” tarzda mahalla drayverlari o‘rganilayapti. Tumanimizda tomorqa maydoni 3340,6 gektarni tashkil qiladi. 4220 ta xonadon, ya’ni 30 foiz aholi tomorqadan samarali foydalanib kelayotganligi, qolgan 70 foizi esa   faqat oila ehtiyoji uchungina pomidor, bodring bulg‘or qalampiri, kartoshka ekayotganligi bor gap.  Endi sayxunobodliklarning xonadonlarida katta o‘zgarishlar bo‘ladi. Ilk bor yangi tajriba qilinib, 19 ta mahallaning har biriga bittadan mini traktor, 4 tadan motokultivator olib berildi. Hokim yordamchilari “1 sotix tomorqadan kamida 1-2 million so‘m daromad” degan mezon asosida aholi uchun biznes reja ishlab chiqishmoqda. Mahalladagi agronomlar bilan birga tomorqa yerlarini haydash va ekin ekish xizmatlari ko‘rsatiladi. Kamxarj, ehtiyojmand oilalar uchun bunday xizmatlar bepul amalga oshiriladi. Bu tajriba butun respublikada ommalashtiriladigan bo‘ldi. Buning uchun biz, sayxunobodliklar namuna bo‘ladigan darajadagi ishlarni amalga oshirishga allaqachon kirishganmiz.

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2024-yil 5-martdagi “Aholi xonadonlarida sanoat usulida mahsulot ishlab chiqarishni qo‘llab-quvvatlash hamda tomorqa va dehqon xo‘jaliklarida yangi zaxiralarni ishga solishga doir chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi qarorida 2024-yilda eksportbop va serdaromad ekinlar ekish, aholining bu sohada bilimini oshirish uchun namunaviy o‘quv-tajriba maydonlari tashkil etish ko‘zda tutilgandi. Shunga ko‘ra  Sayxunoboddagi mahallalarning bir necha xonadonlari tomorqalarida turli yo‘nalishlarga ixtisoslashgan namunaviy o‘quv-tajriba maydonlari tashkil etildi. Ularda odamlar tomorqadan qanday natija olishni o‘z ko‘zlari bilan ko‘rishlari mumkin. Bunday o‘ziga xos usulda yo‘lga qo‘yilgan tomorqachilik  allaqachon ko‘pchilikning qiziqishiga sabab bo‘lmoqda.

Jumladan, Ittifoq mahallasidagi Risolat G‘ulomova xonadoni tomorqasida hokimlik va mutasaddi tashkilotlar ko‘magida kichik intensiv bog‘ yaratildi. Endi bu xonadondagilar ikki sotixli issiqxonada limon, turli ko‘katlar, ko‘chatlar yetishtirish, 5 sotix yer maydonidan bir qancha yo‘nalishda bir yilda umumiy hisobda 70 million so‘m atrofida sof foyda ko‘rish imkoniyatiga ega.

Zulfiya Nuraliyeva xonadoni tomorqasida esa akademik Mahmud Mirzayev nomidagi bog‘dorchilik, uzumchilik va vinochilik ilmiy-tadqiqot instituti tomonidan olma, anor ko‘chatlari ekilgan bog‘ barpo qilindi. Qator oralariga ekilgan terak qalamchalari hademay qad ko‘taradi.  

Hali yana ko‘plab xonadonlarda bunday loyihalar amalga oshiriladi. Maqsad odamlarni bor imkoniyatlardan to‘la foydalanib, daromad olishga, turmush sharoitlarini yaxshilashga, farzandlar kelajagi uchun sarmoya topishga o‘rgatishdir.

Ayrim mutaxasislar Farg‘ona vodiysi viloyatlaridagi 6 sotix tomorqadan olinayotgan daromad bu yerdagi katta tomorqalardan olinayotgan daromaddan bir necha hissa ko‘p, deyishmoqda.Shu o‘rinda sharoit, yerning tarkibi, dehqonlarning bilim darajasi hisobga olinishi kerak, nazarimizda.  

Xalqimizda “Qancha yering borligini aytma, qancha suving borligini ayt” degan hikmatli sӯz bor.Tumanning Farovon mahallasidagilar o‘n besh yillardan buyon tomorqalarini  oqar suv bilan sug‘ormaydi. Aholi 12 metrdan 25 metrgacha bӯlgan quduqlardan suv tortgich nasoslar orqali ekinlarini sug‘oradi. Bu suv yerning holatiga salbiy ta’sir kӯrsatib, hosildorlik yildan yilga pasaymoqda.

Endi sayxunobodda tadbirkorlik, tomorqachilik bilan shug‘ullanish istagida bo‘lganlar  o‘qitiladi.  Parrandachilik va chorvachilik yӯnalishida veterinariya xizmatini tӯg‘ri tashkil qilish, uchastkalarga birkitilgan veterinarlarning mas’uliyatini oshirish, ularni xususiy sektor bilan yaqindan aloqa ӯrnatishlariga erishish  sa’y-harakatlari boshlanib ketgan. Tadbirkor tovuq olmasdan mutaxassis tovuqxona sharoitini kӯzdan kechirib, ӯz xulosasini beradi, tovuqlarning kundalik ratsionini belgilaydi. Endi parrandaboqar tadbirkorning davlat krediti hisobiga falon million sӯmga olgan tovuqlari bir oy ӯtmasdan qirilib ketmaydi...

Tomorqadan unumli foydalanish uchun tadbirkor oila issiqxonalarda yetishtiradigan ekinining agrotexnikasini yaxshi bilishi zarur. Shuni nazarda tutib, ularga malakali mutaxassislar, agronomlar biriktirib qo‘yilmoqda.  

Prezidentimiz “Bu yil iqtisodiyotimizda hayotiy uyg‘onish va yuksalish bo‘ladi” dedi tomorqa va uy xo‘jaliklaridagi imkoniyatlarni to‘liq ishga solish orqali aholi daromadlarini oshirish chora-tadbirlari bo‘yicha o‘tkazilgan videoselektor yig‘ilishida. Shu bilan birga odamlar yaxshi yashashga intilayotgani, ularga mablag‘ va ko‘mak berib, daromad manbai yaratish zarurligini ta’kidladi.  

Yig‘ilishda Sayxunobod tumani misolida hududlardagi muammolar va foydalanilmayotgan imkoniyatlar ko‘rsatib o‘tildi.  

Davlatimiz rahbari tumandagi muammolarni sanab, ularning yechimlarini belgilab berdi. Eng avvalo, Sayxunobodda 17 mingta xonadonda tomorqani ishga solish, kichik sanoat va xizmatlarni yo‘lga qo‘yish orqali, aholini daromadli qilish vazifasi qo‘yildi.

–Davlatimiz rahbari kambag‘alchilikni tugatish, xalqning farovon hayot kechirishini ta’minlash uchun tumanga kӯproq investitsiya kiritish, kichik biznesni rivojlantirish, tomorqadan unumli foydalanish, xususiy sektorda chorvachilik, parandachilik quyonchilik,baliqchilikni rivojlantirish borasida yo‘l-yo‘riqlar berdilar,– deydi tuman Kengashi deputati Erkin Saidov, –Endi bizda hamma imkoniyat bor. Prezidentimizning aynan bizning tumanimizga tashrifidan quvondik, ko‘ngil yaqinligini tuydik. Mahallalarga, ko‘chalarga, xonadonlargacha kirib borishlarini bir ibrat bildik. Men ham tadbirkorman. Faoliyatimni yo‘lga qo‘yishda ko‘p qiyinchiliklarga uchraganman. Bugun endi hammasi boshqacha.Mehnat qilaman,daromad topaman, degan har bir insonga imkoniyat eshiklarigina emas, darvozalari ochildi.    

Darhaqiqat, Sayxunobodda birin-ketin anorzor, olmazor, limonzor singari xoslangan mahallalar paydo bo‘layapti. Bu esa yetishtirilgan hosilning xaridoriga ham, yetishtiruvchisiga ham katta qulayliklar yaratadi.

Tumandagi deyarli har bir xonadonda chorva bor. Kuniga o‘rtacha 300 tonna sut olinib,  boshqa joylarga olib borib sotiladi.Prezidentimiz tashrifidan so‘ng sut qabul qilish shoxobchasi ish boshladi.

–8 ta mahalladan kuniga 5 tonna sut qabul qilish imkoniyati bor,– deydi viloyat Hayvonlar kasalliklari tashxisi va oziq-ovqat xavfsizligi davlat markazi laboratoriya mudiri Shohruh Maqulbekov. – Shoxobchaning ishga tushganligidan aholi mamnun.

Bugun Sayxunobod katta o‘zgarishlar jarayoni og‘ushida. Tuman ahli respublikaga o‘rnak bo‘larli darajada yutuqlarni qo‘lga kiritishga mahkam bel bog‘lagan.

Hademay,  faqat Sirdaryoda emas, poytaxt bozorlari peshtaxtalarida ham marvarid tutlar paydo bo‘ladi.Ularning ko‘pi aynan Sayxunoboddan boradi. Ko‘p fursat o‘tmas,  bozorlarda turli mevalar, baliq, go‘sht, sut, poliz mahsulotlari yanada serob bo‘ladi. O‘zimizdan ortib chetga ham yo‘l oladi.  Ularga esa albatta “Sayxunobodda yetishtirilgan” degan belgi qo‘yiladi. Dasturxonlar noz-ne’matlarga, odamlarning hamyoni daromadga to‘ladi. To‘kinchilik, mo‘may daromad esa farovonlikning boshlanishidir.  

Shuhrat Suyarov, Shahriyor Ortiqboyev (surat),

O‘zA muxbirlari