Qoraqalpog‘iston Respublikasi Qonliko‘l tumanida Sirdaryo viloyati hokimligi tashabbusi bilan tashkil etilgan “Sayxun va Jayxun” yoshlar forumi doirasida 30 dan ortiq ma’naviy-ma’rifiy, madaniy va sport tadbirlari o‘tkazildi.
Forum “5000 qadam” loyihasi bilan boshlandi. Tong saharda tuman yo‘llarida aholi, yoshlar va mehmonlar ommaviy yurishda ishtirok etib, sog‘lom turmush tarzi va jismoniy faollik g‘oyasi targ‘ib qilindi. Bu faol tadbir orqali jamoaviylik va birdamlik kayfiyati yaratildi. Shundan so‘ng tuman hokimligi binosida davlat fuqarolik xizmatchilari ishtirokida "Siyosiy-ma’rifat soati" tashkil etildi. Unda milliy g‘oya, fuqarolik pozitsiyasi, tarixiy tafakkur va ma’naviy yetuklik masalalari muhokama qilindi.

Kunning ikkinchi yarmida esa Qonliko‘l tumanidagi Sayxun-Jayxun ma’naviyat markazida “Ijod mushoirasi” kechasi o‘tkazildi. Unda yosh ijodkorlar qalb so‘zlarini o‘z she’rlari orqali ifoda etdi. Forum doirasidagi eng ta’sirli tadbirlardan biri ehtiyojmand oilalar farzandlari uchun tashkil etilgan tantanali sunnat to‘yi bo‘ldi. Jami 32 nafar bola uchun o‘tkazilgan mazkur xayrli marosimda Qonliko‘l tumani hokimi Bahrom Sultonov, Sirdaryo viloyati hokimi o‘rinbosari Shohruh Isoqulov va Respublika Ma’naviyat va ma’rifat markazi Sirdaryo viloyati bo‘limi rahbari Murod Hayitov ishtirok etdi. Bolajonlarga esdalik sovg‘alari topshirildi.

– Qonliko‘lda shunchaki tadbir o‘tkazilmadi, balki yoshlar bilan muloqot, birdamlik va ma’naviy uyg‘unlik yuzaga keldi, – deydi Respublika Ma’naviyat va ma’rifat markazi Sirdaryo viloyati bo‘limi rahbari Murod Hayitov. – “Sayxun va Jayxun” forumi orqali biz sirdaryolik yoshlarning qoraqalpog‘istonlik tengdoshlari bilan do‘stlik va hamkorligini yanada mustahkamladik. Bu kabi forumlar ikki hudud o‘rtasidagi ijtimoiy-ma’rifiy aloqalarni kuchaytiradi. Kelgusida ham bu hamkorlikni doimiy va tizimli ravishda davom ettirishni maqsad qilganmiz.
Forum doirasida Yoshlar markazida voleybol, shaxmat va shashka kabi sport turlari bo‘yicha musobaqalar, “Zakovat” intellektual o‘yini, “Qizlar akademiyasi”, “Mutolaa soati” va “Ustoz AI” kabi ma’rifiy loyihalar amalga oshirildi. Barcha tadbirlar yoshlarning bilimi, salohiyati va qobiliyatini rivojlantirishga qaratildi.

Shu bilan birga, shahar ko‘chalari, bekatlar va ijtimoiy ob’ektlar “Adabiyot va san’at fidoyilari”, “Sportchilarimiz — faxrimiz”, “Vatan yagonadir” kabi shiorlar aks etgan bannerlar va targ‘ibot vositalari bilan bezatildi. Bu orqali milliy g‘urur, madaniy meros va sport ruhi keng targ‘ib etildi.
Forum gala-konsert bilan yakuniga yetdi. Unda ijro etilgan kuy-qo‘shiq, raqslar va ijodiy chiqishlar yoshlarga haqiqiy bayram kayfiyatini ulashdi.Tanlov va musobaqalar g‘oliblari tashabbuskorlar tomonidan taqdirlandi.


G‘ulom Primov, O‘zA muxbiri