Qoraqalpog‘iston Respublikasining Qonliko‘l tumanida Sirdaryo viloyati delegatsiyasi tashabbusi bilan “Sayxun va Jayxun yoshlari forumi” tashkil etildi. Forumning asosiy maqsadi mahallalar yoshlari o‘rtasida fikrlash, intellektual va sport salohiyatini rivojlantirish hamda ularning bo‘sh vaqtlarini mazmunli o‘tkazishdan iborat bo‘ldi.
Forum doirasida turli intellektual va sport tadbirlari o‘tkazildi. Sirdaryo viloyati Yoshlar ishlari boshqarmasi hamda Qonliko‘l tumani Yoshlar ishlari bo‘limi hamkorligida shaxmat va shashka musobaqalari tashkil etildi. Aql va strategik fikrlashni talab qilgan bu intellektual o‘yinlarda yoshlar o‘z iqtidorlarini namoyon etishdi va haqiqiy do‘stona raqobat olib borishdi.


Shuningdek, mahallalar yoshlarining fikrlash doirasini kengaytirish va intellektual salohiyatini oshirish maqsadida “Zakovat” intellektual o‘yini ham tashkil etildi. Ishtirokchilar mantiqiy savollarga tez va to‘g‘ri javob topishga harakat qilib, bilim va tezkorlik bo‘yicha bir-biri bilan raqobatlashdilar.


Yoshlar sportdagi qiziqishlarini namoyon etishlari uchun voleybol musobaqasi tashkil qilindi. Musobaqa sog‘lom raqobat ruhida o‘tkazildi va sportga qiziquvchi yoshlarni bir joyda jamladi.
Forumda g‘olib jamoalar tashkilotchilar tomonidan munosib taqdirlandi. Eng asosiysi, forum doirasidagi tadbirlarni yil davomida tashkil etish rejalashtirilgan.
G‘ulom Primov, O‘zA muxbiri