English
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Saylovlarda qatnashish huquqidan bebahra qolgan ayol dili og‘riganini esladi
17:09 / 2021-10-20

Oilasi bag‘rida shirin hayot kechirayotgan Zamira Xoldorovani bir muammo – O‘zbekiston fuqaroligini olish qiynar edi. Tunu kun, oylar, yillar davomida shu haqida o‘ylardi.

O‘zbekiston Jurnalistlari ijodiy uyushmasiga ishga kelganiga uch yildan oshgan Z. Xoldorova 1964 yilning 8 dekabr kuni Qirg‘iziston Respublikasining Jalolobod shahrida, o‘zbek oilasida dunyoga kelgan. Olti qiz, bir o‘g‘il tarbiyalangan ushbu oilaning to‘ng‘ich farzandlari Jamila va Omadxonlar Toshkentdagi oliy ta’lim muassasalariga o‘qishga kiradi. O‘qishni a’lo baholarga bitirgan ikki qiz ham taqdir taqozosi bilan toshkentlik yigitlarga turmushga chiqdi. Opalarining to‘y-tomoshalari, diydor bahona O‘zbekistonga kelib-ketib yurgan Zamira ham poytaxtimizda yashovchi Alijon (marhum) ismli yigitga ko‘ngil berdi. Nikohdan keyin 1993 yildan Toshkent shahar Chilonzor tumanida yashaydi.  

 SSSR pasportiga ega Z.Xoldorova ushbu hujjatni ham yo‘qotib qo‘yadi. Tiklash uchun yelib-yuguradi, sarson-sargardon bo‘ladi. Nihoyat, 1996 yil boshida O‘zbekistonda vaqtinchalik yashash huquqini beruvchi, keyinroq, fuqaroligi bo‘lmagan pasportga ega bo‘ladi. Shu orada birin-ketin farzandlari Ruslan va Nodira tug‘iladi.  

  Har besh yilda fuqarolikni olish uchun dastlab Chilonzor keyin Sergeli tumanlari ichki ishlari bo‘limlari «pasport stol»lariga tegishli hujjatlarni taqdim etar, boj pullarini to‘lar, ammo natija bo‘lmasdi.  Davlatimiz rahbarining tegishli qarorlariga binoan O‘zbekiston fuqaroligini olganlar ro‘yxati gazetada chiqqanida shu ro‘yxatlarni qayta-qayta sinchiklab o‘qir, ism-sharifi chiqmagach, kayfiyatu ruhiyati tushib ketar, ko‘ngliga hech narsa sig‘masdi.  

 Yillar ketidan yillar o‘tadi. Orzusi ushalishidan umid uzmagan Z. Xoldorova ko‘p muammolarga duch keladi. Yangi qo‘l telefon apparati olib xursand bo‘lgan kuni nomer olishda «Sizni bu pasportingizga nomer berish mumkin emas», deb qaytarilganda qancha ezilgan bo‘lsa, maishiy texnika olish uchun kredit berilmaganida shuncha ko‘ngli o‘ksigan. Shifoxonada fuqaroligi bo‘lmagani uchun qo‘shimcha pul to‘lash talab etilganida va boshqa kamsitilish holatlariga duch kelganida har gal alamdan yum-yum yig‘lagani yodidan chiqmagan hanuz. Suhbat davomida hatto «O‘zbekiston fuqaroligini ololmay o‘lim ketamanmi», degan xayollarga borganini ham yashirmadi.  

 Qo‘ni-qo‘shnilar, oila a’zolari o‘tgan yillar mobaynida bo‘lib o‘tgan saylovlarda qatnashganini ko‘rib, bu imkoniyat va huquqdan bebahra inson sifatida dili og‘riganini kechagidek eslaydi.  

 –  Joriy yilning 30 avgust kuni chamasi soat 14:00 larda Sergeli tuman ichki ishlar bo‘limi «Pasport stoli»dan qo‘ng‘iroq bo‘ldi, – deydi Z. Xoldorova. – Xushxabarni eshitgan holatimni tasvirlab bera olmayman. Ko‘zimga birdan yosh kelgan. Quvonchdan boshim osmonga yetgan. O‘zimni dunyodagi eng baxtli ayoldek his qilganman. 2021 yil men uchun omadli keldi. O‘zbekiston Respublikasi fuqaroligini oldim.  Endi 24 oktyabr kuni bo‘lib o‘tadigan saylovda ishtirok etaman. Shu kunlarga yetishni 27 yil kutganman.  

 Suhbat davomida Zamira opa yoshi oltmishga yaqinlashgan bo‘lsa-da, hayoti davomida biron marta bo‘lsa ham saylovda qatnashmaganini aytdi.  

   

 

Xolmurod SALIMOV,  

O‘zbekiston Jurnalistlari ijodiy  

uyushmasi raisi o‘rinbosari