French
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Saylovlar oktyabr oyi uchinchi o‘n kunligining birinchi yakshanbasida o‘tkazilishi belgilanmoqda
16:16 / 2021-01-27

Oliy Majlis Qonunchilik palatasining fraksiya yig‘ilishlarida, shuningdek, bo‘lib o‘tgan nabatdagi yalpi majlisida "Saylov to‘g‘risidagi qonun hujjatlari takomillashtirilishi munosabati bilan O‘zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida”gi qonun loyihasi muhokamasi bo‘lib o‘tdi.

Qonun loyihasi 2017-2021 yillarda O‘zbekiston Respublikasini rivojlantirishning beshta ustuvor yo‘nalishlari bo‘yicha Harakatlar strategiyasini amalga oshirish bo‘yicha deputatlar tashabbusi bilan ishlab chiqilgan.

bugungi kunda milliy saylov qonunchiligimizni takomillashtirish, uni umume’tirof etilgan xalqaro standartlarga muvofiqlashtirish va amalga oshirilayotgan demokratik islohotlar bilan uyg‘unlashtirish, mamlakatimizning siyosiy nufuzini yangi bosqichga ko‘tarish, xalqaro reyting va indekslardagi o‘rnini yanada yaxshilash asosiy vazifalardan biri hisoblanadi.

2019 yilda bo‘lib o‘tgan parlament saylovlarida yuzaga kelgan bir qator kamchilik va muammolarni bartaraf etish, xalqaro tashkilotlarning ayrim maqbul tavsiyalarini milliy qonunchilikka implementatsiya qilish orqali mamlakatimizda ushbu sohada amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli islohotlar mohiyatini xalqaro hamjamiyatga yetkazish zarurati mavjud.

Qonun loyihasida quyidagi asosiy masalalar nazarda tutiladi:

– xalq deputatlari tuman (shahar) Kengashlariga saylov o‘tkazuvchi okrug saylov komissiyalari instituti tugatilmoqda va ularning vakolatlari tuman (shahar) saylov komissiyalari zimmasiga yuklanmoqda;

– xorijda istiqomat qilayotgan O‘zbekiston fuqarolarini diplomatik vakolatxonalarning konsullik hisobida bo‘lishi yoki bo‘lmasligidan qat’iy nazar saylovchilar ro‘yxatiga kiritish tartibi, shuningdek, chet davlatlarda saylovchilar yashayotgan yoki ishlayotgan joyida ko‘chma qutilarda ovoz berishning huquqiy asoslari yaratilmoqda;

– saylov komissiyalari a’zolariga haq to‘lab berish, kompensatsiya to‘lash hamda ish haqini hisoblashning aniq tartibi o‘rnatilmoqda;

– "Siyosiy partiyalarni moliyalashtirish to‘g‘risida”gi qonun Saylov kodeksi bilan muvofiqlashtirilib, parlament va mahalliy vakillik organlariga saylovlar bilan teng ravishda prezidentlik saylovlarini ham davlat tomonidan moliyalashtirish tartibi belgilanmoqda;

– saylov komissiyalarining nomzodlarning saylovchilar bilan uchrashuvlarini tashkil etishga oid vazifasi chiqarib tashlanmoqda;

– saylov natijalarini e’lon qilish muddatlarining asossiz cho‘zilishining oldini olish maqsadida saylov komissiyalari qarorlari ustidan shikoyat muddati 10 kundan 5 kunga qadar qisqartirilmoqda;

– siyosiy partiyalarning saylovoldi tashviqoti uchun ajratilgan mablag‘lardan foydalanishning shaffofligini ta’minlash maqsadida ular tomonidan saylovdan oldin oraliq va saylovdan so‘ng yakuniy moliyaviy hisobotlarni, shuningdek, Hisob palatasining partiyalar faoliyatini tekshirish natijalarini e’lon qilish tartibi joriy etilmoqda.

Amaldagi qonunchilikka muvofiq Prezidentlik saylovi, Oliy Majlis Qonunchilik palatasiga hamda mahalliy vakillik organlariga saylovlar tegishincha ularning konstitutsiyaviy vakolat muddati tugaydigan yilda – dekabr oyi uchinchi o‘n kunligining birinchi yakshanbasida o‘tkaziladi.  

Saylovlarning dekabr oyida o‘tkazilishi:

– saylovlardan keyingi siyosiy tadbirlar (parlament birinchi majlisini o‘tkazish, Hukumatni shakllantirish, davlat rahbarining Oliy Majlisga Murojaatnomasi) yangi yilning birinchi choragi oxiriga qadar cho‘zilishiga olib kelib, natijada Davlat dasturini qabul qilish va boshqa islohotlar kechiktirilishiga sabab bo‘ladi;

– qator xorijiy davlatlarning bayramlari arafasiga (masalan, rojdestvo 25 dekabr) to‘g‘ri kelishi sababli jahon miqyosida obro‘ga ega bo‘lgan xalqaro kuzatuvchilarning saylovda ishtirokini ta’minlashda muayyan qiyinchiliklarni vujudga keltiradi;

– dekabr oyi qish mavsumiga to‘g‘ri kelishi sababli saylovoldi tashviqoti tadbirlarini keng qamrovli o‘tkazish va unda saylovchilarni jalb etishda qator noqulayliklar kelib chiqishiga sabab bo‘ladi.

Shuning uchun ham qonun loyihasida O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti saylovi, O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Qonunchilik palatasiga, Qoraqalpog‘iston Respublikasi Jo‘qorg‘i Kengesiga, viloyatlar, tumanlar va shaharlar davlat hokimiyati vakillik organlariga saylov tegishincha ularning konstitutsiyaviy vakolat muddati tugaydigan yilda – oktyabr oyi uchinchi o‘n kunligining birinchi yakshanbasida o‘tkazilishi belgilanmoqda.

A. Tulegenova,  

Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi deputati,

O‘zLiDeP fraksiyasi a’zosi