Ayni kunlarda Surxondaryo viloyatida “Boysun bahori” xalqaro folklor festivali bo‘lib o‘tmoqda.
Bu yil yettinchi bor tashkil etilayotgan festivalda YUNESKO, TURKSOY, Yevropa ittifoqi singari nufuzli xalqaro tashkilotlar, Buyuk Britaniya, Tailand, Yaponiya kabi mamlakatlardan faxriy mehmonlar ishtirok etmoqda. 40 dan ortiq davlatdan 150 ga yaqin ishtirokchi va folklor, milliy xalq o‘yinlari va tomosha san’ati muxlislari tashrif buyurgan.
Kuni kecha ochiq osmon ostidagi san’at bayramining eng yaxshi folklor-etnografik jamoalari nomi ma’lum bo‘ldi.
Unga ko‘ra, Sirdaryo viloyatining “Sayxun yigitlari” jamoasi milliy xalq o‘yinlari va tomosha san’ati yo‘nalishida 3-o‘rinni qo‘lga kiritdi va 1 ming 500 dollar miqdoridagi pul mukofoti, esdalik sovg‘alar bilan taqdirlandi. Sovrindorlarga, shuningdek, maxsus diplom, sertifikat va xalqaro festival statuyetkasi topshirildi.
Sh.Suyarov, O‘zA muxbiri