Ўзбек
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Saylovlar demokratik tamoyillar asosida o‘tadi
14:47 / 2024-10-08

Yangi O‘zbekistonni barpo etish yo‘lida amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli islohotlarning ustuvor yo‘nalishlaridan biri bu inson huquqlarini har tomonlama ta’minlash masalasidir. Islohotlar jarayonida Konstitutsiyasida mustahkamlab qo‘yilgan eng ilg‘or demokratik tamoyillarni hayotga tatbiq etish, fuqarolarning davlat va jamiyat boshqaruvidagi ishtirokini, saylov huquqini yanada kengroq ta’minlashga alohida e’tibor qaratilmoqda.

So‘nggi yillarda mamlakatimizda saylov tizimining shaffofligi va adolatliligini oshirish maqsadida bir qator tizimli ishlar amalga oshirildi. Bu islohotlar nafaqat saylov jarayonini, balki saylovchilar ishonchini ham kuchaytirishga qaratilgan. Jumladan, saylov uchastkalarining soni ko‘paytirildi, saylovchilar ro‘yxatini yangilash va takomillashtirish jarayoni optimallashtirildi. Saylov komissiyalari mustaqil va neytral bo‘lishi uchun yangi qoidalar joriy etildi. Bundan tashqari, saylovchilarga kengroq axborot taqdim etish va ularni xabardor qilish uchun davlat va mustaqil ommaviy axborot vositalariga erkin kirish imkoniyatlari yaratildi. Bu islohotlar saylovchilar orasida ishonchli axborot yetkazib berishni ta’minlaydi va saylov jarayonidagi noaniqliklarni bartaraf etishga yordam beradi. 

Saylov islohotlarining eng muhim jihatlaridan biri elektron ovoz berish tizimining joriy etilishi bo‘ldi, bu esa saylovchilarga qulaylik yaratish va saylov jarayonini tezlashtirishda muhim rol o‘ynaydi. Rivojlangan mamlakatlarda saylov jarayonlarida zamonaviy axborot texnologiyalari imkoniyatlaridan samarali foydalanilishi saylovning ochiqligi va oshkoraligini ta’minlashning asosiy omili sifatida qaralmoqda. O‘zbekiston saylov qonunchiligini isloh qilish borasida ham bir qator muhim hujjatlar qabul qilindi. Mazkur hujjatlar saylov jarayonlarida ochiqlik, adolat va zamonaviylikni ta’minlashga, shuningdek, saylovchilarning huquqlarini kengroq kafolatlashga xizmat qilmoqda. 

Saylovlar – demokratik davlatlar taraqqiyotida va fuqarolarning siyosiy huquqlari tizimida muhim konstitutsiyaviy-huquqiy institut sifatida namoyon bo‘ladi. Saylov ovoz berish orqali davlat organlari, mahalliy o‘zini-o‘zi boshqarish organlari va boshqa tuzilmalarni tashkil etish vositasi hisoblanib, fuqarolarning o‘z saylov huquqini amalga oshirishi - ularning davlatni boshqarishda ishtirok etishining eng muhim shakllaridan biri hisoblanadi. Demokratiya va saylov tushunchalari doimo yonma-yon yuradi. Bu iboraning ma’nosini mamlakatning boshqaruv organlariga o‘tkaziladigan saylov jarayonlarida bevosita xalqning hamda ular saylagan vakillik organlari a’zolarini ishtiroki orqali ifodalash mumkin. 

Mamlakatimizda joriy yilda o‘tkaziladigan parlament saylovlariga mavjud partiyalar qizg‘in hozirlik ko‘rgan. Ular saylov oldidan o‘z dasturlarini qayta ko‘rib chiqib, saylovchilar uchun dolzarb masalalarni yorituvchi va ularni hal qilishga qaratilgan yangi takliflar bilan siyosiy maydonga tushmoqda. Siyosiy partiyalar o‘rtasidagi kurash asosan iqtisodiy rivojlanish, ijtimoiy adolat, korrupsiyaga qarshi kurash va ta’lim sifatini oshirish kabi masalalar atrofida kechmoqda. Bu masalalar saylovchilar orasida katta qiziqish uyg‘otmoqda va ularning qaror qabul qilishida muhim rol o‘ynaydi. Har bir partiya saylovoldi kampaniyalarida o‘z dasturining afzalliklarini ko‘rsatishga harakat qilmoqda, shu jumladan, iqtisodiy o‘sishni rag‘batlantirish, yoshlar uchun yangi ish o‘rinlarini yaratish va ijtimoiy himoyani kuchaytirish kabi mavzular e’tibor markazida. 

Partiyalar va nomzodlar raqobatning keskinlashishi sababli turli strategiyalarni qo‘llamoqda, jumladan, xalq bilan bevosita uchrashuvlar, ijtimoiy tarmoqlar orqali kampaniyalarni kengaytirish, televideniye va radio orqali debatlar tashkil etish kabi jarayonlar ushbu strategiyalarning yaqqol misoli bo‘la oladi. Saylov kampaniyalari davomida partiyalar iqtisodiy dasturlar, ijtimoiy islohotlar, milliy xavfsizlik va tashqi siyosat masalalarini targ‘ib qilmoqda. Alohida e’tibor ijtimoiy tarmoqlar orqali olib borilayotgan kampaniyalarga qaratilgan. Zamonaviy texnologiyalarni qo‘llash partiyalar va nomzodlarga yosh saylovchilarga tez va samarali tarzda yetib borish imkonini beradi. Shu bilan birga, so‘nggi vaqtlarda saylovoldi kampaniyalarda “feyk” ya’ni yolg‘on yangiliklar va dezinformatsiya bilan kurashish muammosi ham dolzarb bo‘lib qolmoqda. Bu saylovchilarning qaror qabul qilish jarayoniga ta’sir ko‘rsatishi mumkin bo‘lgan muhim omillardan biri hisoblanadi.

Saylov jarayonining ochiqligi va adolatliligi har bir demokratik saylovning asosi bo‘lib, bu borada xalqaro kuzatuvchilarning roli muhim ahamiyat kasb etadi. 2024 yilgi saylovlar ham xalqaro kuzatuvchilar faol ishtirok etmoqda. Xalqaro tashkilotlar va xorijiy davlatlar kuzatuvchilarining saylovlardagi ishtiroki saylovni demokratik tamoyillar asosida, ochiq va oshkora o‘tkazishda muhim ahamiyatga ega. Shu bilan birga, xalqaro kuzatuv fuqarolarning saylov huquqlarining amalga oshirilishini ta’minlash, saylov jarayoni amaliyoti bo‘yicha ikki tomonlama bilim va axborot almashishga xizmat qilishi bilan bir qatorda mustahkam xalqaro aloqalarni o‘rnatish uchun asos bo‘lib xizmat qiladi.

Milliy saylov tizimi muttasil rivojlanib va takomillashib borayotgan Yangi O‘zbekistonda fuqarolarning va saylov jarayoni boshqa ishtirokchilarining saylov huquqlari va erkinliklarini amalda ta’minlashga yo‘naltirilgan izchil islohotlar yuksak samara bermoqda. Shu bilan birga, O‘zbekiston nafaqat o‘z milliy saylovlari, balki referendumlarini o‘tkazishda xalqaro kuzatishni amalga oshirish uchun ochiqdir. Saylov jarayonida adolatli muhit yaratish, barcha partiya va nomzodlar uchun teng imkoniyatlar ta’minlash maqsadida zarur chora-tadbirlar ko‘rilgan. Bularning barchasi saylov jarayonining ishonchliligini oshiradi va saylovchilar ishonchini mustahkamlaydi. 

Yoshlar saylovlarda faol qatnashayotgan asosiy bo‘g‘inlardan biridir. Yoshlar uchun ta’lim sifatini yaxshilash, bandlik imkoniyatlarini kengaytirish va ularga moslashuvchan ish o‘rinlarini yaratish bo‘yicha takliflar saylov kampaniyalarining muhim qismi hisoblanadi. Barcha siyosiy partiyalar yoshlar uchun keng ko‘lamli dasturlarni taklif etmoqda, jumladan, oliy ta’lim tizimini isloh qilish, xalqaro grantlar va stipendiyalar sonini ko‘paytirish, startaplar va innovatsiyalarni qo‘llab-quvvatlash, yoshlarning tadbirkorlik tashabbuslarini rag‘batlantirish kabi sohalar shular jumlasidan. Ushbu chora-tadbirlar nafaqat yoshlar uchun, balki butun mamlakat iqtisodiyoti uchun ham muhim strategik ahamiyatga ega. Ijtimoiy himoya va sog‘liqni saqlash tizimi so‘nggi yillarda saylovchilar orasida katta qiziqish uyg‘otayotgan muhim mavzulardan biriga aylandi. Ushbu sohalarda amalga oshirilayotgan islohotlar fuqarolarning hayot sifati va farovonligini oshirishga qaratilgan bo‘lib, saylov kampaniyalarida ham dolzarb masalalar sifatida ko‘tarilmoqda. 

Mamlakatning tashqi siyosatdagi ustuvor yo‘nalishlari, qo‘shni davlatlar bilan munosabatlar, xalqaro hamkorlik va milliy xavfsizlikni ta’minlash masalalari ham partiyalar dasturlarida muhim o‘rin tutadi. Jumladan, xavfsizlikka tahdid soluvchi omillar, terrorizmga qarshi kurash, chegara xavfsizligi va mudofaa qudratini oshirish bo‘yicha takliflar ilgari surilmoqda. Partiyalar bu borada o‘z pozitsiyalarini aniq bayon etib, xalqaro maydonda mamlakat manfaatlarini himoya qilish va yangi hamkorlik aloqalarini o‘rnatish masalalariga katta e’tibor qaratmoqda. 

Parlament saylovlari mamlakatda siyosiy, iqtisodiy va ijtimoiy sohalarda muhim o‘zgarishlarga olib kelishi kutilmoqda. Saylov jarayonidagi raqobat, saylovchilar faolligi va siyosiy partiyalar taklif etayotgan dasturlar saylovning qizg‘in o‘tishini ta’minlaydi. 

Otabek Turg‘unboyev,

 Jahon iqtisodiyoti va diplomatiya 

universiteti “Xalqaro huquq” fakulteti talabasi