Oʻzbek
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Saylovga tayyorgarlik davom etmoqda
16:37 / 2023-06-06

Muddatidan ilgari O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti saylovini o‘tkazuvchi 5-Navoiy okrug saylov komissiyasi raisi Nazira Tog‘ayeva ishtirokida ommaviy axborot vositalari uchun brifing o‘tkazildi.

Unda muddatidan ilgari O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti sayloviga tayyorgarlik ko‘rish va uni o‘tkazish kalendar rejasi bo‘yicha olib borilayotgan ishlar haqida so‘z yuritildi.  

Ta’kidlanganidek, saylov okrugi hududidagi 3  shahar va 8  tuman hokimlarining hamda harbiy qism komandirlarining saylov uchastkalarini tuzish haqidagi taqdimnomalarga asosan 413 saylov uchastkasini tuzish bo‘yicha okrug komissiyasining qarori qabul qilindi.  

– Binolarning uchastka komissiyasi faoliyatini olib borishi, ayniqsa, ovoz beruvchilar uchun har tomonlama qulay bo‘lgan manzillarda joylashishiga alohida e’tibor qaratildi, – dedi N.Tog‘ayeva. – Saylov uchastkalarining 283 tasi maktab, qolgan uchastkalar mahalla guzarlari, harbiy qismlar, shifoxonalar, davlatga qarashli korxona-tashkilotlar, madaniyat va sport markazlari, adliya va davlat xizmatlari markazlari binolarida joylashgan. Saylov okrugi kalendar rejasiga asosan, uchastka komissiyalari raisi, o‘rinbosari, kotibi va a’zoligiga nomzodlarni tanlash masalalari saylov qonunchiligiga to‘liq amal qilingan holda olib borildi. Komissiya tarkibida yoshlar, nogironligi bo‘lgan shaxslar bo‘lishi va gender tenglik masalasiga alohida e’tibor qaratildi.  

Saylov o‘tkazuvchi uchastka komissiyalarining 3664 kishidan iborat a’zolari, jumladan, uchastka komissiyasi raisi, rais o‘rinbosari va komissiya kotibi Xalq deputatlari tuman va shahar Kengashlari tomonidan tasdiqlanib, Okrug saylov komissiyasining qarori qabul qilindi. A’zolarning 85 foizini saylov va referendumga tayyorgarlik ko‘rish va uni o‘tkazish borasida ish tajribaga ega, 78 foizini oliy ma’lumotli, 52,2 foizini xotin-qizlar, 18 foizini 30 yoshgacha bo‘lgan yoshlar va 4 foizini nogironligi bo‘lgan shaxslar tashkil qiladi.  

Brifingda uchastka saylov komissiyalari raisi, rais o‘rinbosari va kotiblarining malakasini oshirish, saylov qonunchiligi, ovoz berish jarayonlarida zamonaviy texnologiyalarni qo‘llash bo‘yicha nazariy va amaliy bilim ko‘nikmalarini oshirish bo‘yicha o‘quv-amaliyot mashg‘ulotlari barcha saylov uchastkalarida olib borilayotgani ma’lum qilindi.  

A.Bo‘riyev, O‘zA