Oliy Majlis Qonunchilik palatasining navbatdagi majlisida “O‘zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga saylov va referendum o‘tkazish tartibini yanada takomillashtirishga qaratilgan o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida”gi Konstitutsiyaviy qonun loyihasi ikkinchi o‘qishda moddama-modda ko‘rib chiqilmoqda.
Mazkur muhim qonun loyihasi bo‘yicha qator savollar o‘rtaga tashlandi. Xususan, deputatlar ushbu qonun loyihasiga nega Konstitutsiyaviy qonun maqomi berilayotgani bilan qiziqdilar.
— Ushbu qonun loyihasi yurtimizda amalga oshirilgan Konstitutsiyaviy islohotlar bilan bog‘liq, — dedi deputat Jahongir Shirinov. — Ya’ni, yangi tahrirdagi Konstitutsiyamizni takomillashtirish davomida bu masalani Bosh qomusimizga norma sifatida kiritmoqchi bo‘lgan edik. Ammo alohida qonun sifatida qabul qilishga kelishgandik. Loyihadagi saylovga oid o‘zgarishlar mamlakat siyosiy hayotidagi katta tizimli islohotdir. Bundan tashqari, mazkur qonun loyihasi bilan o‘zgartirish kiritilayotgan qonunlarning 2 tasi ham Konstitutsiyaviy qonun hisoblanadi. Bu esa ushbu qonunni Konstitutsiyaviy qonun deb atashga asos bo‘ladi.
M.Komilova, O‘zA