Ўзбек
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Sayohat manzillari: Zinzilban geologik kesmasi haqida eshitganmisiz?
07:15 / 2022-07-15

Dunyoning yaratilishi tarixi, bu boradagi qarashlar insoniyat uchun hamisha qiziq bo‘lgan. Bugun ilm-fan taraqqiyoti zaminimizda bundan million-million yillar ilgari yashagan jonzotlar, o‘simlik dunyosi qoldiqlarini aniqlamoqda. Mana shunday o‘ta noyob topilmalarga boy tarixiy ahamiyatga molik joylar hamisha dunyo olimlari e’tiborida bo‘lib kelgan.

Qashqadaryo viloyatining Kitob tumanidagi Kitob geologiya milliy tabiat bog‘idagi ham dunyo rivojining ilk namunalari topilgan joy hisoblanadi. Bizga taqdim etilgan ma’lumotlarga ko‘ra, Kitob tumani geologiya milliy tabiat bog‘i Zinzilban kesmasida joylashgan. Dunyo miqyosidagi stratigrafik etalon – EMS yarusining quyi chegarasi standarti yoki global stratotip chegarasining tayanch nuqtasini egasi va saqlovchisi hisoblanadi. Ushbu stratotip 1989 yilda devon stratigrafiyasi Xalqaro komissiyasi tomonidan tanlab olingan va 1996 yilda Xalqaro geologik bilimlar ittifoqida tasdiqlangan. 

Shunday qilib Zinzilban kesmasi butun dunyo geologik meros ob’ekti bo‘lib, Kitob geologiya milliy tabiat bog‘ining Xalqaro statusini ta’minlaydi va quyi devon davriga tegishli, dunyo miqyosidagi 3 ta etalondan bittasi hisoblanadi. Hozirgi kunga qadar xalqaro noyob geologik ob’ekt paleontolog va stratigraflar uchun etalon sifatida xizmat qilishi bilan birga undan xalqaro geologiya hamjamiyati namuna sifatida foydalanib kelmoqda. 

[gallery-7925]

Geologiya tabiat bog‘ida 3 ta yo‘nalishda faoliyat olib boriladi: geologiya, biologiya ilmiy-tadqiqot ishlari va tabiatni muhofaza qilish ishlari. Geologiya tabiat bog‘i hududida paleozoy erasining yuqori ordovikdan, quyi karbon davrigacha bo‘lgan vaqt oralig‘idagi dengiz ostida hosil bo‘lgan qatlamlari saqlanib qolgan. Ular orasida o‘sha qadimgi davrda yashagan hayvon va o‘simliklarning tosh qotgan qoldiqlari ko‘plab uchraydi. Olimlarimizning ko‘p yillik izlanishlari natijasida bu qatlamlarning yoshi 460 million yil bo‘lib, 100 million yillik zaminimizning qadimgi ekologiyasini va iqlim sharoitini aniqlashga imkon beradi.  

Bundan tashqari, hayvon qoldiqlarining ko‘pligi va xilma-xilligi yotqiziqlarni yoshini aniqlashda va ularni taqqoslashda, tog‘ jinslarini hosil bo‘lish sharoitini tushunishda hamda o‘rganilayotgan hududni geologik tuzilishini asoslab berishda o‘ta muhim rol o‘ynaydi. Geologiya tabiat bog‘ida hozirgi kunda 881 ga yaqin o‘simlik turi hamda 169 tur hayvonot qayd etilgan bo‘lib, 18 tur o‘simlik va 13 ta hayvon turi O‘zbekiston Respublikasining “Qizil kitobi”ga kiritilgan. Tabiatni muhofaza qilish yo‘nalishi geologiya yo‘nalishidagi xalqaro va noyob ob’ektlarni tabiiyligini saqlashga hamda biologiya bo‘yicha yo‘nalishi O‘zbekiston Respublikasining “Qizil kitobi”ga kiritilgan kamyob 18 tur o‘simlik, 13 ta hayvon turlarining qirilib ketishini oldini oladi hamda ularni ko‘payishiga zamin yaratadi.  
Geologiya tabiat bog‘i dala bazasida ilmiy-tadqiqot ishlarini olib borish, mahalliy va xorijiy sayyohlarni madaniy dam olishi uchun barcha qulayliklar mavjud.  

– Keyingi yillarda Prezidentimiz tashabbusi bilan Geologiya tabiat bog‘i hududidan samarali foydalanish, hududni ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish, ayniqsa, geoturizm yo‘nalishida sayyohlar oqimini kengaytirish maqsadida bir qator ishlar olib borilmoqda, – deydi Kitob geologiya milliy tabiat bog‘i direktori Nuriddin Abdiyev. – Xususan, “Kitob Davlat geologiya qo‘riqxona”sini “Kitob geologiya milliy tabiat bog‘i”ga aylantirish maqsadida 2020 yilning 30 iyun kuni Prezidentimizning “Tabiatni muhofaza qilish davlat muassasasi shaklidagi kitob geologiya milliy tabiat bog‘ini tashkil etish to‘g‘risida”gi qarori bu boradagi dastlabki qadam bo‘ldi. Mazkur qaror milliy tabiat bog‘i hamda uning atrofidagi hududlarda infratuzilmaning yaratilishiga xizmat qiladi. Bu o‘z navbatida ushbu hududga kelish istagida bo‘lgan mahalliy va xorijiy sayyohlar uchun diqqatga sazovor joylardan biriga aylanadi. Hozirgi kunda Geologiya tabiat bog‘ida turizm sohasini jadal rivojlantirish, mahalliy va xorijiy sayyohlar uchun diqqatga sazovor joylardan biriga aylantirish maqsadida bir qator chora-tadbirlar olib borilmoqda.  

Jumladan, ekoturizm bo‘yicha doimiy Geologiya tabiat bog‘i veb sayti (www.kitob-dgq.uz)da, instagram va telegramda ma’lumot berib borish yo‘lga qo‘yilgan. Ekoturizm bo‘yicha tayyorlangan yo‘l xaritasining marshrut yo‘nalishlarini ko‘paytirish, reklama uchun tayyorlangan bukletlarni turistik firmalarga, mehmonxonalarga, muzeylarga, dam olish maskanlariga va boshqa ko‘plab joylarga tarqatish rejalashtirilgan, yaqin shaharlardan Shahrisabz, Kitob, Samarqand turistik firmalari bilan hamkorlik qilish, tajriba amaliyotlarini o‘rganib bu orqali xorijiy sayyohlarni jalb qilish ko‘zda tutilmoqda.  

Oxirgi yillarda uch tilda chop etilgan ilmiy-ommabop albomni ko‘paytirish va turistik firmalarga, mehmonxonalarga, muzeylarga, dam olish maskanlariga va boshqa ko‘plab joylarga tarqatish mo‘ljallangan. Mahalliy va xorijiy sayyohlarga qulaylik yaratish maqsadida otlarni sayyohlik marshrutlariga tayyorlash, bu orqali daromad olish ham mo‘ljallanmoqda. Bundan tashqari, har bir tayanch kesmalarni o‘rganish, faunalaridan namunalar olish uchun maxsus tog‘ yo‘laklari, keng to‘xtash maydonlari va boshqa ko‘plab qulayliklar yaratilgan. Har bir guruhga hududning biostratigrafiyasini, geologiyasini yoritib beradigan kuchli paleontolog mutaxassislar faoliyat olib bormoqda. Geologiya tabiat bog‘ida mavjud boshqa noyob ob’ektlar ro‘yxati shakllantirilib, ularga olib boruvchi qulay yo‘llar xaritasi ishlab chiqilgan.  

 

O‘lmas Barotov, 
Jamshid Norqobilov (surat) O‘zA