Русский
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Sayohat manzillari: Boysunga kelmagan kim bor?
11:55 / 2023-06-05

Mamlakatimizda yozning jazirama, issiq kunlari boshlandi. Tabiiyki, bu faslda inson soya-salqin joylarga oshiqadi. Go‘zal tabiat qo‘ynida sayr qilishni istaydi.

Surxondaryo viloyati nafaqat, boy tarixiy obidalari, arxeologik yodgorliklari, shifobaxsh suvlari balki, o‘zining to‘rt fasli bilan ham dunyoga mashhur. Boysun, Hisor, Ko‘hitang tog‘ tizmalari cho‘qqilarida yozda ham oppoq qor zumraddek tovlanib turadi. Tog‘ etaklarida esa jazirama issiq kunlarda bahor nafasidan sarxush bo‘lasiz. Masalan, ayni paytda vohaning Boysun tumani markazida mevalar g‘arq pishayotgan bo‘lsa-da, osmono‘par tog‘lar qo‘ynidagi qishloqlarda bahor nafasi esib, yoz taftidan bezigan kishilarni o‘z bag‘riga chorlamoqda.

[gallery-12213]

Tabiat shaydolariga taqdim etilayotgan bu safargi suratlarda tuman markazidan 65 chaqirim uzoqdagi Qizilnavr qishlog‘i manzaralari tasvirga olingan.

– Suratlarga e’tibor bilan qarasangiz, o‘zingizni go‘yoki bahor havosidan nafas olgandek his etasiz, – deydi Boysun tumani axborot xizmati rahbari Yunus Xoliyorov. – Yoz faslida maftunkor bahor qo‘yniga cho‘mgandek bo‘lasiz. Tong payti va oqshom cho‘kishi bilan mayin shabada badaningizni jo‘njiktiradi. Sollanib, sizga mehr bilan tikilayotgandek tuyulgan turfa anvoyi gullar iforidan qalbingiz bir olam zavq-shavqqa to‘ladi. Sharqirab oqayotgan muzdekkina qor suvidan bir simirsangiz bormi, tanangiz yayrab, beixtiyor sergak tortasiz. Bir zumda o‘zingizni yanada yengil his etasiz. Xullas, tabiati go‘zal, odamlari mehmondo‘st bu qishloqda endi mevalar guldan qaytib, hosil nishonalarini ko‘rsatmoqda. Archazorga burkangan tog‘ qishlog‘i chindan ham ekoturizm shinavandalarini maftun etadigan jozibador so‘lim joy. Qishloq ahli va tabiati maftunkor bu tarafga keluvchilar uchun keng, ravon yo‘llar, savdo va boshqa xizmat ko‘rsatish shoxobchalari barpo etilib, qulay sharoit ham yaratilmoqda.  

Tevarak-atrof tandirdek qiziyotgan shu kunlarda Boysun taraflardagi Darband dara, Uzundara yoki neandertal odam qoldig‘i topilgan Teshiktosh g‘orlariga sayohatga chiqsangiz, Qizilnavrga ham albatta keling. Bu go‘shada yoz faslida bahor havosidan to‘yib-to‘yib nafas olasiz. Qishloqning mehmondo‘st, ochiq ko‘ngil, mehnatkash fidoyi odamlari bilan dildan suhbatlashasiz. Tog‘ qo‘ynining afsonaga to‘la boy tarixi va go‘zal tabiat boyliklari bilan yaqindan tanishasiz.

Xolmo‘min Mamatrayimov,

O‘zA muxbiri