Chinese
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Saylovga puxta tayyorgarlik ko‘rilmoqda
11:32 / 2021-07-24

Tadbirkorlar va ishbilarmonlar harakati – O‘zbekiston Liberal-demokratik partiyasi siyosiy kengashi ijroiya qo‘mitasining kengaytirilgan yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi. Onlayn va offlayn tarzda bo‘lib o‘tgan majlisda ijroiya qo‘mita a’zolari, partiya tuzilmalari mas’ul xodimlari, deputatlar, faollar va ommaviy axborot vositalari xodimlari qatnashdi.

Ma’lumki, Markaziy saylov komissiyasi 2021 yil 23 iyuldan e’tiboran O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti saylovi kampaniyasi boshlanganini e’lon qildi. 

Tadbirda ishtirokchilar tomonidan partiyaning saylov kampaniyasida muvaffaqiyatli ishtirok etishi bilan bog‘liq masalalar atroflicha muhokama qilindi.  

Partiya siyosiy kengashi ijroiya qo‘mitasi raisi Aktam Xaitov mamlakatimiz siyosiy maydonida o‘z o‘rni va mavqeiga ega, yetakchi partiyalardan biri bo‘lgan O’zLiDeP saylovda o‘z nufuziga munosib tarzda ishtirok etishi lozimligi, ushbu jarayonga partiya barcha imkoniyatlarini safarbar etishi shart ekanligi borasida to‘xtalib o‘tdi.  

Yig‘ilishda partiya tomonidan ko‘rsatiladigan nomzod masalasi bo‘yicha siyosiy kengashning VI majlisi avgust oyining birinchi dekadasida Toshkent shahrida o‘tkazilishi ma’lum qilinib, saylov kampaniyasi davrida bajarilishi zarur bo‘lgan ishlar, chora-tadbirlar belgilab olindi.  

Ta’kidlanganidek, partiya Markaziy saylov komissiyasining O‘zbekiston Respublikasi Prezidentligiga bo‘lib o‘tadigan saylovga tayyorgarlik ko‘rish va uni o‘tkazish bo‘yicha e’lon qilingan tadbirlar rejasi doirasidagi barcha tadbirlarning yuqori saviyada, saylov qonunchiligining asosiy prinsip hamda talablariga mos ravishda o‘tishini ta’minlashga o‘z hissasini qo‘shadi. Shuningdek, markaziy, hududiy, tuman va shahar saylovoldi shtablari faoliyati samarali tashkil etilishiga jiddiy e’tibor qaratiladi. Saylovoldi shtablarini tuzish, faoliyatini samarali yo‘lga qo‘yish juda muhim.  

Yig‘ilishda markaziy shtabning asosiy vazifalari belgilab olindi.  

– O’zLiDeP bu yilgi saylovda mutlaqo yangi imij, yangicha yondashuvlar bilan ishtirok etadi, – dedi partiya axborot xizmati rahbari Elmurod Panjiyev. – Partiyamiz birinchilardan bo‘lib rebrendingni amalga oshirib, yangi logotipni tasdiqladi. Yangi ramz partiya islohotlarining yangi bosqichida o‘z oldiga qo‘yayotgan ulkan maqsadlarni o‘zida to‘la aks ettira oladigan logotip sifatida gavdalanishi zarur. Keng jamoatchilik ushbu ramz orqali O’zLiDeP bugungi kunda o‘z oldiga qo‘ygan maqsadlarni, amalga oshirayotgan ishlarini anglashi lozim. 

Hozirda O’zLiDeP caylovoldi kampaniyasining mafkuraviy, axborot-tahliliy va PR ta’minoti hamda OAV bilan ishlashni muvofiqlashtirish, nomzodning ko‘rgazmali targ‘ibot vositalarini ishlab chiqish, O’zLiDePning saylovoldi kampaniyasi faoliyatini tashkillashtirish va muvofiqlashtirish, saylov komissiyalari bilan ishlash, siyosiy kengash yig‘ilishlari va partiya s’ezdini o‘tkazishga tayyorgarlik ko‘ryapmiz.  

Yig‘ilishda shuningdek, O‘zbekiston Respublikasi davlat mustaqilligining 30 yilligini munosib nishonlash, “Yangi O‘zbekistonda erkin va farovon yashaylik!” shiori ostida mazmunli tadbirlar tashkil etish partiya zimmasidagi asosiy vazifalardan biri ekaniga alohida e’tibor qaratildi.  

Gulnoza Boboyeva, O‘zA