Bugun Toshkentda “Binolarni isitish va sovitish uchun sayoz geotermal energiyadan foydalanish” mavzusida seminar o‘tkazildi.
O‘zbekiston Respublikasi Energetika vazirligi, Tog‘-kon sanoati va geologiya vazirligi hamda Xalqaro moliya korporatsiyasi hamkorligida tashkil etilgan ushbu xalqaro tadbirda mahalliy va xorijlik ekspertlar, mutaxassislar va soha vakillari ishtirok etdi.
Qayd etilganidek, keyingi yillarda yurtimizda energiya resurslaridan oqilona foydalanish, energiya samaradorlik va tejamkorlik masalalariga alohida e’tibor qaratilmoqda. Ushbu yo‘nalishda Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev boshchiligida videoselektor yig‘ilishlari o‘tkazilib, qator farmon va qarorlar qabul qilindi. Mazkur hujjatlar ijrosini ta’minlash esa ayni kunning ustuvor vazifalaridandir.

Mutaxassislarning so‘zlariga ko‘ra, O‘zbekistonda geotermal yechimlarning ekologik va iqtisodiy-tarkibiy qismlari, me’yoriy-huquqiy asoslari, mavjud hamda potensial loyihalar va ularni amalga oshirish uchun shart-sharoitlar yaratish muhim masalalardan hisoblanadi. Shu sababli, bu borada xalqaro tajribani o‘rganish va tahlil qilishda aynan ushbu tadbir muloqot maydonini o‘taydi.
Energetika vaziri o‘rinbosari Umid Mamadaminovning ta’kidlashicha, sayoz geotermal energiya – bu yer qa’rining 100-200 metr chuqurlikkacha bo‘lgan qismidagi issiqlik energiyasi bo‘lib, yil davomida deyarli o‘zgarmas haroratda bo‘ladi.

– Ushbu energiya manbai tabiiy gaz va yer yuzasidagi boshqa qayta tiklanuvchi energiya manbalariga muqobil bo‘lgan “yashil” energiya hisoblanadi. Geotermal energiya quvurlar, ishchi suyuqlik va issiqlik nasoslari orqali yer qa’ridan bino ichkarisiga olib kiriladi. Chindan mavzu qiziq va dolzarb. Shu bois, ushbu seminarda geotermal energetika loyihalarini amalga oshirish bo‘yicha xalqaro tajriba ham taqdim etilib, ushbu sohaning bugungi faol rivojlanishi hamda boshqa davlatlarda uning ustuvorligi muhokama qilindi. Xususan, geotermal energiya bo‘yicha AQSH, Shveysariya, Fransiya, Polsha, Islandiya, Xitoy, Turkiya kabi davlatlar yetakchilik qiladi. Ularda ta’lim muassasalari, shifoxonalar hamda turarjoy binolarida mazkur energiyadan foydalaniladi. Bu bo‘yicha xorij tajribasini o‘rganish va ko‘nikma hosil qilishda mazkur seminar ishtirokchilar uchun har jihatdan foydalidir, – dedi U.Mamadaminov.
Seminar yakunida mamlakatimizda energiya xavfsizligini oshirish va zararli chiqindilarni kamaytirish maqsadida isitish hamda sovitish tizimlari uchun geotermal energiyadan foydalanish bo‘yicha keyingi rejalar belgilandi.
N. Ziyodullayeva, O‘zA