Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyevning 2022 yil 30 apreldagi “Ichki turizm xizmatlarini diversifikatsiya qilishga oid qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida” Qaroriga muvofiq, Madaniyat va turizm vazirligi Soliq qo‘mitasi bilan hamkorligida «Keshbek» tizimi joriy etilmoqda.
Vazirlikdan olingan ma’lumotlarga ko‘ra, 2022 yilning 1 sentyabrdan boshlab “O‘zbekiston bo‘ylab sayohat qil!” dasturi bo‘yicha mamlakatimiz bo‘ylab sayohat qilgan O‘zbekiston Respublikasi fuqarolari xarajatlarining bir qismi qoplab berilmoqda.
“Sayohatlar uchun keshbek” platformasida ishlash juda oson. Buning uchun foydalanuvchi Soliq.uz mobil ilovasini yuklab olishi va FaceID orqali shaxsini tasdiqlashi lozim. Shundan so‘ng ilovada sayohat yo‘nalishi va boshlanish sanasini belgilashi, avia, temir yo‘l yoki avtobus chiptalarining fiskal cheklarini skanerlab kiritishi kerak bo‘ladi. Sayohatdan so‘ng “sayohatni tugatish” tugmachasini bosib, yig‘ilgan keshbek mablag‘ini mahalliy bankning shaxsiy plastik kartasiga ko‘chirishi lozim.

«Keshbek» tizimi soliq xizmatining maxsus mobil ilovasiga ulangan. Mobil ilova yordamida xarajatlarning ishonchliligi tekshiriladi, sayohatlar chekning shtrix-kodi (QR-kod) hamda sayyohlarning doimiy yashash joyi ko‘rsatilgan holda ro‘yhatga olinadi. Sayyoh samolyot, poyezd yoki avtobusdan foydalansa, madaniy ob’ektlar va mehmonxonalarda bo‘lsa, xarajatlarni qoplash butun sayohat davomida amalga oshiriladi.
Sayohat xarajatlari mamlakatimiz sayyohlarining bank kartalarigagina va faqat ushbu platformada ro‘yhatdan o‘tgan ichki sayohatlar uchun qaytariladi.
Roman BONDARCHUK tayyorladi, O‘zA