Ўзбек
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Saylovlarda fuqarolar faolligini oshirishda fuqarolik jamiyati institutlarining roli qanday?
15:50 / 2024-10-23

Ma’lumki, joriy yilning 26 iyul kuni Markaziy saylov komissiyasi majlisida Oliy Majlis Qonunchilik palatasi va mahalliy Kengashlar deputatlarining saylovi joriy yilning 27 oktyabrida “Mening tanlovim – obod Vatan!” shiori ostida o‘tkazilishi haqida qaror qabul qilindi.

Saylovlar birinchi marta majoritar-proporsional (aralash) tizim asosida o‘tkaziladi. Yangi shartlar va imkoniyatlar ostida o‘tkaziladigan bu yilgi saylovlarda nodavlat notijorat tashkilotlari O‘zbekistonda zamonaviy fuqarolik jamiyatini shakllantirish, demokratiyani qaror toptirish, fuqarolarning huquq va erkinliklarini himoya qilishda muhim rol o‘ynaydi.

Shunday ekan, bu yilgi saylovlar jarayonida nafaqat siyosiy partiyalar va mas’ul davlat organlarining vakillari, balki fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlari, nodavlat notijorat tashkilotlari va fuqarolik jamiyatining boshqa institutlari vakillari ham bevosita faol ishtirok etishlari, jamoatchilik nazorati huquqidan samarali foydalanishlari uchun yetarli normativ-huquqiy asoslar mavjud.

Saylov kodeksida xalqaro norma va standartlarga mos ravishda nodavlat notijorat tashkilotlari va jamoat birlashmalarining saylovlardagi ishtiroki aniq belgilab berilgan.

Jumladan, Markaziy saylov komissiyasining majlislariga jamoat birlashmalari va tashkilotlarining vakillari taklif etiladi. Jamoat birlashmalari o‘z a’zolarining xohish-irodalarini erkin bildirish maqsadida Markaziy saylov komissiyasi yig‘ilishlarida ishtirok etishini saylov jarayonining ochiqligi va shaffofligi sifatida e’tirof etish mumkin.

Shu bilan birga, uchastka saylov komissiyasi a’zoligiga nomzodlar ham fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlari, jamoat birlashmalari, korxonalar, muassasalar va tashkilotlar tomonidan ko‘rsatilishini davlat organlari va nodavlat notijorat tashkilotlarning saylovlarni tashkil etish va o‘tkazishdagi o‘zaro manfaatli hamkorligiga misol sifatida aytish mumkin.

Mazkur kodeksga asosan fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlari vakillari saylovlarda kuzatuvchi sifatida ishtirok etishi mumkin. Bugun mamlakatimizda demokratik institut sifatida shakllangan mahalla instituti vakillari muddatidan oldin ovoz berish, ovoz berish kuni saylov uchastkasining ochilish va saylov natijalarini aniqlash va e’lon qilish jarayonlarini kuzatib borishi mumkinligi milliy demokratik institutning o‘rnini yanada oshiradi.

Shuningdek, NNTlar saylovoldi tashviqot ishlarida, ovoz berish, saylov natijalarini hisoblashda bevosita ishtirok etish huquqi orqali saylov jarayonining har bir bosqichida samarali jamoatchilik nazoratini amalga oshirish imkoniyati yaratiladi. Shu sababli mamlakatimizda saylov jarayonlarini oshkoralik, shaffoflik, haqqoniylik, xolislik kabi demokratik prinsiplarini amalga oshirishda NNTlar eng muhim o‘rin egallaydi.

NNTlar o‘z faoliyatini tegishli komissiyalar tomonidan berilgan mandatlar asosida amalga oshirib, saylov uchastkasida ushbu kodeksning talablari buzilishiga yo‘l qo‘yilgan, deb hisoblash uchun asoslar bo‘lsa, tegishli saylov komissiyasiga ma’lum qilish lozim hisoblanadi.

Shuningdek, kodeksga ko‘ra, Markaziy saylov komissiyasi imzo varaqalari to‘g‘ri to‘ldirilganligini tekshiruvchi Ekspert guruhini tuzishi mumkin. Ekspert guruhi tarkibiga davlat organlari qatori fuqarolik jamiyati institutlari vakillari ham jalb etilishi mumkin.

Yuqoridagilarning barchasi nodavlat notijorat tashkilotlari tomonidan saylov jarayonlari ustidan ta’sirchan jamoatchilik nazorati va saylovlarda faol ishtirok etishi orqali mamlakatimizda davlat boshqaruvida ochiqlik va oshkoralikni yanada mustahkamlanishida muhim omil bo‘lib xizmat qiladi.

Yana bir muhim jihatni aytib o‘tish kerakki, avvalgi saylovlarda fuqarolik jamiyati institutlari, xususan, NNTlar birmuncha faol ishtirok etdi.

Shuningdek, Nogironlar assotsiatsiyasi tomonidan o‘tgan yili “Deputatlar maktabi” tashkil etildi. Respublikamiz bo‘ylab 30 nafar imkoniyati cheklangan fuqarolar saylovlarda o‘z nomzodini ilgari surish uchun maxsus yo‘nalishlarda 3 oy davomida o‘qitildi.

Bu yilgi saylovlarda ham Nogironlar assotsiatsiyasi va Nogironlar jamiyati saylov uchastkasida imkoniyati cheklanganlarga yetarli sharoitlar yaratilganligi yuzasidan jamoatchilik monitoringini amalga oshirmoqda.

Bular bejiz emas. Sababi, 2021 yili O‘zbekiston BMTning Nogironlar huquqlari to‘g‘risidagi Konvensiyani ratifikatsiya qildi. Ushbu Konvensiyada siyosiy va ijtimoiy hayotda imkoniyati cheklangan fuqarolarning faol ishtirokini ta’minlash masalalari qo‘yilgan. Qolaversa, milliy saylov tizimimizga inklyuzivlik mezoni kiritilgan, shulardan kelib chiqib, yurtimizdagi siyosiy jarayonlarda barcha uchun teng sharoit yaratishga katta e’tibor qaratilmoqda va bu jarayonda nodavlat notijorat tashkilotlari faol ishtirok etyapti.

27 oktyabr kuni bo‘lib o‘tadigan saylovda O‘zbekiston nodavlat notijorat tashkilotlari milliy assotsiatsiyasiga a’zo NNTlardan Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputatligiga 21 nafar nomzod, Qoraqalpog‘iston Respublikasi Jo‘qorg‘i Kengashi, viloyatlar Toshkent shahar Kengashlari deputatligiga 73 nafar va Tuman va shahar Kengashlari deputatligiga 132 nafar nomzod ilgari surilgan. Shundan 93 nafari ayol, 133 nafari erkak, jami 226 ta nomzod mazkur saylovda o‘z nomzodlarini qo‘ygan.

Nomzodlarning 48 nafari O‘zbekiston “Milliy tiklanish” demokratik partiyasiga, 50 nafari O‘zbekiston Xalq demokratik partiyasiga, 41 nafari Tadbirkorlar va ishbilarmonlar harakati – O‘zbekiston Liberal-demokratik partiyasiga, 45 nafari O‘zbekiston “Ekologik” partiyasiga va 42 nafari O‘zbekiston “Adolat” sotsial-demokratik partiyasiga to‘g‘ri keladi.

Alohida qayd etmoqchimanki, bu yilgi mazmunan yangi va texnologik saylovlar ochiq, shaffof va yuqori saviyada o‘tishi uchun O‘zNNTMA va uning ikki mingdan ortiq a’zo nodavlat notijorat tashkilotlari faol ishtirok etadi.

Kamoliddin Eshonxo‘jayev,

O‘zNNTMA Kengashi raisi.