Spanish
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Sayohat manzillari: Aylanasi 12 quloch bo‘lgan chinor, “Maqtanchoq buloq” haqida eshitganmisiz?
06:01 / 2022-08-03

Bu galgi sayohatimiz Qashqadaryo viloyati Chiroqchi tumani Qalqama hududida joylashgan Quruqsoy qishlog‘i bo‘ldi.

Bu manzilga bizni qishloqdagi 5 asrlik chinor yetakladi. Fotomuxbir bilan otlandik. Har gal viloyatning tog‘li hududlariga yo‘l olar ekanmiz, olam-olam taassurotlar bilan qaytamiz. Boisi tog‘ yo‘llarida yurish, ajoyib tabiat har qanday kishini o‘ziga rom etadi.  

Tuman markazidan uzoqlashishimiz bilan poyoni yo‘qdek qir-adirlar boshlandi. Bahorda barq o‘rib o‘sgan maysalar, allaqachon bu yilgi faoliyatini yakunlab, sariq tus olgan. Uzoq-uzoqlardan xashak yig‘ayotgan va chorvasini o‘tlatib yurgan chorvadorlar ko‘zga tashlanadi. Toqqa yaqinlashgan sayin havo harorati salqinlasha boshlaydi. Biz yo‘lga chiqqan kun Qalqama aholisi bozor qiladigan kun ekan. Qariyb bir kilometrlik yo‘l odamlar, texnikalar, sotish uchun olib chiqilgan mahsulotlar bilan to‘la. To‘xtashga majbur bo‘ldik, yurishni iloji bo‘lmadi. Fursatdan foydalanib bozorni ham biroz tomosha qildik. 

Ertaklardagi qadimiy bozor tasvirini eslang. Qo‘qib yotgan jun bozori, huv anavi gul bozori... xuddi shu sahna Qalqama bozoriga borib yozilgan bo‘lsa kerak deb o‘ylaysan kishi. Qalqama bozoriga kelsangiz “Marinka” yemasdan ketmang. Tumandan qo‘shilgan hamrohlarimiz shunday deya qo‘yarda qo‘ymay oshxonaga chorladi. Umrimda bunday taom yemagan edim. Aniq bo‘lishicha, “Marinka” faqat shirin suvli daryolarda yashaydigan kichkina hajmli baliq turi ekan. Undan tayyorlangan taom esa juda mazali bo‘lar ekan. Har holda biz shunga amin bo‘ldik. Yana bir qimmatli ma’lumot ushbu baliq turidan tayyorlanadigan taomlar faqatgina Qalqama bozorida arzon ekan.  

Yo‘l yurishda davom etdik. Qalqama tog‘lari boshqa tog‘lardan farq qiladi. Mahobatli toshlar bilan birga tuproq qatlami ham qalingina. Toqqa o‘rmalab chiqa boshlagach o‘ng tomonda suvining beshdan bir qismi qolgan Qalqama suv ombori ko‘z o‘ngimizda gavdalandi. Ushbu ombor sel suvlari hisobiga to‘ladi va qishloq xo‘jaligi ekinlarini sug‘orish uchun sarflanadi. Avvaliga soyliklarga ulanib ketgan qir-adirlar undan so‘ng haqiqiy tog‘ yo‘llari boshlandi. Nihoyat qadimiy chinorga makon bo‘lgan Quruqsoy qishlog‘iga yetib keldik. Shu yerlik oqsoqollarning ta’kidlashicha, ushbu qishloqda qadimiy Yuz urug‘iga mansub 400 dan ortiq xo‘jalik yashaydi.  

Ma’lumot o‘rnida Chiroqchida yashovchi har bir hudud aholisi yetti yoshdan yetmish yoshgacha o‘zining qaysi urug‘ga mansubligini biladi. Bu borada manaman degan tarixchi ham ular bilan tortisha olmaydi. Mehmonga borib qolsangiz ham birinchi savoli shunday: Siz qaysi urug‘dansiz? Agar sizda bunday ma’lumot bo‘lmasa ham ranjimang qiyofangizga va kelib chiqishingizga qarab urug‘ingizni albatta topishadi. Quruqsoy qishlog‘ining tarixi ham ajoyib. Aytishlariga qaraganda bir paytlar qishloq hududi buloqlari sharillab oqib turuvchi, archazorga boy qo‘riq ya’ni o‘rmon joy bo‘lgan. Nima bo‘ladiyu o‘rmonga o‘t ketadi. Daraxtlarning katta qismi yonib ketadi. Yam-yashil qo‘riq o‘rni qup-quruq tog‘u toshga aylanadi. Soylari ham qurib qoladi. Shu-shu bu hudud Quruqsoy deya atala boshlaydi. 

O‘sha bizga ta’riflangan azim chinor bizni qarshi oldi. Uning mahobatini atrofni egallab turgan soyasidan ham anglash mumkin. Soyaning qalinligidan ostiga quyosh nuri tushmaydi. Chinor ostida mo‘’jazgina loysuvoq supa qurilgan. Albatta dam oluvchilar uchun. Unda o‘tirib biroz salqinladik. Musaffo havodan sipqirib, chuqur-chuqur nafas oldik. Ijodiy guruh va atrofda yig‘ilganlar 8 kishi bo‘lib, chinorni qulochkashladik, ammo qulochimiz yetmadi. Yana to‘rt kishini yordamga chaqirdik. Shundagina chinor aylanasini to‘liq qamray oldik. Ushbu chinor tarixi bilan bog‘liq rivoyatlarni quruqsoylik oqsoqollar shunday hikoya qiladi: 

– Bu chinor besh asrdan ziyod tarixga ega, – deydi Hamro bobo Siddiqov. – Ota-bobolarimizdan yetib kelgan ma’lumotlarga ko‘ra, bu kabi chinorlar Mirzo Ulug‘bek davrida ekilgan. Uning ekilishidan ikkita maqsad ko‘zlangan. Mirzo Ulug‘bek astronomiya ilmiga qiziqqani bois ushbu chinorlarni yulduzlarning osmonda joylashgan holatiga qarab ekkan va har gal kelganda yulduzlardagi o‘zgarishlarni kuzatgan. Bundan tashqari, doim Quruqsoy tomonlarga oylab shikorga chiqqan va yo‘lida adashib ketmaslik uchun mana shunday ekilgan chinorlar belgi vazifasini

o‘tagan. Ayni paytda bu kabi chinorlardan Samarqanddan to bizni qishloqqacha 7 tup bor.  

Bu rivoyatlar qanchalik haqiqatga yaqin yoki uzoq bizga no’malum. Bu borada birorta yozma ma’lumotlarni ham kuzatmadik. Ammo bir narsa aniqki qishloqning buloq suvlari oqib turadigan soy bo‘yida barq urib turgan ushbu chinor qanchadan-qancha yo‘lovchiyu sayyohlarga xizmat qilgani, qanchadan qancha tarixiy voqealarga guvoh bo‘lgani tayin. Boisi ushbu tuproqlar Amir Temurdek sohibqiron bobomiz va uning ota-bobolari makon tutgan maskan. Hudud aholisi asosan lalmi dehqonchilik, bog‘dorchilik va chorvachilik bilan shug‘ullanib, ro‘zg‘or tebratishadi. Ayniqsa, quruqsoylik bog‘bonlar yetishtirgan uzumlar ta’mi tillarda doston. Masalan, Murod Xo‘jayorov ayni paytda 65 yoshda soyni yona qismida 40 sotixlik tomorqasida lalmi uzumzori bor. 

– Ushbu uzumzorni otamizning otasi tashkil qilgan va ularning ko‘pchiligi yosh bo‘yicha mendan ham katta, – deydi M. Xo‘jayorov. – Har ikki-uch yilda novdalari yoshartirib turiladi. Uzumzorda oilaviy mehnat qilamiz. Asosan, qora va oq kishmish navlaridan ekilgan. Boshqa navlardan ham bor. Yiliga 2,5-3 tonna ho‘l mevasini sotamiz. 500 kilogrammdan ziyod mayiz qilinadi. Bozorga ham borib yurmaymiz xaridorlarni o‘zi uyimizdan olib ketadi. Tirikchilik shundan.  

Tog‘da sharoit og‘ir, lekin mehnat qilgan odam kam bo‘lmaydi. Qishloq odamlari juda samimiy. Qishloqda ayni payt 54 ta buloq bor. Buloqlarning har biriga bir-biridan ajoyib nomlar qo‘yilgan. Ulardan eng mashhuri “Maqtanchoq buloq”. Uning nomi antiqaligi qiziqishimizni orttirdi. Ma’lumotlarga ko‘ra, ushbu buloqni Chuchchi ismli keksa momo qishloqning yuqori qismidagi oqsoqol hududidagi buloqdan suv bermay qo‘ygach, ko‘z yosh to‘kkancha qo‘llari bilan qazgan. Shu-shu u yerda ajoyib buloq paydo bo‘lgan va bugungi kungacha buloqdan suv chiqib turadi va qishloqning qariyb yarim aholisi undan suv ichadi. Biz ham buloq suvidan ichib ko‘rishga oshiqdik. Emishki uning suvidan bir bora ichgan odam bir oz o‘tgach kayfiyati ko‘tarilib, maqtana boshlar va tinmay gapirar ekan. Bundan tashqari, o‘zini tetik va bardam his qilib, quvvati osharmish. Jimirlab oqib turgan ziloldek buloq suvi o‘ziga maftun etadi. Ta’mi totli va kishiga huzur bag‘ishlaydi, tana yayraydi.  

Haqiqatdan ham shirin xayollar sura boshlaysan. Saxovatli ona zaminning bag‘ridan jo‘shib chiqayotgan buloq suvi insonlarga hayot bag‘ishlaydi. Xullas biz ham buloq suvidan qonib-qonib ichdik. Shundan bo‘lsa kerak Quruqsoy qishlog‘i va uning ajoyib tabiati va o‘ziga xos, samimiy odamlarini og‘izdan tushirmay maqtab qoldik... 

O‘lmas Barotov, 
 Jamshid Norqobilov (surat) O‘zA