Қазақ
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Saylovlar Namanganda yuksak saviyada tashkil etiladi
16:58 / 2024-10-10

Shu yilning 27 oktyabr kuni mamlakatimizda “Mening tanlovim – obod Vatanim” shiori ostida Oliy Majlis Qonunchilik palatasi va xalq deputatlari mahalliy Kengashlariga o‘tkaziladigan saylovlar Yangi O‘zbekistonning demokratik yo‘ldagi muhim bosqich hisoblanadi.

Viloyat hududiy saylov komissiyasida ommaviy axborot vositalari vakillari ishtirokida bo‘lib o‘tgan matbuot anjumanida saylov jarayonlari haqida to‘laqonli ma’lumotlar berildi. Viloyat hududiy saylov komissiyasi raisi, Namangan davlat universiteti rektori, professor Sobitxon Turg‘unov aytib o‘tganidek, O‘zbekiston Respublikasi Markaziy saylov komissiyasi tomonidan tuzilgan kalendar-rejaga asosan, Namangan viloyati hududiy saylov komissiyasining qarori bilan xalq deputatlari viloyat Kengashiga saylov o‘tkazuvchi 55 ta saylov okruglari tuzildi.  

“Ye-saylov” elektron tizimi vositasida saylov uchastkalarining joylashuvi yuzasidan shahar, tuman hokimliklarining taqdimnomalari ko‘rib chiqilib, viloyat hududida 837 ta saylov uchastkasi tashkil etildi. Shularning yettitasi maxsus saylov uchastkasi hisoblansa, 59 tasi esa qo‘shni davlatlar bilan chegaradosh tumanlar hududida tuzildi.  

Anjumanda qayd etilganidek, saylov qonunchiligiga kiritilgan o‘zgarishlar, bu galgi saylovlarga joriy qilingan yangiliklar bois saylov komissiyalari a’zolarining malakasini oshirish uchun bosqichma-bosqich o‘quv-uslubiy mashg‘ulotlar tashkil etildi. O‘quv kurslarini yuqori saviyada o‘tkazish maqsadida yuqori malakali ekspertlar tomonidan o‘quv rejalariga muvofiq ma’ruza matni, topshiriq savollari, test, taqdimot, infografika, video-darslar ko‘rinishdagi o‘quv-uslubiy materiallardan foydalanildi.  

Xalq deputatlari Namangan viloyati Kengashiga saylov o‘tkazuvchi 55 ta saylov okrugiga beshta siyosiy partiyaning har biridan bir nafardan, jami 275 nafar nomzod tasdiqlandi. Shundan, deputatlikka tavsiya etilayotgan nomzodlarning 46,5 foizini xotin-qizlar tashkil etmoqda. Xalq deputatlari shahar va tuman Kengashlaridagi 345 ta saylov okrugiga esa beshta siyosiy partiyaning har biridan bir nafardan, jami 1 ming 725 nafar nomzod tasdiqlandi.  

Saylov jarayonlarining oshkora va haqqoniy tarzda o‘tishini ta’minlashda kuzatuvchilarning ishtiroki juda muhim. Shu ma’noda, Namangan viloyatiga tashrif buyurgan Yevropada xavfsizlik va hamkorlik tashkiloti, Demokratik institutlar va inson huquqlari bo‘yicha byurosi kuzatuvchilari – germaniyalik Kati Xyotger hamda Buyuk britaniyalik Martin Bruks viloyat hududiy saylov komissiyasida bo‘lib o‘tgan matbuot anjumanida bevosita ishtirok etdi.  

Matbuot markazi a’zolari tomonidan, telegram ijtimoiy tarmog‘idagi maxsus kanal orqali hududiy saylov komissiyasi faoliyati va saylovga tayyorgarlik bilan bog‘liq barcha ma’lumotlar, xabarlar, komissiya qarorlari muntazam berib borilmoqda.  

Oqilxon Dadaboyev, O‘zA.