Русский
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Saylovlar – demokratik jamiyat poydevori
11:56 / 2024-10-15

Saylov – fuqarolarning u yoki bu nomzodni yoqlab ovoz berishi orqali davlat hokimiyati organlarini shakllantirish jarayoni hisoblanadi. Joriy yilgi saylovlar ilk bor majoritar-proporsional (aralash) tizim asosida o‘tkaziladi.

Ta’kidlash lozim, Oliy Majlis Qonunchilik palatasi va Xalq deputatlari kengashlari deputatligi uchun saylov Qomusimizda belgilab berilgan mutlaqo yangi ijtimoiy-siyosiy muhitda o‘tkazilmoqda. Ushbu muhim siyosiy jarayon demokratik huquqiy davlatning asosiy belgisi va xalq xohish-irodasining ifodasi ekan, 18 yoshga to‘lgan har bir vatandosh bu imkoniyatdan to‘liq foydalanishi, saylovda ishtirok etish orqali davlatning ertangi kunini belgilashda aniq pozitsiyasini namoyon etishi maqsadga muvofiq.  

Mamlakatimizda yaratilgan yangi saylov tizimi fuqarolarning eng muhim siyosiy huquqi to‘liq amalga oshishiga xizmat qiladi. Bu esa o‘z navbatida, fuqarolarning siyosiy faolligi yuksalib, yangi O‘zbekiston taqdiriga, o‘zi va oilasi kelajagiga daxldorlik hissi yanada ortib borayotganini namoyon etadi.  

Bu gal saylov qonunchiligiga ham muhim o‘zgarishlar kiritildi. Prezident tomonidan 2024 yilning 4 sentyabr kuni imzolangan “O‘zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga o‘zgartirishlar va qo‘shimcha kiritish to‘g‘risida” Qonun bilan saylovga oid qonun hujjatlariga ham ba’zi o‘zgartirishlar kiritildi. Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksga kiritilgan o‘zgartirishga ko‘ra, saylov komissiyasining yoki referendum o‘tkazuvchi komissiyaning a’zosi tomonidan fuqaroga bir necha marta yoki boshqa shaxslar nomidan ovoz berish uchun saylov (ovoz berish) byulletenini berganlik uchun javobgarlik belgilandi. Ushbu norma bilan bir oila a’zosi saylov uchastkasiga kelib, butun oilasi nomidan ovoz berishi kabi salbiy holatlarga barham beriladi. Konstitutsiyada belgilab qo‘yilgan “Har bir saylovchi bir ovozga ega”, degan talab ijrosi ta’minlanadi.  

Alohida ta’kidlash zarurki, “E-saylov” axborot tizimining joriy etilishi oldinga katta siljish bo‘lib, saylov jarayonini zamonaviylashtirishga xizmat qiladi. Hozirgi vaqtda axborot tizimi orqali saylov jarayonlariga oid deyarli 60 turdagi munosabatlar to‘liq raqamlashtirilgan. Mazkur axborot tizimi inson omilisiz saylov jarayoni ishtirokchilari o‘rtasidagi munosabatlarni to‘liq raqamlashtirish, saylov tartibotlaridagi byurokratiya, ortiqcha vaqt sarfi va hujjatlar harakatini qisqartirish, manfaatlar to‘qnashuvining oldini olish, saylovlarga oid ma’lumotlarning yanada ochiqligini ta’minlaydi.  

Tahlillarga ko‘ra, mazkur tizimda 400 mingga yaqin saylov jarayoni ishtirokchilari, jumladan, saylov komissiyalari a’zolari, deputatlikka nomzodlar, kuzatuvchilarga oid ma’lumotlar bazasi shakllanadi. Axborot tizimidan saylov jarayonining 32 ming nafar ishtirokchisi professional tarzda foydalanadi. Foydalanuvchilar bilan 40 turdagi SMS-xabarnomalar orqali muloqot o‘rnatiladi.  

Yana bir yangilik, siyosiy partiyalar sun’iy intellekt texnologiyalaridan foydalangan holda tashviqot materiallarini tayyorlashlariga ruxsat etilganidir. Markaziy saylov komissiyasining qaroriga ko‘ra, siyosiy partiyalar va nomzodlar sun’iy intellektdan foydalangan holda tayyorlangan har qanday tashviqot materiallarida bu haqda ma’lumot ko‘rsatishlari shart. Shuningdek, har qanday shaxsning tasviri va ovozidan foydalanishda uning roziligi talab qilinadi.  

Xulosa qilib aytganda, O‘zbekistonda saylov qonunchiligi hamda saylovlarni o‘tkazish borasida demokratik tamoyillarni o‘zida aks ettirgan samarali tizim yaratildi. Saylov jarayonining xalqaro huquq normalariga mos holda, oshkoralik, ko‘ppartiyaviylik, erkinlik, tenglik tamoyillariga muvofiq ravishda bo‘lib o‘tishi demokratik jarayonlarning natijasini belgilab beradi.  

Manzura Rustamova,  

Demokratik jarayonlarni tahlil qilish markazi  

Toshkent viloyati hududiy bo‘linmasi yetakchi mutaxassisi.  

O‘zA.