Chinese
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Sayohatlar sifatli, xavfsiz va maroqli bo‘lsin!
12:30 / 2022-07-22

Poytaxtimizda O‘zbekiston turizm transporti uyushmasi tomonidan Turizm va madaniy meros vazirligi, Ichki ishlar vazirligi, Savdo-sanoat palatasi va Toshkent shahar Transport boshqarmasi bilan hamkorlikda turizm transporti sohasidagi tadbirkorlik sub’ektlari uchun Networking – turizm bilan bog‘liq transport xizmati bozorini rivojlantirish masalalariga bag‘ishlangan uchrashuv tashkil etildi.

Uchrashuv bir necha qismdan iborat bo‘ldi. Unda turizm transporti sohasidagi mavjud muammo va kamchiliklar, yangi loyiha hamda tashabbuslar bo‘yicha taklif va tavsiyalar atroflicha muhokama etildi.   

Savdo-sanoat palatasi raisi D.Vahobov, turizm va madaniy meros vazirining o‘rinbosari B.Shahriyorov, O‘zbekiston turizm transporti uyushmasi raisi Sh.Saibov, Ichki ishlar vazirligi Xavfsiz turizmni ta’minlashni muvofiqlashtirish boshqarmasi boshlig‘i o‘rinbosari N.Odilov, Toshkent shahar Transport boshqarmasi boshlig‘i A.Jo‘rayev va boshqalar sayyohlik sohasining rivojlanib borayotgani bu boradagi transport bilan bog‘liq masalalarga tezkor va oqilona yechim topishda dolzarb ahamiyat kasb etayotganini ta’kidladi.  

Ushbu uchrashuvdan ko‘zlangan maqsad, mamlakatning turizmga oid  transport xizmati bozorini rivojlantirishdagi mavjud muammo va kamchiliklarni muhokama etishdan iborat bo‘ldi. Shu bilan birga sohani rivojlantirish yuzasidan taklif va tavsiyalarni amalga oshirish hamda qo‘llab-quvvatlashga alohida e’tibor qaratildi.  

Turizm transporti sohasida amalga oshirilayotgan ishlar va yangiliklar, islohotlar, shuningdek, transport va turizm sohasidagi imtiyoz va qulayliklar bilan tadbirkorlik sub’ektlari batafsil tanishtirildi.  

Tadbirda   ko‘plab turizm bo‘yicha transport xizmati bozorini rivojlantirish yuzasidan tadbirkorlarning taklif va tavsiyalari atroflicha muhokama etildi. Mamlakatimizga kelgan turistlarga va MICE – yirik ishbilarmonlik va korporativ  tadbirlarga tashrif buyurgan mehmonlarga transport xizmatini ko‘rsatishda uchrayotgan muammo va kamchiliklar batafsil o‘rtaga tashlandi.  

– Uyushmamiz 2020 yili murakkab pandemiya davrida tuzilgan, – dedi O‘zbekiston turizm transporti uyushmasi raisi Shuhrat Saibov.– Sohadagi muammolar ko‘proq infratuzilma bilan bog‘liq. Tegishli vazirliklar bilan birgalikda ularni hal etishga e’tibor qaratmoqdamiz. Chegara postlarida sayyohlik markazlari tashkil etilgan bo‘lib, ularda turistlar o‘zlarini qiziqtirgan savollarga javob olishi, sim-kartalar bilan ta’minlanishi, tegishli sayyohlik yo‘nalishlari haqida ko‘proq yangiliklarga ega bo‘lishi uchun zarur barcha sharoitlar yaratilgan. Hozirda Bo‘stonliq tumani, Jizzax dovoni yo‘nalishida sayyohlar uchun sharoitlar yaratish bo‘yicha ishlar olib borilyapti. Turizm transporti borasida dunyoning AQSH, Turkiya kabi davlatlari bilan o‘zaro tajriba almashishga katta ahamiyat qaratmoqdamiz.    

Muloqot ishtirokchilarining qayd etishicha, transportning boshqa jabhalaridan tubdan farqlanuvchi turizm transporti o‘z mijozlariga ega.  Ayni paytda turizm transporti bilan bog‘liq yigirmadan ortiq muammolar mavjud. Bular chegara postlarida vaqtni tejash, vokzal va aeroportlarga yaqin hududlardagi parkovka, qishki mavsumda sayyohlarga xizmat ko‘rsatish, turistik to‘xtash bekatlari faoliyati, yo‘lovchilar uchun imkon qadar qulaylik yaratish, turizmda inklyuziya  va boshqa masalalardir.   

Muloqot davomida turizm transportiga daxldor  milliy qonunchilikni takomillashtirish, sayohatlarni sifatli, xavfsiz va maroqli tashkil etish,  sohani rivojlantirishga mas’ul bo‘lgan davlat idoralari va tadbirkorlar  o‘rtasidagi hamkorlikni yo‘lga qo‘yish kabi masalalar muhokama etildi.   

Nazokat Usmonova, O‘zA