Chinese
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Saylovga oid nizolarning ma’muriy sudlarda ko‘rib chiqilish tartibi qanday?
12:37 / 2021-09-29

Ayni kunlarda mamlakatimizda muhim siyosiy tadbir – O‘zbekiston Respublikasi Prezidentligiga saylov o‘tkazilishiga qizg‘in tayyorgarlik ko‘rilmoqda. Bu jarayon Respublikamiz va barcha fuqarolarimiz uchun muhim jarayon hisoblanadi.

O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasining 117-moddasiga ko‘ra, saylovlar umumiy, teng va to‘g‘ridan-to‘g‘ri saylov huquqi asosida yashirin ovoz berish yo‘li bilan o‘tkazilishi va O‘zbekiston Respublikasining o‘n sakkiz yoshga to‘lgan fuqarolari saylash huquqiga ega ekanligi belgilab qo‘yilganligi sababli O‘zbekiston Respublikasining o‘n sakkiz yoshga to‘lgan fuqarolari ushbu huquqdan bevosita foydalanish huquqiga egadirlar.

Amaldagi Saylov kodeksida saylov komissiyasi qaroridan norozi bo‘lib sudga shikoyat bilan murojaat qilish huquqi belgilab qo‘yilgan, ya’ni, har bir manfaatdor shaxsga saylov komissiyalari qarorlari va ularning xatti-harakatlari ustidan shikoyat qilishning sud tartibi ta’minlanadi.

Saylov komissiyalarining qonun hujjatlariga muvofiq bo‘lmagan, saylov ishtirokchilarining huquqlari va qonun bilan qo‘riqlanadigan manfaatlarini buzadigan mansabdor shaxslarining harakatlari yoki qarori shikoyat qilish predmeti bo‘lishi mumkin.

Shuningdek, saylov bilan bog‘liq ishlarning taalluqliligi bo‘yicha, O‘zbekiston Respublikasi Ma’muriy sud ishlarini yuritish to‘g‘risidagi kodeksiga muvofiq saylov komissiyasining xatti-harakatlari (qarori) ustidan berilgan shikoyatlar tumanlararo ma’muriy sudlari tomonidan, O‘zbekiston Respublikasi Markaziy saylov komissiyasining xatti-harakatlari (qarorlari) ustidan berilgan shikoyatlar esa Markaziy saylov komissiyasi eng yuqori instansiya hisoblanganligi va ular tomonidan qabul qilingan qarorning qonuniyligiga baho beruvchi yuqori saylov komissiyasi yo‘qligi sababli to‘g‘ridan to‘g‘ri O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudi tomonidan ko‘rib chiqiladi. Saylov komissiyalari qarorlari ustidan shikoyatlar qoida tariqasida javobgar joylashgan joydagi ma’muriy sudlarga beriladi.

Ushbu toifadagi ishlarning o‘ziga xos xususiyatlaridan biri bu – ishlarni ko‘rishda saylov to‘g‘risidagi qonun hujjatlarida belgilangan sudlarga shikoyat bilan murojaat qilish muddati qat’iy bo‘lib, uni tiklash qonun hujjatlarida nazarda tutilmagan.

Shunga ko‘ra, mazkur toifadagi munosabatlarni tartibga soluvchi qonun hujjatlarida belgilangan sudga shikoyat bilan murojaat qilish muddatining o‘tganligi bildirilgan talabni rad etish uchun asos bo‘ladi.

Fuqarolarning saylovga oid buzilgan huquqlarini qisqa muddatlarda tiklash orqali ularning saylovda O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi bilan kafolatlangan huquqlaridan erkin foydalanishini ta’minlash maqsadida qonun hujjatlarida ushbu toifadagi shikoyatlarni ko‘rib chiqish uchun eng qisqa muddatlar belgilangan bo‘lib, amaldagi qonunchiligimizda saylov komissiyasining xatti-harakatlari (qarorlari) ustidan berilgan shikoyat sud tomonidan shikoyat berilgan kundan e’tiboran uch kundan kechiktirmay ko‘rib chiqilishi, agar saylovga olti kundan kam vaqt qolgan bo‘lsa, darhol ko‘rib chiqilishi lozimligi to‘g‘risida norma belgilangan. Saylov to‘g‘risidagi qonun hujjatlarida belgilangan mazkur protsessual muddatlar ishni ko‘rayotgan sudlar uchun qat’iy bo‘lib, ushbu muddatlarning uzaytirilishiga yo‘l qo‘yilmaydi. Bu esa fuqarolarning buzilgan huquqlarini tezroklik bilan ta’minlanishiga zamin yaratadi.

Amaldagi qonunchiligimizda saylov to‘g‘risidagi qonun hujjatlarida saylovga olti kundan kam vaqt qolgan bo‘lsa, shikoyat darhol ko‘rib chiqilishi shartligi haqidagi qat’iy norma o‘rnatilganligi sababli, ushbu toifadagi ish bo‘yicha shikoyat kelib tushganda u devonxona orqali darhol ro‘yxatdan o‘tkazilib, sudyaning ish yurituviga topshirilishi lozim. Shikoyatni darhol ko‘rib chiqish deganda, shikoyat sudga kelib tushgan kunning o‘zidayoq mazmunan ko‘rilishi tushuniladi.

Ariza sud tomonidan shikoyat bergan shaxsni va tegishli saylov komissiyasining vakilini, shuningdek prokurorni ham chaqirtirilgan holda ko‘rib chiqiladi. Ishni ko‘rish vaqti va joyi to‘g‘risida belgilangan tartibda xabardor qilingan shaxslarning kelmasligi ishni ko‘rib chiqishga to‘sqinlik qilmaydi.

O‘zbekiston Respublikasi Ma’muriy sud ishlarini yuritish to‘g‘risidagi kodeksi 67-moddasiga muvofiq, ma’muriy organlarning nizolashilayotgan hujjatlarining, fuqarolar o‘zini o‘zi boshqarish organlari qarorlarining, ular mansabdor shaxslari harakatlarining (harakatsizligining) qonuniyligini isbotlash majburiyati tegishli organlar va mansabdor shaxslar zimmasiga yuklatilishi belgilab qo‘yilgan bo‘lib, saylov komissiyasining qarorlarini haqiqiy emas deb topish to‘g‘risidagi ishlar ko‘rilganda, ushbu qarorlarning qabul qilinishiga asos bo‘lgan holatlarni isbotlash majburiyati ularni qabul qilgan saylov komissiyasi zimmasiga yuklatiladi.

Shikoyatni ko‘rib chiqish natijalari bo‘yicha sud shikoyatning asosliligini aniqlasa, saylov komissiyasining qarorini haqiqiy emas deb topadi, uning xatti-harakatlarini qonunga xilof deb topadi va saylov komissiyasiga arizachining talabini qanoatlantirish majburiyatini yuklaydi yoki uning buzilgan huquqlari va erkinliklarini o‘zgacha yo‘l bilan tiklaydi. Ishni ko‘rish natijalari bo‘yicha qabul qilingan sud hujjati chiqarilishi bilanoq darhol tegishli saylov komissiyasiga va shikoyat bergan shaxsga topshiriladi (yuboriladi).

O‘zbekiston Respublikasi Ma’muriy sud ishlarini yuritish to‘g‘risidagi kodeksi 167-moddasi muvofiq saylov komissiyalarining xatti-harakatlari (qarorlari) yuzasidan nizolashish to‘g‘risidagi ishlarga doir hal qiluv qarorlari darhol ijro etiladi.

Akram Yusupov,
Toshkent shahar ma’muriy sudi sudyasi