Saylovlar demokratik tamoyillar asosida o‘tadi
Joriy yilning 22 dekabr kuni Oliy Majlis Qonunchilik palatasi va mahalliy Kengashlarga bo‘lib o‘tadigan saylovlar yangi qabul qilingan Saylov kodeksiga muvofiq umume’tirof etilgan xalqaro standartlar, prinsiplar asosida demokratik, ochiq-oshkora tashkil etilayotgani bilan barchada katta qiziqish uyg‘otmoqda.
Joriy yilning 22 dekabr kuni Oliy Majlis Qonunchilik palatasi va mahalliy Kengashlarga bo‘lib o‘tadigan saylovlar yangi qabul qilingan Saylov kodeksiga muvofiq umume’tirof etilgan xalqaro standartlar, prinsiplar asosida demokratik, ochiq-oshkora tashkil etilayotgani bilan barchada katta qiziqish uyg‘otmoqda.
Saylov kampaniyasi e’lon qilingan ilk kunlardan mamlakatimizda bo‘lajak saylovlarning jamiyatimiz taraqqiyotidagi o‘rni, yangi qabul qilingan Saylov kodeksining mazmun-mohiyati xususida targ‘ibot tadbirlari tashkil etishga alohida e’tibor qaratildi.
Uchrashuv, davra suhbatlari va boshqa ma’naviy-ma’rifiy tadbirlar uyushtirildi. Bu jarayonda saylov qonunchiligimizda yuz bergan o‘zgarishlar, joriy yilgi saylovlarda ilk marta beshta partiya ishtirok etayotgani va partiyalarning targ‘ibot-tashviqot tadbirlari, qizg‘in bahslarga sabab bo‘layotgan debatlariga ham saylovchilar befarq munosabatda bo‘lmayotgani kuzatildi.
Bu kabi o‘zgarishlar odamlarimizning siyosiy ong va tafakkuri, madaniyati o‘sib, jamiyatda yuz berayotgan yangilanishlarga, har bir voqeaga mas’ullik hissi bilan qarayotganiga yaqqol dalildir.
Hayotimizda muhim o‘rin tutadigan siyosiy kampaniyani yuqori saviyada o‘tkazish uchun Surxondaryo viloyatida xalq deputatlari viloyat Kengashiga saylov o‘tkazuvchi saylov komissiyasi, Markaziy saylov komissiyasi xalqaro matbuot markazining viloyat bo‘limi barcha sharoitlarga ega zamonaviy binoda joylashtirilib, faoliyat yuritishi uchun zarur sharoit yaratildi. Oliy Majlis Qonunchilik palatasiga saylov o‘tkazuvchi 11 ta, xalq deputatlari viloyat Kengashiga saylov o‘tkazuvchi 60, tuman, shahar Kengashlari saylovini o‘tkazuvchi 409 saylov okrugi, 785 saylov uchastkasi tuzilib, so‘nggi yillarda barpo etilgan yoki rekonstruksiya qilingan binolarga joylashtirilib, saylovchilar va komissiya a’zolari uchun barcha qulaylik yaratildi. Zamonaviy axborot- kommunikatsiya texnologiyalari bilan jihozlanib, yashirin ovoz berish uchun kabinalar, saylov qutilari o‘rnatildi. Xorijlik, siyosiy partiyalar va o‘zini o‘zi boshqarish organlari kuzatuvchilari, ommaviy axborot vositalari vakillari uchun tegishli joylar tayyorlab qo‘yildi. Saylov uchastkalari joylashgan binolarning atrofi obodonlashtirilib, tartibga keltirildi.
Joriy yilgi saylovlarning “Yangi O‘zbekiston – yangi saylovlar” shiori ostida o‘tkazilayotganida chuqur ma’no mujassam. Zero, so‘nggi yillarda O‘zbekiston dunyo hamjamiyatiga tamomila yangi qiyofada yuz ochib, iqtisodiy-ijtimoiy, siyosiy va boshqa sohalarda tub o‘zgarishlar sodir bo‘layotir. Ochiqlik, oshkoralik keng quloch yozmoqda. Shunga mos ravishda yurtimizning olis va chekka hududlari ham yangi qiyofada bo‘y ko‘rsatib, odamlarning hayot darajasi o‘sib borayotir.
Mavridi kelganda e’tirof etish kerakki, saylov kampaniyasi davrida ijtimoiy tarmoqlarda siyosiy partiyalar va ular ilgari surgan nomzodlar haqida xilma-xil fikr va munosabat bildirilayotgani, ba’zi nomzodlar saylovoldi dasturlarining tanqid qilinayotgani ham bu yilgi kampaniyani o‘ta ochiq, oshkora o‘tkazish yuzasidan belgilab olingan chora-tadbirlarning amaldagi samarasidir.
Shu o‘rinda yana bir narsani aytish lozimki, yangi qabul qilingan Saylov kodeksida saylovchilar uchun qator yengilliklar berilgan. Jumladan, ovoz berish muddati ertalab soat 8:00 dan kechki 20:00 gacha etib belgilangan. 57-moddasida esa saylov kuni o‘z yashash manzilida bo‘lish imkoniyatiga ega bo‘lmagan saylovchilarning muddatidan oldin o‘z xohish-irodasini erkin ifoda etish huquqi mustahkamlangan. Saylovchilar uchun yaratilgan mazkur imkoniyat ham keng targ‘ib qilinib, aholiga tushuntirildi. Saylovga o‘n kun qolganda muddatidan oldin ovoz berishni o‘tkazish vaqti tegishli okrug saylov komissiyasi tomonidan belgilanib, ommaviy axborot vositalari orqali kuzatuvchilar e’tiboriga yetkazildi. Buning natijasida vohada to‘rt mingga yaqin saylovchi o‘zlari yashayotgan hududdagi saylov uchastkalariga ariza bilan murojaat etib, muddatidan avval ovoz berish imkoniyatiga ega bo‘ldi.
Siyosiy kampaniyaning ochiqlik va oshkoralik ruhida o‘tishini jahon hamjamiyati kuzatishi uchun Termiz shahri, Termiz, Muzrabot va Sariosiyo tumanlaridagi bittadan saylov uchastkasida fuqarolarning o‘z xohish-irodasini erkin bildirishi ilk marta onlayn tarzda to‘g‘ridan- to‘g‘ri namoyish etiladi. Bu yangi
lik ham yangi O‘zbekistonning jahon hamjamiyatiga demokratik huquqiy davlat va erkin fuqarolik jamiyati barpo etish yo‘lida og‘ishmay qadam tashlayotgani, ko‘p millatli xalqimizning ahil, inoq, maqsadlari mushtarak ekanini keng namoyon etadi.
Muhayyo JO‘RAEVA,
O‘zbekiston Respublikasi
Markaziy saylov komissiyasi a’zosi,
“Hunarmand” uyushmasi
Surxondaryo viloyati boshqarmasi boshlig‘i.